Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2025   |   26 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:06
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2025, 26 Jumadul avval, 1447
Maqolalar

Idda tugamasdan turmush qurish

29.10.2024   20832   2 min.
Idda tugamasdan turmush qurish

Cavol: Ayol kishining eri vafot etsa yoki taloq qilsa idda o‘tirishini bilamiz. Ko‘pchilik buni homiladorlikni aniqlash uchun joriy etilgan deb tushunadi. Shuning uchun bugungi kunda ba’zi ayollar UZI apparatiga tushganda homiladorlik aniqlanmasa, yangi turmush qurib ketmoqdalar. Shar’iy jihatdan idda tugamasidan qilingan ushbu nikohlari durust bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimiz eri vafot etgan ayol uchun to‘rt oyu o‘n kun idda o‘tirishni belgilagan. Agar u homilador bo‘lsa, bola tug‘ishi bilan iddasi tugaydi. Burhoniddin Marg‘iloniy rahmatullohi alayh “Hidoya” kitobida quyidagilarni aytadi: “Agar ayol homilador bo‘lsa uning iddasi homilasini tuqqunichadir. Chunki Alloh taolo: “Homilador ayollarning idda muddati homilalarini tuqqunlarigachadir”, degan (Taloq surasi 4-oyat)”. Eri vafot etganda ozod ayolning iddasi to‘rt oy va o‘n kundir. Chunki Alloh taolo: “Sizlardan vafot etib, xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar, (beva xotinlari) to‘rt oyu o‘n kun o‘zlarini kuzatib (idda saqlab) o‘tiradilar”, - degan (Baqara surasi 234-oyat)”.

Biroq, homilador bo‘lmasa, aytilganidek, uning iddasi to‘rt oy va o‘n kundir. Idda chiqmasidan turmush qurishi mutlaqo joiz emas va u shar’iy jihatdan haqiqiy nikoh hisoblanmaydi. Chunki, idda o‘tirishning sababi faqatgina homilani aniqlash emas. Balki, ortda qolgan nikohning va ushbu nikohda jufti halol bo‘lgan erning ehtiromi uchun ham ayol idda o‘tiradi. Shuning uchun erlari vafot etgan muslima ayollar, agar homilador bo‘lsalar bolani tug‘maguncha, homilador bo‘lmasalar, erlarining vafotidan to‘rt oyu o‘n kun o‘tmaguncha boshqaga turmushga chiqishlari joiz emas. Shuningdek, erlari taloq qilgan ayollarning ham, agar homilador bo‘lsalar bolani tug‘magunlaricha, homilador bo‘lmasalar to‘liq uch hayz ko‘rmagunlaricha iddalari tugamaydi. Hayz ko‘rmaydigan ayollar esa uch oy idda o‘tiradilar.  Ushbu muddat ichida ularning boshqa nikoh qurishlari joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Mavzuga oid maqola:
Idda saqlamaslik saratonga sabab bo‘ladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonlari topshirildi

15.11.2025   3972   1 min.

"16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan joriy yilning 14 noyabr kuni bir guruh diniy soha xodimlari "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari qatnashdi. 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.

Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlardan Islomiddin Zuhriddinov, Salohiddin Sherxonov, Muzaffar Kamolov, Ibrohimjon Inomov, Dilfuza Egamova, Ergashali Rustamov, Jahongir Ne’matov, Ergashvoy Hamidov, Sanobar Muhammadxodjayeva, Shoira Umarova, mehnat faxriylari Jaloliddin Nuriddinov, Mahmudjon Ibodullayev, xattot Habibulloh Solih ana shunday e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lishdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani, mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilgani diniy sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekani ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25-sentabrdagi "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘krak-nishoni bilan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, fuqarolar e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari