Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yusuf alayhissalom Misrga podshoh bo‘lganlaridan keyin bir kuni qasrdan ko‘chaga qarab tursalar, juldur kiyimdagi notavon bir yigitga ko‘zlari tushdi. Uning holatiga rahmlari kelib, qalblari ezildi.
Shu onda Jabroil alayhissalom kelib: – Ey Yusuf, siz bu yigitni tanidingizmi? – deb so‘radilar.
Yusuf alayhissalom: – Yo‘q, – dedilar.
Jabroil alayhissalom: – Eslaysizmi, Misr azizining xotini sizni ortingizdan quvib kiyimingizni orqadan yirtib yuborganda, Misr aziziga guvohlik uchun beshikda yotgan emizikli bolani olib kelishgan va u go‘dak sizni beayb ekaningizga guvohlik bergan edi. Shu go‘dakning gapiga ko‘ra Aziz sizni kechirgan edi.
Yusuf alayhissalom: – Ha, albatta eslayman, – dedilar.
Jabroil alayhissalom: – O‘sha go‘dak mana shu yigit bo‘ladi, – dedilar.
Yusuf alayhissalom yigitni huzurlariga chaqirtirib keldilar va unga juda katta iltifot ko‘rsatdilar, egniga yangi liboslar kiydirdilar.
Buni kuzatib turgan Jabroil alayhissalom tabassum qildilar.
Jabroilning tabassum qilganini ko‘rgan Yusuf alayhissalom: – Ey Jabroil, nega tabassum qilyapsiz? Men uning haqidan ozroq narsa berdimmi? – deb so‘radilar.
Jabroil alayhissalom: – Yo‘q. Mening tabassum qilishimning boisi, Siz uning bir martagina guvohlik bergani uchun shuncha izzat-ikrom ko‘rsatdingiz. Alloh taolo Undan boshqa iloh yo‘q ekaniga bir kunda bir necha marta shahodat kalimasini aytib guvohlik beradigan bandasiga qancha izzat-ikrom ko‘rsatishini o‘ylab tabassum qildim, – dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
Bugun, 26 may Madinai Munavvaradagi Masjidu Nabaviyda janoza namozi o‘qilib, "Baqi’" qabristoniga dafn etilgan marhum ustoz Rabbimqul domla Muhammadiyevning xonadonlariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, shayx, mufti Nuriddin Xoliqnazar haziratlarining ta’ziyalarini yetkazish uchun Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda shahar imom-xatiblari tashrif buyurdilar. Ular marhumnmng yaqinlariga hamdardlik bildirib ustoz Rabbimqul domlaning din yo‘lida qilgan xizmatlarini, ezgu amallari va fazilatlarini eslab o‘tdilar.
Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, marhum ustoz haqlariga bag‘ishlandi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati