Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Rasululloh ﷺning qalblariga taskinlik bergan oyat

28.11.2024   4569   4 min.
Rasululloh ﷺning qalblariga taskinlik bergan oyat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sizni kimdir xafa qilganida yoki nimadandir mahzun bo‘lganingizda yo yolg‘izlanib qolganingizda hech yig‘laganmisiz?

Boshingizga og‘ir sinov tushganda, g‘amga botganingizda, oilangiz notinch yoki farzandlaringiz bilan bog‘liq muammo bo‘lganda qanday qilib muammodan chiqishni bilmay qolganmisiz?

Bunday vaziyatdan qutulish uchun nima qilgansiz?


Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir o‘zlari yakka holda o‘tirib, yig‘lar edilar. U zot alayhissalom og‘ir vaziyatga go‘yoki chorasiz bir holatga tushib qolgandek o‘zlarini his qilardilar. Shu payt Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi:

﴿وَلَقَدْ نَعْلَمُ أَنَّكَ يَضِيقُ صَدْرُكَ بِمَا يَقُولُونَ فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَكُنْ مِنَ السَّاجِدِينَ وَاعْبُدْ رَبَّكَ حَتَّى يَأْتِيَكَ الْيَقِينُ﴾

“Albatta, Biz ularning aytayotganlaridan sening diling siqilishini yaxshi bilurmiz. Bas, Robbing hamdi ila tasbih ayt va sajda qilguvchilardan bo‘l. Va senga aniq narsa (o‘lim) kelgunicha Robbingga ibodat qil” (Hijr surasi, 97-99-oyatlar).

Ushbu oyatda Alloh taolo: “Ey Muhammad alayhissalom mushriklarning masxara qilayotganlari, keltirayotgan shirklari sizning qalbingizni mahzun etayotganini bilib, ko‘rib turibman”, deb aytmoqda.

Alloh taolo oyatning davomida O‘z Rasuliga ozor berayotgan narsalardan qutulish yo‘lini o‘rgatdi, bu oyat Nabiy alayhissalomning qalblariga taskinlik berdi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bir muddat vahiy tushmay qoldi, u zot sollallohu alayhi vasallam mahzun bo‘ldilar. Mushriklar “Muhammadning Robbisi unga g‘azab qildi, uni tark etdi”, deb gap tarqatdilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi:

“Choshgoh bilan qasam. Sukunatga cho‘mgan tun bilan qasam. Robbing seni tark qilgani yo‘q, senga g‘azab ham qilgani yo‘q” (Zuho surasi, 1-3-oyatlar).

Alloh taolo zuho va tun bilan qasam ichib “O‘z Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga g‘azab qilmaganini va u zotni tark etmaganini ham” ma’lum qildi.

Ha, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamisha O‘zi nusrat bergan, doimo har qanday qiyinchiliklardan chiqish yo‘lini ko‘rsatgan, aslo o‘z hollariga tashlab qo‘ymagan. Bu oyatlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarida umid uchqunlarini paydo qildi.

Umid sababli ezilgan, qayg‘uga botgan qalb shifo topa boshlaydi. Demak, musibatga uchragan banda bilishi kerak bo‘lgan narsalarning eng birinchisi shuki – Robbimiz bizni hech qachon tark etmaydi, o‘z holimizga ham tashlab qo‘ymaydi. U doimo biz bilan birga.

Alloh taolo Zuho surasining davomida bunday marhamat qildi:

“Va albatta oxirat sen uchun bu dunyodan yaxshidir” (Zuho surasi, 4-oyat).

Bu oyat har bir mo‘min banda uchun Qodir Allohdan buyuk in’omdir.

Bu oyat qalbdagi so‘ngan umidni uyg‘otadi.

Bu oyatda Alloh taolo: “Ey bandam, bu dunyoda senga yetgan har qanday og‘ir musibat, sinov ham, seni tashvishga solayotgan bu qiyinchiliklar ham o‘tkinchi, har qanday albatta muammo hal bo‘ladi. Lekin oxirat va undagi mukofotlar bu dunyodan yaxshidir”, deb marhamat qilmoqda. Unutmang! Bir qiyinchilikning ortidan albatta ikki yengillik keladi.

Alloh taolo oyatning davomida yana bunday marhamat qiladi:

“Va tezda Robbing senga ato qilur va sen rozi bo‘lursan” (Zuho surasi, 5-oyat).

Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratda ham shu qadar ko‘p ne’matlarini beradiki banda ulardan rozi bo‘ladi. Shikoyatga ham, yana qo‘shimchaga ham aslo o‘rin qolmaydi. Chunki Robbingiz sizga tayyorlab qo‘ygan narsalar siz uchun faqat yaxshilik va xursandchilik bo‘ladi.

Shunday ekan, biror musibatga uchrasangiz aslo mahzun bo‘lmang, g‘amga botmang! Alloh taolodan yaxshiliklarni umid qiling. Alloh taoloning sizga beradigan juda ko‘p mukofotlari bor. Ularni ko‘rganingizda benihoya baxtiyor bo‘lasiz...

“U seni yetim topib joylab qo‘ymadimi?”
“Va U seni hayron holda topib, hidoyatga boshlamadimi?”
“Va U seni kambag‘al holda topib, boy qilmadimi?”
“Ammo yetimga qahr qilmagin”.
“Va ammo «soil»ga zajr qilma”.
“Va ammo Robbingning bergan ne’mati haqida so‘zla”
(Zuho surasi, 6-11-oyatlar).

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Kuchli shamol bo‘lganda o‘qiladigan duo

17.05.2025   6851   1 min.
Kuchli shamol bo‘lganda o‘qiladigan duo

Oisha onamiz roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Agar qattiq shamol bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَهَا وَخَيْرَ مَا فِيهَا وَخَيْرَ مَا أرْسِلَتْ بِهِ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهَا وَشَرِّ مَا فِيهَا وَشَرِّ مَا أرْسِلَتْ بِهِ

"Allohumma inniy asaluka xoyroha va xoyro ma fiyha va xoyro ma ursilat bihi va a’uzu bika min sharriha va sharri ma fiyha va sharri ma ursilat bihi", deb aytar edilar".

Robbim, Sendan uning yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning yaxshisini so‘rayman. Robbim, Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman.