Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey bandalarim, tun-u kun gunoh ish qilsangiz ham Men barcha gunohlarni kechirib yuboraman. Mendan mag‘firat so‘rang, mag‘firat qilaman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Alloh taolo Hadisi qudsiyda bunday marhamat qilgan: "Izzatim va Jalolimga qasamki, Agar bandam tunda tavba qilsa qabul qilaman, kunduzi tavba qilsa ham qabul qilaman. Agar bandam Men tomon bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir ziro’ yaqinlashman. Agar bandam Men tomon bir ziro’ yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman. Bandam men tomonga yurib kelsa, Men unga yugurib boraman. Istig‘for aytsa, kechiraman. Ayblarini berkitishimni istasa, yashiraman. Tavba qilsa, tavbasini qabul qilaman. Kim Men uchun bir narsani tark etsa, uning evaziga undan afzalini beraman. Kim Mening kuch-qudratim bilan harakat qilsa, unga temirni ham yushmoq qilib qo‘yaman. Agar Men istagan narsani istasa, Men ham u istagan narsani istayman. Meni zikr qiluvchilar Men yaxshi ko‘rganlarimdir. Menga shukr qiluvchilar Men ularga ziyoda qilib beruvchilarimdir. Menga itoatsizlik qilganlarni ham Rahmatimdan noumid qo‘ymayman. Agar tavba qilsalar, Men ularning Habibidirman. Agar tavba qilmasalar, Men ularning Tabibidirman. Men tavba qiluvchilarni, doimo poklanib yuruvchilarni yaxshi ko‘raman. Ularni gunoh va ma’siyatlardan poklash uchun musibatlar bilan sinayman. Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar yoki undan ham ziyoda qilib yaxshiliklar beraman. Bordi-yu kim bir gunoh ish qilsa, o‘sha yomon ishi uchun bir jazo beraman yoki kechib yuboraman. Bandalarimga onaning farzandiga bo‘lgan mehr-shafqatidan ham ko‘ra mehribonroqman".
Yurak urib turar, hayot davom etar ekan tavba qilishga shoshilaylik.
Tavba – Allohning rahmatidir. Alloh O‘ziga istig‘for etishga amr qilibdiki, demak albatta, bizni mag‘firat etadi.
Duolarimizni qabul etadi, shuning uchun O‘ziga duo qilishga buyurgan.Bandam huzurimga Yer yuzini gunohga to‘ldirib kelsa ham uning gunohlarini kechib yuboraman.
Davron NURMUHAMMAD