Bugun, 27 fevral kuni Xiva shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yurtimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur Kengash 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oxirgi yillarda uning faoliyati yanada takomillashdi. Xususan, 2018 yilga kelib, muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Kengash tarkibiga barcha diniy konfessiyalar vakillari kiritilib, Kengash a’zolarining umumiy soni 17 nafarga yetdi. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda Kengashning yig‘ilishlari Respublikaning turli hududlarida sayyor shaklda o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi.
Bu galgi sayyor yig‘ilish yangicha format va rakursda tashkil etilgani diqqatga sazovor. Bu yildan e’tiboran Kengash a’zolaridan tashqari Respublika parlamenti, turli vazirlik va idoralar hamda tashkilot vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Kengash respublika hududida faoliyat olib borayotgan barcha diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi maslahat organidir. Uning faoliyati dinlararo muloqotning rivojlanishi, yuzaga keladigan masala va muammolarni hamjihatlikda hal etishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Samarqand viloyatida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida voleybol, shaxmat-shashka hamda stol tennisi bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov, Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat hokimi o‘rinbosari B. Karimov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Qizg‘in, biroq o‘zaro hurmat va axloq qoidalariga rioya qilingan holda o‘tgan bahslar yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar quyidagicha aniqlandi:
Voleybol bo‘yicha:
1-o‘rin — Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi
2-o‘rin — Payariq tumani jamoasi
3-o‘rin — Bulung‘ur tumani jamoasi
Shaxmat bo‘yicha:
1-o‘rin — Doniyev Qulmurod (Paxtachi tumani “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi imom-noibi)
2-o‘rin — Elmurodov Muzrob (Narpay tumani “Xo‘ja Qo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi)
3-o‘rin — Maxmatoirov Bahrullo (Urgut tumani “Hoji O‘rinboy” jome masjidi imom-xatibi)
Stol tennisi bo‘yicha:
1-o‘rin — Matlabov Muhammad Bobur (Urgut tumani “Ispanza” jome masjidi imom-noibi)
2-o‘rin — Abrorov Jahongirxon (Samarqand shahar “Xo‘ja Safoyi Valiy” jome masjidi imom-noibi)
3-o‘rin — Xodixonov Kamoliddin (Qo‘shrabot tumani “Ne’matulla xo‘ja” jome masjidi imom-xatibi)
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu tadbir diniy xodimlar o‘rtasida nafaqat jismoniy baquvvatlikni, balki sabr, intizom, birodarlik va o‘zaro hurmat kabi islomiy fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Sammuslim.uz