Bugun, 27 fevral kuni Xiva shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yurtimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur Kengash 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oxirgi yillarda uning faoliyati yanada takomillashdi. Xususan, 2018 yilga kelib, muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Kengash tarkibiga barcha diniy konfessiyalar vakillari kiritilib, Kengash a’zolarining umumiy soni 17 nafarga yetdi. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda Kengashning yig‘ilishlari Respublikaning turli hududlarida sayyor shaklda o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi.
Bu galgi sayyor yig‘ilish yangicha format va rakursda tashkil etilgani diqqatga sazovor. Bu yildan e’tiboran Kengash a’zolaridan tashqari Respublika parlamenti, turli vazirlik va idoralar hamda tashkilot vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Kengash respublika hududida faoliyat olib borayotgan barcha diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi maslahat organidir. Uning faoliyati dinlararo muloqotning rivojlanishi, yuzaga keladigan masala va muammolarni hamjihatlikda hal etishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Xushxabar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kengashi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahridagi Novza jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov «Ijtimoiy-ma’naviy tarbiya nazariyasi» ixtisosligi bo‘yicha faxriy professor ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.
Ustozning dinimiz sof ta’limotini targ‘ib etish, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash hamda ilmiy-ma’rifiy faoliyatdagi ko‘p yillik xizmatlari yuksak e’tirof etildi.
Alloh taolo Jaloliddin domlaga ushbu unvonni muborak aylab, ilmiy va ma’rifiy ishlarida baraka, sog‘lik va muvaffaqiyat ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati