Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446
Maqolalar

INSONNING ISHI YURISHMASLIGINI eng KATTA 33 ta SABABI

17.03.2025   11802   5 min.
INSONNING ISHI YURISHMASLIGINI eng KATTA 33 ta SABABI

INSONNING ISHI YURISHMASLIGINI

eng KATTA 33 ta SABABIni

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI

 

  1. «Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik!» (Ahqof surasi 46/15 oyat);
  2. «Biz insonga ota-onasini rozi qilishni buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan qornida ko‘tarib yurdi. Uni ko‘krakdan ajratish muddati ikki yilda bitar. Biz insonga buyurdikki Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir» (Luqmon surasi 31/14 oyat);
  3. «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Ey, inson! Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga doimo yoqimli so‘z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va duoda ayt: “Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”» (Isro surasi 17/23-24);
  4. «Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir» (Baqara surasi 2/215 oyat).

 

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

  • Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:
  • mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
  • Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;
  • ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan;
  • Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi”;
  • Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi xursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin!” (Imom Ahmad rivoyatlari).                             

                                              

                DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 

  • «Ota-ona rozi – Xudo rozi!».

 

  • «Yaxshi o‘g‘il ota molini biylar,

Yomon o‘g‘il ota molini sochar».

 

  • «Yaxshiga qilsang yaxshilik –
  •  

Yomonga qilsang yaxshilik –

Na aytadi, na qaytadi».

 

INSONNING ISHI YURISHMASLIGI,

BARAKASI BO‘LMASLIGI,

BIRI IKKI BO‘LMASLIGI va

MUHTOJ, QASHSHOQ, KAMBAG‘AL BO‘LISHLIGI ga

OTA-ONASI bilan BOG‘LIQ eng KATTA 33 ta SABAB:
 

  1. OTA-ONANING haqlariga duo qilmaslik.
  2. OTA-ONANI behurmat qilishlik.
  3. OTA-ONANI ko‘ngillarini og‘ritishlik.
  4. OTA-ONANING xizmatlarini qilmaslik.
  5. OTA-ONANING duolarini olmaslik.
  6. OTA-ONAGA oq bo‘lishlik.
  7. OTA-ONANING nomlarini aytib chaqirishlik.
  8. OTA-ONAGA itoatsizlik.
  9. OTA-ONANI bepisand qilishlik.
  10. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ni hurmatlarini joyiga qo‘ymaslik.
  11. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ga nisbatan beodoblik qilishlik.
  12. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)  oldilaridan kesib o‘tishlik.
  13. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)  ning oldilariga tushib yurishlik.
  14. Aka-uka, opa-singillar bilan bemehr bo‘lishlik.
  15. Qavm-qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lmaslik.
  16. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli muomala qilmaslik.
  17. O‘tganlarning haqlariga duo qilmaslik.
  18. Oziga shukr qilmaslik.
  19. Bir insonni xafa qilishlik.
  20. Olim-ulamolarni xo‘rlashlik.
  21. Xudo bergan ne’matlarni uvol-isrof qilishlik.
  22. Axloqsizlik.
  23. Ilmsizlik.
  24. Turar joy (yashaydigan uy, ishxona) larni ozoda tutmaslik.
  25. Kiyim kechak (libos, bosh kiyim, oyoq kiyim) larni pokiza tutmaslik.
  26. Ahli ayoli bilan janjallashishlik.
  27. Bir kishidan qarzdor bo‘lishlik.
  28. Mehmonga haqorat ila qarashlik.
  29. Behayolik.
  30. Besabrlik.
  31. Dangasalik.
  32. Hayvon, parranda, hasharot va nabotot olamiga zulm qilishlik.
  33. Yolg‘on gapirishlik. 
     

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 

Ibrohimjon domla Inomov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

05.06.2025   8498   4 min.
O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Bismillahir Rohmanir Rohim

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

 

Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.

Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.

Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.

Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.

Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.

Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.

Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.

Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.

Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.

Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.

Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.

Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:

– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;

– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;

– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;

– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;

– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;

– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;

– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;

– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;

– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.

Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.

Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.

 

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

 

Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.

Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 

Hurmat va kamoli ehtirom ila,

 

O‘zbekiston hojilari,

Makka shahri Arafot vodiysi,

2025 yil 5 iyun

Maqolalar