Bismillahir Rohmanir Rohiym
Vaqtimizning qanday tez o‘tib ketayotganini tasavvur qiling. Hayotimiz tez o‘tmoqda, ishlarimiz tugayveradi, amallarimiz oxiriga yetadi. Qarang, qanday qilib bu muborak oyning avvalgi o‘n kunligi o‘tdi, keyingi o‘n kunligi ham o‘tib ketdi! Allohga qasamki, kunlar va tunlar juda tez o‘tib ketmoqda!
Alloh taologa hamd bo‘lsinki, U bizni bu kunlarga yetkazdi. Bu kunlar – butun Ramazonning eng yaxshisi, bu kechalar esa eng ulug‘ kechalardir. Inson o‘ziga nazar tashlab, bugungi kunda qanday ahvolda ekanini ko‘rishi kerak. Ushbu o‘n kunlikka qanday kirdi? Oldingi kechalardagi ibodatini davom ettiryaptimi yoki tark qilib qo‘ydimi? Bu kechalarga ulug‘ zotlar ulkan ishtiyoq bilan intizor bo‘lishar, ularni qo‘msashar, har yili ularni kutishar edi.
Bu oy fazilatlarga boy. Bu oyda eng ulug‘ fazilat – oxirgi o‘n kunlikdir. Bu kunlar rahmat va barakotlar bilan to‘lgan. Eng oliy fazilat esa Laylatul-Qadrdir. Bu kechani o‘tkazib yubormaslik kerak. Barcha mo‘minlar bu kechada ulkan mukofotga erishish uchun harakat qilishlari lozim.
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday ediki, Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligiga yetib kelganlarida, ibodatga qattiqroq sho‘ng‘ib ketar edilar.
Barcha ibodatlar sabr talab qiladi. Alloh taolo aytadi:
"Albatta, sabr qilganlarga ajru mukofotlari cheksiz beriladi" (Zumar, 10).
Bu so‘nggi o‘n kunlikda ibodatga qattiqroq yopishib olish lozim. Har bir musulmon Ramazonning ilk kunlarida qanday ibodat qilgan bo‘lsa, so‘nggi kunlarda uni yanada oshirishi kerak.
Qadr kechasi Ramazonning eng ulug‘ kechasidir. Unda qilingan amal ming oylik ibodatga tengdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"Kim Laylatul-Qadrni ibodat bilan o‘tkazsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi" deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Demak, bu kechani ibodat bilan o‘tkazish – ulkan baxt va imkoniyatdir.
Bu kunlar va kechalar – jannat eshiklari ochiladigan, gunohlar kechiriladigan, do‘zaxdan ozod bo‘lish uchun imkoniyat taqdim etadigan vaqtdir.
Shuning uchun, kim bu kunlardan foydalanmasa, uning yo‘qotgan narsasi juda katta bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazonga yetsa va gunohlari kechirilmasa, o‘sha odam haqiqiy baxtsizdir", deganlar.
Alloh taolo bizga bu kunlarni baraka bilan o‘tkazishni nasib qilsin va Laylatul-Qadrga yetib, uni ibodat bilan o‘tkazishga muvaffaq qilsin.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati