Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Janubiy Koreyaning yetakchi “The Korea Post” nashrida O‘zbekiston sayyohlik sohasidagi yutuqlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 9,1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘pdir. Bunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishi ta’kidlanib, xususan, Rossiyadan kelgan sayyohlar oqimi 30,8 foizga (deyarli 868 ming kishi), Ozarbayjondan esa 63,3 foizga (22 ming kishi) oshgani qayd etilgan.
Shuningdek, Moskvadagi “MITT-2026” ko‘rgazmasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar, “Qozon – Toshkent” aviareysining yo‘lga qo‘yilgani hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan 2025 yilda Frankfurt, Vena, Syurix, Budapesht, Praga va Barselona shaharlarida tashkil etilgan “Highlights of the Silk Road” yevropacha roud-shoulari alohida tilga olingan.
Nashrda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik masalalariga ham keng o‘rin berilgan. Xususan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan 2026–2027 yillarda turizm sohasida hamkorlik dasturi loyihasi tayyorlangani, shuningdek, chegaralardan o‘tishning soddalashtirilgan mexanizmi bir nechta davlat bo‘ylab sayohat qilishni yanada qulaylashtirayotgani yozilgan.
Maqola yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 59-yillik majlisida ilgari surgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi”ni yaratish tashabbusi alohida ta’kidlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati