Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

To‘q qoringa ovqat yemang!

03.04.2025   4381   2 min.
To‘q qoringa ovqat yemang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Arab tabibi Horis ibn Kildadan “Dardsiz darmon nima?” – deya so‘rashdi. Tabib: “To‘q qoringa ovqat yemaslik”, deb javob berdi. Zero, ustma-ust ovqat yeyishlik kasalliklarga sabab bo‘lar ekan.

Bir hakimdan eng yaxshi dori haqida so‘rashganida, u: “Eng yaxshi dori bu – oldingga ovqat qo‘yilganda unga ishtaha qilib turishing va ovqat dasturxondan olinayotganda ham undan yeging kelishidir”, deb javob bergan ekan. Bu dori barchamizning uyimizda bor. Biz bu dorini dorixonadan topa olmaymiz. Buning yagona chorasi ochqamasdan turib taom yemaslik va yeganda ham to‘yib ketmaslikdir.

Ovqatga asosiy muammo sifatida qaramang. Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Kimning g‘ami qorniga tushadigan narsa bo‘lsa, ortidan chiqadigan narsa uning qadri, qimmati bo‘ladi”.

Rivoyat qilinishicha, Aliy roziyallohu anhu biror joyga taklif qilinsalar, aytilgan joyga borishdan avval uyda biroz tamaddi qilib olar ekanlar. Buning sababini so‘rashganida, u zot roziyallohu anhu: “Odamning eng jirkanch ko‘rinishi birovning taomida o‘zining ochko‘zligini ko‘rsatishidir”, deb javob bergan ekanlar.

Bu satrlar zora to‘y-tadbirlarga, mehmonga taklif qilinsa, xuddi hamma narsani yeb tashlaydiganday das­turxonni turli taomlar bilan to‘ldirib yuboradigan va dasturxondagilarning loaqal to‘rtdan birini ham yeb tugata olmaydiganlarga eslatma bo‘lsa. Dasturxondagi nozu ne’matlarning o‘ndan biri ham yeyilmaydi. Bundayin ochiq-oydin isrofga yo‘l qo‘yish, savobdan mahrum bo‘lish emasmi?!

Hozirgi kunda dunyoning turli nuqtalarida bir luqma oshga, bir burda nonga zor odamlar bor. Ularni ko‘z oldingizga keltirib, hech fikr yuritasizmi?! 

Rivoyatlarda kelishicha, Yusuf alayhissalom Misr xazinasiga mas’ul bo‘lganlarida, ko‘pincha och yurar va arpa non yer ekanlar. U zotga “Nima uchun qo‘lingizda shuncha davlat turib, och-nahor yurasiz?" – deyishganida, “Men qornim to‘yib, qorni ochlarni unutib qo‘yishdan xavfsirayman”, degan ekanlar.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi fikrlarni tafakkur qilib, sunnatga amal qilgan holda sog‘lig‘imizga e’tiborli bo‘laylik, zero har bir narsaning isrofi bor.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   15762   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari