Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga qiyin qilib qo‘y(ishni o‘yla)maganimda, ularni saharlarda, albatta, misvok qilishga buyurgan bo‘lardim!” dedilar (Abu Nuaym rivoyati).
“Xuddi kotib qulog‘iga qalam qistirganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham quloqlariga misvok qistirib olar edilar” (Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, sahobalar ham misvok tutishga katta e’tibor berishgan.
Miqdom ibn Shurayh ibn Honi’ Horisiy otasidan rivoyat qiladi: “Men Oisha roziyallohu anhodan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirsalar, ishni nimadan boshlar edilar?” deb so‘raganimda, “Misvok (ishlatish) bilan”, deb javob berdilar” (Imom Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).
Bu rivoyatdan misvok ishlatish faqat tahorat va namoz vaqtiga bog‘liq emasligini bilib olamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oila a’zolariga chiroyli suratda yuzlanish uchun uyga kirishlari bilan misvok qilganlar.
Alloma Munoviy bunga quyidagicha dalil keltiradi: “Musulmon kishi uyga kirganida ahliga salom berishi kerak. Salomda Allohning ismi bor. Allohning ismi esa faqat pok og‘iz bilan aytiladi”.
Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvok qilmasdan turib, namoz o‘qish uchun tashqariga (ya’ni, masjidga) chiqmasdilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ba’zi ulamolar ushbu hadisni dalil qilib: “Uyda yoki masjidga kirmasdan oldin misvok qilib olingani ma’qul”, deyishgan.
Tungi uyqudan tahajjud yoki bomdod namozlariga turilganida misvok qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga muvofiqdir. Garchi hadisda tungi uyqu nazarda tutilgan bo‘lsa-da, umuman, kunduzgi uyqudan keyin ham misvok qilish yaxshidir.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: “U zotning tahorat suvi va misvoklari tayyorlab qo‘yilar edi. Tunda uyqudan uyg‘onganlarida, oldin hojatga borib, so‘ngra misvok ishlatar edilar” (Abu Dovud rivoyati).
Juma kuni misvok ishlatish haqida ham alohida ta’kidlangan. Chunki bu kuni mo‘min-musulmonlar juma namozini o‘qish uchun masjidga to‘planishadi.
Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvokni yonlariga hozirlab qo‘ygan holda uxlardilar. Uyqudan uyg‘onganlarida ishni misvok qilishdan boshlar edilar” (Ahmad, Abu Ya’lo va Tabaroniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertayu kech jiddiy ahamiyat bergan narsaga bizlar ham e’tibor qaratishimiz zarur. Bu esa o‘z o‘rnida tishlarni toza tutish o‘ta fazilatli amal ekaniga ishoradir.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Shu yil 3-6 noyabr kunlari Toshkent shahridagi “Swissôtel Tashkent” mehmonxonasida diniy soha va jamoat yetakchilarining xabar va kontentlar tayyorlash salohiyatini oshirish bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda. Unda Diniy idora va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati, mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar masjidlarida faoliyat yurituvchi imom-xatiblar ishtirok etdi.
Ushbu tadbir Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Birlashgan Arab Amirliklarining “HEDAYAH” ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov nutq so‘zladi. Unda bugun zamon shiddatiga hamohang ravishda media sohasi ham tezkor rivojlanib borayotgani, bu esa barcha jabhalar qatori diniy sohaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida keyingi vaqtda diniy tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilayotgan guruhlarning keng yoyilib borayotgani, ularga qarshi turish uchun soha mutaxassislari doimo o‘z ustida ishlab borishi lozimligi, bu borada “Hedayah” xalqaro markazi bilan yaxshi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, mazkur seminar-treningda raddiyalar berish yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Dilshod Bobojonov va Diniy idora bo‘lim boshlig‘i Shavkat Hamdamov mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
“Hedayah” xalqaro markazi mas’ul vakili, dastur menejeri Hafedh Dridi so‘nggi yillarda markaz va O‘zbekistondagi diniy sohaga oid ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotgani, bugungi tahlikali davrda dinni noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida ko‘plab ziddiyatlar sodir bo‘layotgani, buning sababi ilmsizlik va dinni to‘g‘ri anglamaslikda deb bilishi, yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilishning bir qancha yo‘llari mavjud va ularning avvalida ilm turishini qayd etdi.
Uch kun davom etadigan seminar-treningda yurtimiz diniy soha xodimlari va “Hedayah” xalqaro markazi vakillari o‘zaro tajriba almashish barobarida media kontent tayyorlash bo‘yicha malaka hosil qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati