Keyingi yillarda boy va ulug‘vor madaniy merosimizni asrab-avaylash, o‘rganish va uni ommalashtirish borasidagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
2017 yilning 23 iyun kuni Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi bu masalada qo‘yilgan eng ulug‘ qadamlardan biri bo‘ldi.
Markaz tarixidagi unutilmas voqea
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni ushbu Markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Ta’kidlash joizki, ushbu tashrif markazimiz xodimlari uchun o‘ziga xos, unutilmas voqea bo‘ldi. Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida davlatimiz rahbari markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Markazning asosiy kirish foyesidan o‘rin oladigan buyuk allomalarimiz, tarixiy shaxslar qiyofalari aks etgan mahobatli rangtasvir asarlari bilan ham tanishdi. Ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Yaqin vaqt ichida Markaz olimlari tomonidan aniqlangan tarixiy eksponatlar, xorijiy muzey va kutubxonalardan keltirilgan faksimile nusxalar, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida nashr qilinayotgan loyihalar namoyish qilindi.
Davlat rahbarining “Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi” degan fikrlari ham ayni paytda bu yerda olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini belgilaydi.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi kontentini yaratishda “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyiliga izchil amal qilinmoqda. Markazning dunyodagi shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan muassasalar, muzey yoki kutubxonalardan farqi ham asosiy e’tibor turli davrlarda yurtimizda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, shu davrlarda yashab o‘tgan shaxslar va ularning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini aks ettirishdan iborat.
Amir Temur – millat iftixori
Markaz ekspozitsiyasida Sohibqiron Amir Temur asos solgan saltanat va temuriylar renessansi davridagi yirik o‘zgarishlar, madaniy muhit, shu davrda yashagan allomalar hayoti va ijodi alohida o‘rin tutadi.
Amir Temur va uning vorislari hukmdorligi davrida yuzaga kelgan yirik shaharlar, ilm-fan, madaniyat rivoji, me’moriy yodgorliklar, san’at va adabiyot durdonalari bugun dunyo ilmiy jamoatchiligi e’tiborida turibdi. Markaz ekspozitsiyasida Amir Temur siymosi nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki Sharqdagi Ikkinchi renessans asoschisi, ilm-fan, ma’rifat va madaniyat homiysi, sivilizatsiya tarafdori sifatda namoyon bo‘ladi.
Biroq, bugun dunyoning turli qutblarida bu ulug‘ hukmdor va uning avlodlari haqida turli xil, bir-biriga zid qarashlar borki, ularning munosib vorislari sifatida bunday noo‘rin yondashuvlarga barham berishimiz kerak bo‘ladi.
Xalqaro miqyosda hali-hanuz o‘z yechimini topmagan masalalardan biri bu temuriylar va boburiylar yaxlit bir sulola ekanini keng jamoatchilikka anglatish, xususan, G‘arb tarixchilari ham foydalanib kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasiga munosib baho berishdan iborat.
Boburiylar kim edi?
Tarixdan yaxshi ma’lumki, Movarounnahr va Xurosondagi yurishlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Zahiriddin Muhammad Bobur 1525 yilda Hindistonga yurish qiladi. Shu taxlit Hindistonning katta qismida yangi sulola – Boburiylar hukmronligi o‘rnatiladi.
Bu sulola mamlakatni to inglizlar bosqiniga qadar – 1858 yilgacha boshqargan. Boburiylar mahalliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni hurmat qilish barobarida Hindistonga yangi madaniyatni olib kirishdi. Boburiylar davri tasviriy san’atida mahalliy va temuriylar an’analarining uyg‘unligi ko‘zga tashlanadi. Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar mamlakatda ilm-fan, san’at va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shishgan.
Boburiylar sulolasi davrida ilm-fanga katta e’tibor qaratilgan. Ularning davrida ta’lim muassasalari barpo etilgan, turli fanlarning rivoji uchun sharoitlar yaratilgan. Boburiylar davrida Hindistonda juda ko‘p mashhur bino va inshootlar qurilgan.
Jumladan, Tojmahal Sharq me’morchiligining eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. Hindistonning Dehli shahrida joylashgan Qizil qal’a sulolaning kuch-qudratini namoyish qiluvchi ramziy bino sifatida tanilgan.
Boburiylar davrida o‘nlab ilmiy, falsafiy va adabiy asarlar yaratildi, ilmiy-ijodiy ishlar qo‘llab-quvvatlandi. Musavvirlik, haykaltaroshlik yuqori darajaga ko‘tarilgan.
Ajdodlar xotirasiga sadoqat
Boburiylar har doim o‘z an’analariga, madaniy merosga, ona tillariga sodiq qolishgan. Manbalarga ko‘ra, boburiy hukmdorlar har doim eng ishonchli mulozimlar va oila a’zolari davrasida yig‘ilishlarni turkiy tilda olib borishgan.
Boburiylar davrida hind, fors tillari bilan birga turkiy til va adabiyot ham jadal rivojlangan. Bobur, Humoyun, Komron singari sulola vakillari turkiy tilda devonlar yaratishgan, qator asarlar bitishgan.
Shohjahon saroyida turkiy mushoiralar o‘tkazilgan, ularda Movarounnahr va Xurosondan mashhur shoirlar taklif etilgan. Turkiy tildagi asarlar fors va hind tillariga tarjima qilingan. Avrangzeb o‘z davrida ko‘chirilgan turkiy tildagi “Boburnoma” qo‘lyozmasini shaxsan o‘z qo‘li bilan tahrir qilgan. Ular o‘z saroylariga Movarounnahr va Xurosondan olimlar, shoirlar, xattot va musavvirlarni chorlashgan.
Boburiy hukmdorlar bir qator xorijiy davlatlar, hatto Rossiya bilan ham yozishmalarni ona tillari – turkiy tilda olib borishgan.
Amir Temur davlatchiligining o‘ziga xos qomusi hisoblangan “Temur tuzuklari” asari ham aynan boburiylar davrida topilgan va turkiy tildan forsiyga o‘girilib, qayta-qayta ko‘chirilgan.
Bu davrda ko‘plab Sharq adabiyoti durdonalari kitobat qilingan. Alisher Navoiyning qator asarlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si fors va hind tillariga tarjima qilingan. Juda ko‘p temuriy hukmdorlar, ilm-fan va madaniyat namoyandalarining miniatyuralari ishlangan.
Hind miniatyura maktabi namunalari orasida taxtdagi boburiy hukmdorlarni Amir Temur va Bobur bilan bir davrada tasvirlangan suratlari ko‘p uchraydi. Bu albatta boburiylar saltanati vakillarining o‘z nasl-nasabiga bo‘lgan yuksak e’tiborini ko‘rsatadi. Amir Temur va Boburning bizgacha yetib kelgan ko‘pgina tasvirlari ham hind rassomlari ijodiga mansub.
Bunday suratlardan yana biri hindistonlik musavvir Muhammad Afzal Abu Faqirullohxon ijodiga mansub bo‘lib, u ayni damda Rampur Raza kutubxonasida saqlanadi. 1712-1713 yillar orasida chizilgan bu suratda sulolaning asoschisi Amir Temur o‘zining 12 nafar avlodi qurshovida tasvirlangan.
Suratda Sohibqironning chap tomonida Mironshoh, Abu Said mirzo, Bobur, Akbar, Shohjahon, Bahodirshoh, o‘ng tomonda esa, Muhammad Sulton, Umarshayx mirzo, Humoyun, Jahongir, Olamgir, Jahondorshohni ko‘rish mumkin. Demak, Bobur ham, uning avlodlari ham doim turkiy ildizlari, Amir Temur avlodi ekanligi bilan faxrlanishgan.
Sezar yurtini zabt etgan Bobur
Joriy yilning 12-15 fevral kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Italiyada xizmat safarida bo‘ldi.
Yevropada buyuk temuriyzoda hukmdor, Hindistondagi Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga qiziqish ham ancha oldin boshlangan. Ma’lumki, Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.
XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan. Yaqinda Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi “Boburnoma”ni italyan tilida chop etdi. Asarni atoqli italyan olimi, turkolog Federiko Pastore tarjima qilgan.
“Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar Florensiya, Rim singari shaharlarda o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda “Boburnoma”ning nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi adabiy va ma’rifiy aloqalarda munosib o‘rin tutishi ta’kidlandi.
So‘z navbati menga berilganda, ushbu nashrning ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritarkanman, yuqorida tilga olingan masalaga alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keldi.
Albatta, yevropalik olimlar va tadqiqotchilarning O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga, temuriylar va boburiylar merosiga hurmati va e’tibori bizni quvontiradi. Ammo, afsuski, Yevropada bir necha asrdan beri boburiylarga nisbatan qo‘llanib kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasini “Buyuk temuriylar” bilan almashtiradigan vaqt yetib keldi.
“Men bu fikrni har tomonlama qo‘llab quvvatlayman, – dedi tadbirda ishtirok etgan professor Franko Kardini. – Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaligi Amir Temur va temuriylarning kelib chiqishi, jahon tamaddunidagi o‘rni haqida haqqoniy tushuncha hosil qilishimizga asos bo‘ladi. Amir Temur tufayli Yevropa xalqlari yarim asr davomida usmoniylar qaramligidan xalos bo‘ldi. Bu esa Yevropadagi Uyg‘onish davriga katta turtki berdi. Amir Temur avlodidan bo‘lgan Bobur va uning Hindistonda hukmronlik qilgan avlodlarini “Buyuk temuriylar” nomi bilan atash tarixiy haqiqatning tiklanishi bo‘lur edi”.
Bu birinchisi emas...
Bu masalaga oldin ham bir necha turli xorijiy safarlar paytida to‘xtalgan edim. Bundan ikki oycha ilgari O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan media-ivent o‘tkazish maqsadida Buyuk Britaniyaga borganimizda ham shunday holning guvohi bo‘ldik. Safar davomida Londonda Viktoriya va Albert muzeyidagi nodir eksponatlar bilan tanishdik.
O‘sha kunlarda muzeyda “Boburiylar davri san’ati” mavzusida ko‘rgazma bo‘lib o‘tayotgandi. Ko‘rgazmada Bobur va uning avlodlari, Akbar, Jahongir Mirzo, Shohjahon, Avrangzeb singari hukmdorlar davriga oid nodir eksponatlar namoyishga qo‘yilgan. Ular orasida “Boburnoma”, “Akbarnoma” singari tarixiy asarlar, maxsus muraqqa’ albomlar, ulardan o‘rin olgan miniatyuralarning asl nusxalari borligi diqqatga sazovor. Shuningdek, ko‘rgazmada boburiylar davrida ishlatilgan jang qurollari, zargarlik buyumlari, shohona hadyalar, tarixiy hujjatlar, xalq amaliy san’atining betakror namunalarini ko‘rish mumkin.
Ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil qilingan. Tomoshabinlarning ham qadami uzilmayapti. Faqat birgina narsa dilni xira qilardi – ko‘rgazmaning nomi! “Buyuk mo‘g‘ullar san’ati”!
Biz albatta ko‘rgazma tashkilotchilari bilan uchrashib, bu atamaning xato ekanligi, boburiylarning bugungi mo‘g‘ullar va Mo‘g‘ulistonga aloqasi yo‘qligini tushuntirdik. Ular bu masalani har jihatdan o‘rganib chiqishga va’da berishdi.
Shu haqda tadbirlarimizda ishtirok etish uchun atayin Parijdan kelgan mashhur olim, Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressanga aytgandim, bu fikrni to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi.
“Men temuriylarga oid tarixiy manbalar, yevropalik olimlarning ko‘plab tadqiqotlari bilan tanishman, – degan edi Bressan xonim. – Boburiylar aslida rasman temuriylar sulolasining davomchilari bo‘lsa-da, ularning hukmronligi dunyo tarixchilari tomonidan alohida davr sifatida o‘rganiladi. Nima sababdan bu sulolaning “Buyuk mo‘g‘ullar” deb nomlanishini ochig‘i men ham tushunolmayman”.
Bressan xonim bilan joriy yilda Parijda temuriylar merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish, u yerda jahon ilmiy hamjamiyatiga ana shu nomni yetkazish bo‘yicha gaplashib oldik.
Tarixiy haqiqat qaror topsa...
350 yil hukmronlik qilgan Boburiylar saltanati tarixi dunyo olimlari tomonidan yuz yillardan beri tadqiq etib kelinadi. Ammo, G‘arb ilmiy hamjamiyati bu sulolaga nisbatan “g‘alati mashhur” sifatida qo‘llab kelayotgan “Buyuk mo‘g‘ullar” atamasi qanchalik to‘g‘ri?
To‘g‘ri, bu atamani haqiqatdan mutlaqo yiroq deb bo‘lmaydi. Chunki genetik jihatidan turk va mo‘g‘ul xalqlarining ildizlari ming yillar osha yagona nuqtada tutashadi. Ammo, asrlar davomida bu ikki xalq farqli madaniyat, e’tiqod va qarashlar ta’sirida alohida rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan.
Mirzo Ulug‘bekning ma’lumotiga ko‘ra, Chingizxon mo‘g‘ul tilidan boshqa tilni bilmasdi. Eronda hukmronlik qilgan Elxoniylar davlatida ham ko‘pgina rasmiy hujjatlarni turkiy emas, mo‘g‘ul tilida yuritishgan. Chingizxon bosqinidan so‘ng uning avlodlari islom dini va turkiy madaniyatni qabul qilishgan. Yuz yillar ichida mahalliy muhit ta’sirida Markaziy Osiyo va Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar to‘liq turkiylashib ketishgan.
Bobur ota tomonidan temuriylar, ona tomonidan turkiylashgan chingiziylar avlodidan edi. Bobur o‘z asarlarida hech qachon o‘zini mo‘g‘ul deb atamagan. Faqatgina, Boburning chingiziylarga ona tarafdan qarindoshligi, shu bilan birga Bobur qo‘shinlari safida mo‘g‘ul askarlari va amirlari ko‘pligi sabab Hindistonda mahalliy aholi tomonidan harbiy va musulmon elitaga nisbatan “mug‘al” (mongol yoki mo‘g‘ul emas) atamasi qo‘llangan. Keyinchalik yevropalik olimlar ana shu xato nuqtayi nazar sababli bu saltanatga nisbatan “Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi” ifodasini qo‘llay boshlashgan.
Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham mo‘g‘ul tilida gapirishmagan. Ularning hukmronligi davrida davlat tili turkiy (eski o‘zbek) va fors tillari edi.
Bobur o‘zini hamisha turk (turkiy) ekanligi bilan faxrlangan. Jumladan 1525 yil Hindistondagi Biyona viloyati amiri Nizomxonga bitgan mana bu forsiy she’ri ham uning qanchalik qat’iyat va iqtidor egasi ekanini ko‘rsatadi:
Bo turk siteza makun ey miri Biyona,
Cholokiyu mardonagii turk ayon ast,
Gar zud naoiyu nasihat nakuni go‘sh,
Onjo ki ayon ast, chi hojat ba bayon ast.
(Ey Biyonaning amiri, sen turk bilan o‘ynashma, uning kuch-qudrati va mardligi hammaga ma’lum. Agar tezda kelib nasihatimizni qulog‘ingga ilmasang, hammaga ayon bo‘lgan narsani senga bayon qilib o‘tirmaymiz).
Jahon olimlari nima deydi?
O‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligida germaniyalik olim, Berlin milliy kutubxonasi mas’ul xodimi Oysiymo Mirsulton yana bir muhim topilma haqida ma’lumot berdi.
Olimaning aytishicha, Berlin kutubxonasida Boburiylar hukmdori Jahongir (1569-1627) paytida 1608-1618 yillar orasida yaratilgan muraqqa’ albomda Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Mavlaviy singari shoirlarning turkiy she’rlari o‘rin olgan. Shu paytga qadar Berlin kutubxonasida bu qo‘lyozmani tadqiq etgan nemis tadqiqotchilar arab alifbosidagi ushbu baytlarning o‘zbek tilida ekanini bilmaganlar va uni hindiy (urdu) tilidagi parchalar deb hisoblashgan.
Ayni paytda Berlin kutubxonasida bu qo‘lyozmaning faqat 25 ta sahifasi saqlanadi. Qo‘lyozma dastlab 120 sahifadan iborat bo‘lgan va unga 44 ta miniatyura kiritilgan. Albom sahifalari hozirgi kunda dunyoning turli hududlariga tarqalib ketgan.
Miniatyuralarda Sharq va G‘arb tasviriy san’atiga xos xususiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Turkiy tildagi she’rlar juda chiroyli, nasta’liq xatida, xatosiz ko‘chirilgan. Muraqqa’da buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning o‘nlab she’rlari o‘rin olgan.
Shu qo‘lyozmaning o‘zi boburiylar Hindistonda hukmronlik qilgan bo‘lsa-da, ularning o‘z tarixi, madaniyati, ma’naviy merosiga sodiq qolgani, tili va adabiyotini unutmagani, ularning rivojiga yetarlicha e’tibor qaratganini ko‘rsatadi.
“Men uzoq yillardan beri boburiylar merosi bilan shug‘ullanib kelaman, – degan edi Pokiston Islom Respublikasining Panjob universiteti professori Ruxshona Iftixor Samarqandda 2024 yil avgustda o‘tkazilgan xalqaro kongress paytida. – Nima uchun Amir Temur avlodiga mansub bo‘lgan boburiylarni biz mo‘g‘ullar deb atashimiz kerak? Mo‘g‘uliston umuman boshqa hududda joylashgan va bu xalqning tarixi, turmush tarzi va madaniyati boburiylardan tamoman farq qiladi. Men bu sulolani “Buyuk temuriylar” deb atash tarafdoriman”.
Arnold Toynbi tan olgan haqiqat
Britaniyalik mashhur tarixchi va sotsiolog Arnold Toynbi “Tarixni anglash” kitobida boburiylarning jahon davlatchiligida tutgan o‘rniga alohida to‘xtaladi. Boburiylar davrida hind zaminida universal davlat barpo etilganidan keyin ushbu chegaralar mustahkamlanganini alohida ta’kidlaydi. “Ular taraqqiyot bobida eng cho‘qqiga chiqqan davrlarda Amudaryo havzasidagi o‘zlari kelib chiqqan o‘zbek davlatlarining bir qismini o‘z mulklariga qo‘shib olgan edilar”, deydi Toynbi o‘z asarida.
Ushbu kitobdan olingan mana bu parchalar ham mavzuga yanada oydinlik kiritadi:
“...Albatta Dehli ularning ham birinchi poytaxti emasdi. Lekin boburiylarning birinchi poytaxti Agra shahri ham mamlakat markazida joylashgandi”.
“...Britaniya imperiyasi ma’murlari ham o‘z navbatida boburiylar yo‘lini tutishdi. Bundan tashqari hind savdogarlariga mamlakat iqtisodiy hayotida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratishdi”.
E’tibor qilyapsizmi, Toynbi bu sulolaga nisbatan “Buyuk mo‘g‘ullar” emas, asosan “boburiylar” atamasini qo‘llagan va ularni o‘zbek hukmdorlari sifatida e’tirof etgan. Bunday fikrlarni amerikalik tarixchi olim Frederik Starr “Markaziy Osiyoning kashf etilishi”, “Yo‘qolgan tamaddun izidan” singari asarlarida ham bildirib o‘tadi.
Xulosa o‘rnida...
Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda asos solgan davlatni “Buyuk mo‘g‘ullar” deb atash tarixiy haqiqatning buzilishidan boshqa narsa emas. Hatto ularga nisbatan ishlatiladigan “Boburiylar” atamasi ham asl haqiqatni to‘la ochib berolmaydi. Zotan, Hindiston uch yarim asr hukm surgan bu xonadon sulolaning asoschisi sifatida Boburni emas, Amir Temurni ko‘rishgan.
Dunyo tarixda bir qator hukmdorlarga nisbatan Buyuk atamasi qo‘llanilgan. Buyuk Kir, Buyuk Iskandar, Buyuk Karl, Buyuk Pyotr... Ular qatorida Buyuk Amir Temur atamasini keng istilohda joriy etish, uning avlodlarini “Buyuk temuriylar” deb atashni jahon ilmiy hamjamiyati orasida targ‘ib etish vaqti keldi.
Zotan hurmatli Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”. Tarixiy haqiqatni tiklash, buyuk ajdodlarimiz nomi va shaxsiyatiga munosib ehtirom ko‘rsatish, ularni o‘z nomi bilan nomlash ham bizning vorislik burchimiz sanaladi.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
O‘zA
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori