Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Savol: Bilamizki, Yusuf alayhissalomga yarim chiroy berilgan. To‘liq chiroy Odam alayhissalomga berilgan. U zotni Alloh mukammal qilib yaratgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham payg‘ambar va insonlarning har taraflama eng yaxshisi bo‘lgan. Savolim shuki, eng chiroyli payg‘ambar Odam alayhissalommi yoki Muhammad sollallohu alayhi vasallam?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Eng go‘zal inson bu Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar. U zot alayhissalom Yusuf alayhissalom borasida: “Yusufga yarim go‘zallik berilgan”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ayrim ulamolar ushbu hadisdagi “yarim go‘zallik”dan murod “Yusuf alayhissalomga Payg‘ambarimizga berilgandan boshqa go‘zallikning yarmi” ekanini ta’kidlashgan.
Boshqa ulamolar esa: “Odam alayhissalom husnilarining yarmi nazarda tutilgan”, deyishadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu bunday deganlar: “Alloh yuborgan har bir payg‘ambar go‘zal yuzli va chiroyli ovozli bo‘lgan. Sohibingiz (ya’ni Payg‘ambarimiz alayhissalom) ularning hammasidan chiroyli yuz va chiroyli ovozlidirlar” (Imom Termiziy rivoyati).
Bundan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng go‘zal yuzli va ovozli ekanliklarini anglamoq lozim. Vallohu a’lam.
“Fatvolar to‘plami”dan