O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan shu yil 6 – 7 oktyabr kunlari Andijon viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar yuqori saviyada o‘tkazildi.
Anjumanda targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish, imom-xatiblar kasb-mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlash hamda xayriya tadbirlarini amalga oshirishdagi zamonaviy uslub va yangicha yondashuvlar bilan o‘rtoqlashilgani aytib o‘tildi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan berilgan ko‘rsatma va tavsiyalarining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 11 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatidagi 186 ta masjid imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2025 yil 9 oy davomida soha xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, mutaassiblik va radikallashuvni oldini olish, imom-xatiblik mas’uliyatini yanada oshirish, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha vazifa va topshiriqlar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakili Rahmatillo domla Usmonov tomonidan barcha imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lishi, xalq ichida bo‘lib, ularning dardu tashvishlariga ham sherik bo‘lishi kerakligi, qariyalar holidan xabar olish, ehtiyojmandlarga ruhiy tayanch bo‘lish, yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarni oldini olish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish kabilarni targ‘ibiga alohida e’tibor qaratishi, bir so‘z bilan aytganda bugun din uchun, millat va vatan uchun qayg‘urish – imom-xatibning haqiqiy burchiga aylanishi shart ekanligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida viloyatdagi diniy soha xodimlari faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Bugungi kunda murakkablashib borayotgan, insoniyat turli sinovlarga, tahdidlarga va o‘zgarishlarga guvoh bo‘layotgan bu zamonda imom-xatiblarning faolliklarini oshirish, OAVdagi chiqishlari mazmun-mohiyatini yanada yaxshilash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish borasida tinimsiz xizmat qilish kabi jihatlariga e’tibor qaratildi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati Matbuot xizmati
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti" nomli kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlisi vakillari, Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va media sohalari namoyandalari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi badiiy-publitsistik asar bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan. Unga so‘zboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgani esa davlatlarimiz rahbarlari va xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va yaqin do‘stlikning yorqin ramzidir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu asar Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston g‘oyalarining ahamiyati xalqaro miqyosda yanada teran anglanishi, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi va do‘stligi yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.