O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qalamiga mansub “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” kitobi asosida imom-xatiblar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy zakovat musobaqasi tashkil etildi. Tadbirda shahar va tumanlarda xizmat qilayotgan diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — mazkur kitob orqali imom-xatiblar bilimlarini boyitish, fiqh va aqida sohasida uchraydigan ixtilofli masalalarga aniq va mantiqiy yechim topish ko‘nikmasini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada 5 ta guruhdan iborat 30 nafar imom-xatiblar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar kitobda bayon etilgan fiqhiy masalalar, aqidaviy qoidalar, ulamolar fikri va ularning dalillari asosida tayyorlangan mukammal sharh talab etuvchi savollarga javob berish bilan baholandilar.
Bellashuv juda qizg‘in ruhda o‘tdi. Yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rgan jamoalar o‘rtasida tortishuvli bahslar, dalillar keltirish va ilmiy mulohazalar bilan boyigan baholash jarayoni barcha ishtirokchilar uchun katta tajriba bo‘ldi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib va faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir mas’ullarining qayd etishicha, bunday ilmiy musobaqalar imom-xatiblarning bilim va mahoratini oshirish, jamoat orasidagi e’tiqodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Prezidentimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.
Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Yoshlik chog‘larida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 30 dan ziyod asar yozgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Bu zotga ilm yo‘lidagi xizmatlari uchun Mahdumi A’zam unvoni beriladi. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.
Samarqand hukmdori bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir Mahdumi A’zam qabri ustida daxma qurdirgan hamda bu yerda yirik masjid, ilm toliblari uchun madrasa ham barpo qilgan. U vafot etganidan so‘ng o‘z vasiyatiga ko‘ra, shu yerda dafn etilgan. Umuman, ziyoratgohda 50 dan ziyod qabrtosh saqlangan bo‘lib, aksariyati kimning sharafiga qo‘yilgani aniqlangan. Bu yerda ko‘plab allomalar qatorida ikki nafar Afg‘oniston hukmdori (Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim (1668 yil), Shoh Saodat ibn Shoh Hidoyat) ham dafn etilgan.
Alloma mangu qo‘nim topgan ziyoratgohda loyiha doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Mahdumi A’zam ziyoratgohining umumiy maydoni qariyb 5 gektarni tashkil etadi. Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona va ma’muriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qo‘shimcha ayvonlar qurilmoqda.
Ta’mirlash ishlaridan so‘ng bir vaqtning o‘zida 35 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Avvallari 5 ming ziyoratchi qabul qilingan.
Shuningdek, hududda ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida obodonlashtirish ishlari olib borilib, 40 dan ortiq savdo va servis obyektlari tashkil etiladi.
Allomaning ruhlari yodga olinib, Qur’on tilovati qilindi. Prezident ziyoratgohda daraxt ekdi.
Ziyoratgohni yanada obodonlashtirish, bog‘da asrlarga tatigulik daraxtlar barpo etib, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.
https://president.uz/uz/lists/view/8702