Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men umrada tavof qilayotgan edim. Namoz vaqti bo‘lganda safga turib, takbir aytilishini kutib o‘tirgan edik. Shunda masjid xodimlaridan biri saf orasida aylanib yurib, yelkasi ochiq odamlarga yelkangni yop degan ishoralar qildi. Tavof qilayotgan odam yelkasi ochiq bo‘lishi kerakmasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavofda o‘ng yelkani ochish fiqhiy kitoblarda iztibo’ deyiladi. Ya’ni, umra yoki haj amallarini bajarayotgan shaxs ehromga kirib, tavof qilsa, ridoni o‘ng yelkasining ostidan o‘tkazib, chap yelkasiga tashlab oladi. Bu amal ketidan sa’y qilish amali bo‘lgan tavofda sunnat hisoblanadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, iztibo’ amali (o‘ng yelkani ochib qo‘yish) masjidga kirishdan oldin, namoz va sa’y vaqtida, shuningdek, ortidan sa’y amali bo‘lmagan tavoflarda sunnat hisoblanmaydi.
Yelka ochiq holatda namoz o‘qish odatiy ehromsiz holatda bo‘lgani kabi ehromda ham makruh sanaladi. Shuning uchun savoldagi kabi tavof qilish asnosida namoz vaqti bo‘lib qolsa, yelkalar yopilib, namozga kirishiladi. Namozdan keyin yana yelkani ochib, tavofni davom ettiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi