Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 28 yanvar kuni Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalar ishtirokida ma’rifiy-ma’naviy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirokida tashkil etildi. Tadbirda muassasa direktori Qobiljon domla Mirzabayev hamda talabalar qatnashdilar.
Uchrashuvda yoshlarni ilm-ma’rifatga chorlash, vaqtdan unumli foydalanish va ulug‘ ulamolar hayotidan ibratli misollar orqali sabr, ixlos va doimiy izlanishning ahamiyati ta’kidlandi. Shuningdek, ta’lim jarayonida mas’uliyatli bo‘lish va ilmni jamiyat manfaati yo‘lida o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida faol va intizomli 6 nafar talabaning har biriga 5 million so‘mdan, shuningdek, 2 nafar talabaning har biriga 7,5 million so‘mdan pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shu bilan birga, ta’lim muassasasi rivoji uchun 30 million so‘m miqdorida moddiy yordam ajratildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati