Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ka’ba binosining mustahkamligini ta’minlash uchun unga qo‘shimcha tom qurilgan bo‘lib, u ichki va tashqi tomlardan iborat. Ushbu ikki tom orasidagi masofa bir metrdan ortiqni tashkil etadi.
Tashqaridan qaraganda yoki Ka’ba ichiga kirib, shiftga qaralsa, tom bir qavatdek tuyuladi. Ka’baning yuqorisiga chiqgach, tomning ikki qavatdan iborat ekanligi bilinadi.
Ka’badagi ichki shift va tashqi tomlar asosan yog‘ochdan ishlangan. Tashqi tom Birmadan keltirilgan 49 dona Tik (teak) daraxti yog‘ochidan tayyorlangan. Har ikki tom maxsus yelim bilan mahkamlangan bo‘lib, bu ularning butunligiga zarar yetkazmasligini ta’minlaydi.

Tik yog‘ochi dunyodagi eng qattiq va chidamli yog‘ochlardan biri hisoblanadi. Uning tarkibida tabiiy moylar ko‘p bo‘lgani uchun u namlikka, chirishga va turli hasharotlarga (masalan, termitlarga) nihoyatda bardoshlidir. Chidamliligi tufayli undan asosan kemasozlikda, qimmatbaho mebellar yasashda va tarixiy obidalarning tom qismlarini qurishda foydalaniladi. Asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda (Hindiston, Indoneziya, Myanma/Birma) o‘sadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ka’baning ichki tom qismi tarix davomida 100 martadan ortiq ta’mirlangan. Ilk ta’mirlash ishlari Payg‘ambarimiz Muhammad alayhisslomning oxirgi haj safarlaridan qaytganlaridan so‘ng, ba’zi toshlar tushib ketganda amalga oshirilgan. Toshlar yog‘och bilan almashtirilgan.
Keyinchalik, Xalifa Umar ibn Xattob davrida ham binoni yanada mustahkamlash choralari ko‘rilgan va ushbu davrda mustahkam xom ashyolar ishlatilgani manbalarda qayd etiladi.
Har yili Makkada kuchli yomg‘irlar mavsumi boshlanganda, bir guruh mutaxassis ustalar Ka’ba tomini ko‘zdan kechiradilar. Agar yomg‘ir suvi tomdagi kichik tirqishlardan ichkariga sizib kirsa, inshootning o‘sha qismini qayta ta’mirlaydilar.
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
#haj_umra
#noqonuniy_faoliyat
"Biznes niqobi" ostida "Haj" va "Umra" ziyoratiga yuborishda noqonuniy faoliyat olib borayotgan firibgarlardan ogoh bo‘ling!
"Bundan tashqari, ilgari faqat "ko‘cha" deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun "biznes niqobi" ostida daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, "Haj" va "Umra" ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan" – Sh.Mirziyoyev.
So‘nggi bir yil davomida "Umra" tadbirlarini noqonuniy amalga oshirish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan 47 ta, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 ta turistik tashkilotlarga jarimalar qo‘llanildi.
"Sizni Haj safariga olib boramiz" deb turli aylanma yo‘llar orqali fuqarolarimizni sarson qilayotgan firibgarlarning aldoviga uchib qolmang.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati