Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Fevral, 2026   |   7 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:06
Peshin
12:41
Asr
16:24
Shom
18:11
Xufton
19:23
Bismillah
24 Fevral, 2026, 7 Ramazon, 1447
Yangiliklar

2026 yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori

18.02.2026   7130   2 min.
2026 yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori

#xabar #zakot #fitr #fidya
 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining milodiy 2026 / hijriy 1447 yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi, unga ko‘ra:


Zakot nisobi
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bu yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobini ≈ 85 gramm 585 probali tillaning qiymatidan kelib chiqib 100 000 000  (yuz  million) so‘m deb belgiladi. 
 Shunga ko‘ra, kamida 85 gramm tilla yoki 100 000 000  (yuz  million) so‘m pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi tijorat moli bo‘lgan kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni zakot niyatida kambag‘allarga berishi farzdir.

 
Fitr sadaqasi miqdori


Fitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:
≈ 2 kg bug‘doy yoki uning qiymati – 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati – 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
≈ 4 kg arpa yoki uning qiymati – 20 000 (yigirma ming) so‘m;
≈ 2 kg mayiz yoki uning qiymati – 110 000 (bir yuz o‘n ming) so‘m;
≈ 4 kg xurmo yoki uning qiymati – 200 000 (ikki yuz ming) so‘m deb belgilandi.
 Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki  uning qiymatini fitr sadaqasi niyatida kambag‘alga bersa kifoya qiladi. Fitr sadaqasini Ramazon oyi davomida hayit namozi o‘qilgunga qadar berish kerak bo‘ladi.


Fidya miqdori


Bir kunlik fidya miqdori fitr sadaqasining miqdori bilan bir xil bo‘ladi.

Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fidya niyatida beradi.

 Sharh (https://telegra.ph/shar%D2%B3-02-17)


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ramazon kechalari o‘qiladigan nabaviy duolar

23.02.2026   4378   2 min.
Ramazon kechalari o‘qiladigan nabaviy duolar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Allohim, tutgan ro‘zalarimizni, o‘qigan Qur’onlarimizni, zikru salavot, tasbehlarimizni, taroveh namozlarimizni qabul qilgin! Bizga O‘zingning suhbatingni nasib qilgin, bizga dunyo va oxirat yaxshiliklarini bergin, bizni hidoyat qilgin, tavbalarimizni qabul qilgin, bizga rahm qilgin, bizni O‘zingning yo‘lingda, O‘zing uchun uyg‘otgin.

Allohim, a’zolarimizni ibodating bilan, qalblarimizni ma’rifating bilan mashg‘ul qilgin. Bizni o‘tgan solih bandalaringga ergashtirgin, ularga nasib qilgan ne’matlaringni bizga ham nasib qilgin, ularga omonlik berganingdek, bizga ham omonlik bergin, xotirjamlik bergin!

Allohim, dunyo va oxiratda O‘zingning nazaringni nasib qilgin, qalblarimizni lazzatlantirgin, bizni O‘zing rozi bo‘ladiganlardan qilgin!

Barcha holatlarimizda nifoqdan uzoq qilgin. Rahbarlarimizni haq yo‘lda bardavom qilgin, qalblarimizni isloh qilgin, hojatlarimizni ravo qilgin, ayblarimizni yashirgin, g‘ofillardan qilib qo‘ymagin, bizga ilhom berib, to‘g‘ri yo‘llarga yo‘llagin. Nafslarimizni yomonliklardan asragin, bizni O‘zingning zikring, shukring va go‘zal ibodatingga ilhomlantirgin, fazlu rahmating ila duolarimizni qabul qilgin!

Qalblarimizni poklab, ishlarimizni oson qilgin, dunyoyu oxiratdagi g‘amimiz Senga qurbat hosil qilish bo‘lsin. Allohim, bizlarni amal qiluvchilardan qilib, dunyoyu oxiratimizni obod qilgin! Shukrli qalb, zikrli til bergin! Bu dunyoda ilm va amal, oxiratda jannatu jamol nasib qilgin!

Allohim, ey ko‘zlar ko‘ra olmas, aqllar idrok eta olmas, dunyo hodisalari o‘zgartira olmas, dunyo musibatu balolari andishaga sola olmas Zot! Sen tog‘larning og‘irligini, dengiz suvlarining miqdorini, yomg‘ir tomchilarining sanog‘ini, daraxt yaproqlarining adadini, kecha qorong‘iligi qoraytirgan va kunduz nuri yoritgan barcha narsalarni bilasan! Hech bir osmon boshqa osmonni, hech bir yer boshqa bir yerni, hech bir dengiz uning tubidagilarni, hech bir tog‘ uning joyidagilarni ko‘rishingga to‘sqinlik qila olmaydi! Umrimning eng xayrli payti uning oxiri bo‘lsin, amalimning eng yaxshisi so‘nggi amalim bo‘lsin, Sening huzuringga borgan kunim kunlarimning eng xayrlisi bo‘lsin!

Allohim, Sendan «Alloh» isming bilan, «Roxman» isming bilan, men bilgan-bilmagan barcha ismlaring bilan meni mag‘firat qilishingni, menga marhamat ko‘rsatishingni so‘rayman.

Subhana Robbiyal Aliyyul A’lal Vahhob! Yo Vahhob, yo Allohim, Seni zikr qilishim uchun, shukr qilishim uchun, go‘zal ibodat qilishim uchun yordam bergin! Yana ko‘p Ramazon ro‘zalarini tutib, tarovehlar o‘qib, hayitlarni bayram qilishimizni nasib etgin!

Yo g‘iyasul mustag‘iysin, yo Zal jaloli val ikrom, yo akromal akromin!

«Mohi Ramazon muborak» kitobidan