Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Oktabr, 2025   |   1 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:44
Peshin
12:12
Asr
15:48
Shom
17:34
Xufton
18:47
Bismillah
23 Oktabr, 2025, 1 Jumadul avval, 1447

“Haj” va “Umra” safariga oid savollar: navbatlar, narxlar, to'lovlar, tibbiy ko'rik va umra paketlari

16.11.2022   6030   19 min.
“Haj” va “Umra” safariga oid savollar: navbatlar, narxlar, to'lovlar, tibbiy ko'rik va umra paketlari

Ayni kunlarda haj va umra navbatlarini yuritish, safar to'lovlarini qabul qilish va tibbiy ko'rikdan o'tkazish borasida murojaatlar tushmoqda. Shu bois muborak safarlar bilan bog'liq savollarga javob topish maqsadida, O'zbekiston musulmonlari idorasi huzurida yaqinda tashkil etilgan "Haj va umra tadbirlarini tashkil etish” markazi direktori Maqsud Karimovga murojaat qildik.

– Avvalo, suhbatimizni ushbu markazning tashkil etilishi sabablari, vazifalari nimalardan iboratligi haqida qisqacha ma'lumot berishdan boshlasak.

–  Tashakkur. Bismillahir rohmanir rohim.

Yurtimizda keyingi yillarda haj va umra safarlarini yuqori darajada tashkil etish, yurtdoshlarmizga ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun har tomonlama qulaylik va sharoitlar hozirlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Muborak safarlarni yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga namunali xizmat ko'rsatish va ibodatlarni shariatga muvofiq go'zal shaklda ado qilish maqsadida, Diniy idora huzurida “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish” markazi tashkil etildi (keyingi o'rinlarda “Markaz” deyiladi).

Ta'kidlash joizki, xalqimiz orasida moli nisobiga etgan, yo'lga qodir bo'lgan hamyurtlarimizga dinimizning beshinchi arkoni bo'lgan haj ibodati va sunnati muakkada bo'lgan umra ziyoratini risoladagidek tashkil etish Markazning asosiy vazifasi sanaladi. Shuningdek, quyidagilar:

  • mahalliy hokimliklar huzuridagi hay'atlar taqdim etgan ziyoratchilar ro'yxati asosida haj va umra safarlarini tashkil qilish;
  • viza olish;
  • aviachipta
  • kuzatish va kutib olish;
  • ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiy xodimlar ro'yxatini shakllantirish;
  • haj va umra safarlari bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazish;
  • ziyoratlarga oid qo'llanmalar tayyorlash;
  • Saudiya Arabistonida ibodat amallarini tashkil etish kabilar ham Markazning vazifalari sirasiga kiradi.

– Shu o'rinda yurtimizdagi haj va umra ibodatiga oid so'nggi yangilik va o'zgarishlarga ham to'xtalib o'tsangiz.

– Keyingi yillarda ziyoratchilarimizni umraga cheklanmagan hisobda yuborish yo'lga qo'yildi. Haj safari kvotasi ham yildan-yilga oshirib borilmoqda. Masalan, mazkur ibodatni 2016 yilda 5200 nafar, 2017 yilda 7200 nafar vatandoshimiz ado etgan bo'lsa, 2022 yil Haj mavsumida ushbu ko'rsatkich 12 ming nafardan oshdi.  

Joriy yilning 29 sentyabr' kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimizga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan uchrashuv o'tkazdi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi vaziri hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlarining o'zaro muloqoti chog'ida ham haj va umra safariga boruvchi ziyoratchilarga xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

– Haj yoki umra safariga bormoqchi bo'lgan kishi dastlab qaysi tashkilotga murojaat qilishi, nima ishlarni bajarishi lozim bo'ladi? 

– Mamlakatimizda haj va umra ziyoratlarining tashkiliy ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o'tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

Mazkur qarorga binoan 18 yoshdan oshgan O'zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o'zi ro'yxatda turgan mahalla fuqarolar yig'iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro'yxatga yoziladi va shu haqdagi ma'lumotnomani oladi.

Ushbu daftar bo'yicha navbati kelgan fuqaroni mahalla fuqarolar yig'ini tuman-shaharga tavsiya qiladi. So'ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko'rikdan o'tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to'lov summasini bankdagi maxsus hisob raqamga to'laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko'rikdan o'tgani to'g'risida ma'lumot va to'lov qog'ozining nusxasini hokimliklar huzuridagi hay'atga taqdim qiladi.

Shundan so'ng ziyoratchilar guruh rahbarlari tomonidan o'tkaziladigan safar oldi mashg'ulotlarda qatnashadi, ularga berilgan videoqo'llanma hamda haj va umraga oid kitoblar asosida muborak ziyoratga tayyorgarlik ko'radi. Keyin safar rejasiga ko'ra, muborak ziyoratga jo'nab ketishadi.

– Muborak diyorda yurtdoshlarimizning haj va umra ziyorati qanday tashkil etiladi?

– Haj va umra tadbirlari har yili muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda. Diniy idora bu yo'nalishda etarlicha tajribaga ega. Ayniqsa, yurtimiz ziyoratchilari eng namunali ziyoratchilardan deya e'tirof etilayotgani nihoyatda quvonarli hol.

Ziyoratchilar tanlagan umra paketlariga mos ravishda, Madina shahrida Masjidun Nabaviyga 100-150 metr masofada joylashgan besh yulduzli “Pullman zam-zam”, “Crown Plaza” hamda 3-4 yulduzli “Saraya Harmony” mehmonxonalariga; Makka shahrida esa “Baytulloh”ga 100 metr masofada joylashgan besh yulduzli “Hilton Convention” va “Double tree” hamda Ka'batullohga 1-1,5 chaqirim masofada joylashgan 3-4 yulduzli “Olayan Masi” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Ushbu mehmonxonalarda xizmat ko'rsatish sifati yaxshiligi, muqaddas qadamjolarga yaqinligi va O'zbekiston bilan ishlashda ko'p yillik tajribaga egaligi bilan ajralib turadi.

Ikki muborak shaharda tajribali xizmat ko'rsatuvchi ishchi guruhlar ziyoratchilarning ibodatlarini benuqson bajarishiga har taraflama ko'maklashadi.

Shuning bilan birga, mehmonxonalarda tunu kun tibbiy xizmat yo'lga qo'yilgan. Mo'min-musulmonlarimiz istalgan vaqtida malakali shifokorlar ko'rinib, zaruriy maslahatlar olishi mumkin. Ikki muqaddas shahardagi mehmonxonalarda yangi rusumdagi avtobuslar 24 soat davomida, kunu tun xizmat ko'rsatadi.

Ziyoratchilar dastlab Madina shahridagi Masjidul Nabaviyda Payg'ambarimiz alayhissalomning muborak Ravzalarini ziyorat qilib, yaqinlarining salomlarini etkazishadi. Duo va ibodatlar qiladi. So'ngra ushbu go'zal shaharda Baqi' qabristoni, Qubo masjidi hamda Uhud tog'ini ziyorat qilishadi. Makka shahrida esa ziyoratchilar umra amalini bajarib, ya'ni Ka'bai muazzamani tavof etib, Safo va Marva tepaliklarida sa'y (yurish) qilishadi, sochlarini oldirishadi yoki qisqartirishadi. Shu bilan umrani nihoyasiga etib, Makkai mukarramada ibodatlar bilan mashg'ul bo'ladilar.

Safar davomida Rahmat tog'i – Arafotni, Nur tog'idagi Hiro g'orini va Savr tog'idagi g'orlarni ziyorat qilishadi.

– Haj va umra safarida ziyoratchilarga xizmat ko'rsatuvchi guruh rahbarlari (ellikboshilar)ning vazifalari nimalardan iborat bo'ladi? 

– Haj va umra tadbirlarini tashkil etishda guruh rahbarlarining faoliyati nihoyatda muhim. Negaki, hojilarning muborak maskanlarda ibodat va amallarni to'la-to'kis ado etishi, o'zlariga ko'rsatilayotgan xizmatlardan qanchalik rozi bo'lishi ko'p jihatdan ellikboshilarning faoliyatiga bog'liq.

Shuning uchun ham ellikboshilar shariat qonun-qoidalarini puxta biladigan, haj va umra ibodatlarini yaxshi bilgan diniy sohada xizmat qilayotgan mutaxassislar orasidan saralab olinadi. Ellikboshilarning nomzodi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyat va shahar hokimliklari huzuridagi hay'atlar tomonidan tavsiya etiladi. So'ngra Respublika Jamoatchilik kengashida ko'rib chiqilib, tasdiqlanadi.

Shundan so'ng guruh rahbari bilan ziyoratchilarga xizmat ko'rsatish yuzasidan shartnoma imzolanadi. Unda, jumladan, quyidagi talablar shart qilingan:   

- umra safariga doir qonunchilik va boshqa me'yoriy hujjatlarni puxta bilish;

- umra amallari, farz, vojib, sunnatlarini to'liq bilishi va ziyoratchilarga to'laqonli etkazib bera olish;

- Saudiya Arabistoni Podshohligidagi ziyoratgohlar tarixidan xabardor bo'lish;

- ziyoratchilarga odob-axloq bilan muomala qilib, ularga talab darajasida safar, ziyorat va ibodatlariga ko'maklashish salohiyatiga ega bo'lish;

- ziyoratchilarni umra dasturida nazarda tutilmagan ziyoratgoh yoki boshqa joylarga olib bormasligi hamda haq evaziga qo'shimcha xizmat ko'rsatmasligi.

Yuqoridagi talablarni sifatli bajarmagan taqdirda umra safariga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida borib-kelishi uchun sarflangan pul miqdorini to'lab beradi.

– Ziyoratchilarning rejasi o'zgarib qolib, aytaylik, navbatini keyinga surishi, to'lovlarini qaytarib olishi yoki yoniga sherik olishi mumkinmi? 

Haj yoki umra safari ro'yxatiga yozilgan kishi o'zi yashaydigan mahalla fuqarolar yig'ini raisi nomiga ariza yozib, o'z navbatini keyinroqqa surishi mumkin. Navbatda turgan ziyoratchining doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi o'zgargan taqdirda uning avvalgi manzili bo'yicha navbati saqlanadi. Bir yildan so'ng ham biror sababga ko'ra ziyoratga borish imkoni bo'lmasa, uning navbati bekor qilinadi. Shundan so'ng u haj yoki umraga borish uchun ro'yxatga qaytadan yoziladi. Navbatda turgan kishilar o'z navbatini o'zaro almashtirishi yoki uni ro'yxatda turmagan odamga berishi mumkin emas.

To'lov qilib, biror sabab bilan safarga borolmaydigan kishi shahar-viloyat hokimliklaridagi Hay'atga ariza bilan murojaat qilib, pul mablag'larini qaytarib oladi. 

Shuningdek, keksa ziyoratchi navbatda turmagan kishini o'ziga hamroh qilib olishi masalasi ham hokimliklardagi hay'atlari tomonidan  o'rganilib, xulosa taqdim qilinadi. Ziyoratga borayotgan ayollarning navbatga yozilgan mahrami ziyoratga bora olmagan taqdirda uning o'rniga boshqa mahrami borishi mumkin.

– Ziyoratchilarga haj va umra amallarini to'g'ri ado etishlari uchun o'quv-mashg'ulotlari qanday o'tkaziladi? 

Ha, albatta. Ziyoratchilar bilan safar oldidan o'quv mashg'ulotlari o'tkaziladi. Unda haj va umra ziyoratlarining odoblari, ularni amalga oshirish tartibi, safarga borish-kelish qoidalari, shartlari va talablari o'rgatiladi. Shuningdek, ziyoratchilarga umra qo'llanmasi va videoqo'llanma taqdim qilinadi. Shu asosda ziyoratchi safarga ketgunga qadar tayyorgarlik ko'radi.

Haj yo umra ibodatini niyat qilgan kishi ushbu safarga to'liq tayyorgarlik ko'radi, xususan, safar qoidalarini o'rganib, muborak joylarda o'qiladigan duolarni yod oladi, ibodatlarning tartib-qoidalarini o'rganadi.

– Ayni kunlarda davom etib turgan umra safari to'lovi qayerga, qay yo'sinda qilinadi? 

Haj va umra safarlari to'lovlari faqat bankka to'lanadi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag'larni qabul qilish vakolatiga ega emas. Bu haqda “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish tartibi to'g'risida”gi nizomda: “To'lovlar Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi”, deb belgilab qo'yilgan.

– Ziyoratchilarga taklif qilinayotgan “Lyuks” va “Komfort” paketlari haqida ma'lumot bersangiz?

Halqimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda umra ziyorati ikki xil shaklda (paketda) tashkil etilmoqda. Ularning asosiy farqi – mehmonxonalar necha yulduzli ekani, Harami shariflarga qanchalik yaqinligi, xonalarda necha kishi yashashi kabi turli jihatlarni o'z ichiga oladi.

Quyida har ikki shakl (paketda) ko'rsatiladigan xizmat turlarini keltirib o'tamiz: 

Komfort

  • umra vizasi va tibbiy sug'urta;
  • aviachipta;
  • imom-xatib va mudarrislardan iborat ellikboshilar;
  • Madina, Makka va Jidda yo'nalishlarida xizmat ko'rsatadigan zamonaviy avtobuslar;
  • Madina shahrida Masjidi Nabaviyga 100-150 metr masofadagi 3-4 yulduzli mehmonxona;
  • Zamonaviy jihozlangan va barcha sharoitlarga ega bo'lgan 4 kishilik xonaga joylashuv;
  • Madina shahridagi Uhud tog'i, Qubo va Qiblatayn masjidlari ziyorati;
  • Makka shahrida 3-4 yulduzli mehmonxona, Harami sharifdan 1-1,5 chaqirim masofada
  • Makka shahridagi Arafot, Nur tog'i, Mino va Muzdalifa vodiylari ziyorati;
  • uch mahal issiq ovqat – nonushta, tushlik va kechki taom;
  • kun va tunning istalgan vaqtida tibbiy xizmat;
  • tajribali ishchi guruhi;
  • 24 soat transport qatnovi;
  • “Umra qo'llanmasi” (duolar to'plami);
  • sumka va nimcha;
  • safardan qaytishda 5 litr zam-zam suvi;
  • safar muddati 10 kun, bahosi 15 million 500 ming so'm.

 

Lyuks

  • umra vizasi va tibbiy sug'urta;
  • aviachipta;
  • imom-xatib va mudarrislardan iborat ellikboshilar;
  • Madina, Makka va Jidda yo'nalishlarida xizmat ko'rsatadigan zamonaviy avtobuslar;
  • Madina shahrida 5 yulduzli mehmonxona, Masjidi Nabaviydan 100 metr masofada;
  • Zamonaviy jihozlangan va barcha sharoitlarga ega bo'lgan 2 kishilik xonaga joylashuv;
  • Madina shahridagi Uhud tog'i, Qubo va Qiblatayn masjidlari ziyorati;
  • Makka shahrida 5 yulduzli mehmonxona, Harami sharifdan 100 metr masofada;
  • Makka shahrida Arafot, Nur tog'i, Mino va Muzdalifa vodiylari ziyorati;
  • 3 mahal issiq ovqat – nonushta, tushlik va kechki taom;
  • tunu kun tibbiy xizmat;
  • tajribali ishchi guruhi;
  • 24 soat transport qatnovi;
  • “Umra qo'llanmasi” (duolar to'plami);
  • sumka va nimcha;
  • 5 litr zam-zam suvi;
  • Safar muddati 10 kun, bahosi 20 million 400 ming so'm.

 

– Haj yoki umra safariga piyoda, velosiped yoki mashinada borish masalasi qanday?

Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan haj va umra ziyoratiga keluvchi xorij fuqarolari uchun viza olishning elektronlashgan tizimi yo'lga qo'yilgan. Shu bois safarga boruvchi kishining pasport ma'lumotlari maxsus elektron portalga kiritilib, viza to'lovi, tibbiy sug'urta, mehmonxona, ichki transport va ovqatlanish uchun onlayn to'lovini amalga oshirgan nomzodlarga viza beriladi.

Shuningdek, elektron portalda Saudiyaga borish va qaytish sanalari bilan birga borish vositasi ham tanlanishi lozim. Mazkur portalda ikki xil vositani, ya'ni samolyot yoki kema orqali borishni tanlash mumkin. Shu jihatdan, mamlakatimizdan Qirollikka mashina, velosiped yoki piyoda borish belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq emas.

 

Suhbatimiz yakunida ijtimoiy tarmoqlarda haj va umraga oid chiqishlar haqida fikr-mulohazalaringizni aytsangiz.

– Ta'kidlash kerakki, O'zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro'yxati asosida umra ibodatini amalga oshiradi. Ya'ni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shug'ullanadi. Bungacha bo'lgan jarayonlar, ya'ni umra navbatini yuritish, fuqarolardan to'lovlarni qabul qilish va tibbiy ko'rikdan o'tkazish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.

Shu bois hamyurtlarimiz navbat masalasi bo'yicha mahalla fuqarolar yig'ini va tuman-shahar hokiliklari huzuridagi tashkiliy guruhlarga, tibbiy ko'rik masalasida esa o'zi yashaydigan joydagi poliklinika yoki undan yuqori turuvchi sog'liqni saqlash muassasasiga murojaat qilishlari lozim. To'lovlar esa faqat va faqat bank orqali amalga oshiriladi.

Shu o'rinda bir jihatni iltimos qilardimki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab o'rganishni, O'zbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bog'lab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot sha'ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro'siga putur etkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot bo'lish zarur.

O'zbekiston musulmonlari idorasi haj va umra tadbirlarining shaffof va adolat mezonlari asosida tashkil etilishi tarafdori hamda o'z vakolati doirasida bu borada har qanday murojaatlarni tinglashga tayyor ekanini ma'lum qiladi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati muxbiri

Bahriddin Hushboqov suhbatlashdi  

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ixcham to‘y saodat va barqarorlik poydevori

22.10.2025   1138   2 min.
Ixcham to‘y saodat va barqarorlik poydevori

Dinimiz inson hayotining barcha jabhalarida muvozanatni ta’minlab, yuksak madaniyat va ezgu qadriyatlar asosida yashashni ustuvor vazifa sifatida targ‘ib qiladi. To‘y va boshqa marosimlar ham shunday me’yorlar doirasida bo‘lishi lozim. Ayniqsa, hozirgi kunda ortiqcha dabdababozlik va isrofgarchilik keng tarqalganligi sababli, insonlarning burch va axloqiy talablariga zid holatlar ko‘payayotgani kuzatilmoqda.

Islom dinida to‘y ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan birlashtiruvchi tadbir sanaladi. Undagi eng asosiy maqsad ayol va erkakni nikoh orqali oila qurishi va jamoat oldida bu rishtaning tasdiqlanishidir. Shunday ekan, to‘y ziyofatlari ortiqcha xarajatlar va dabdababozlikka aylanib ketsa, asosiy maqsaddan chetlanish vujudga keladi.

Isrof va dabdababozlik nafaqat moliyaviy zarar keltiradi, balki diniy-axloqiy nuqtayi nazardan ham qoralanadi. Qur’oni Karimda bu haqda shunday deyilgan:

“U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof, 31).

To‘ylarda ixchamlik va oddiylikni saqlash, isrofga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ortiqcha isrof va dabdababozlikning zararlari quyidagilar:

  1. Moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Ortiqcha xarajatlar oilaning kelajagi uchun mashaqqat tug‘diradi.
  2. Jamiyatda noo‘rin raqobat yuzaga keladi. To‘y-hashamlar orqali kim o‘zarga harakat qilishga urinish, nafsning yo‘rig‘iga yurish holatlari ko‘payadi.
  3. Gunohkor bo‘lishi mumkin. Chunki, isrof qilish Alloh taolo yoqtirmaydigan ishdir.
  4. To‘yning ma’naviy jihatdan qadri tushadi. Asosiy maqsad nikoh va yaqinlarning diydorlashuvi ekan, dabdababozlik uning ahamiyatini kamaytiradi.

Yaqin qarindoshlar, do‘stu qadrdonlar va qo‘shnilarni taklif qilish, kamtarona dasturxon tuzatish, bir necha turli taomlarni o‘rniga oddiy taomlarni tayyorlash, qo‘sha-qo‘sha mashinalar va qator-qator san’atkorlarsiz marosimlarni o‘tkazish, to‘yxona, uylarni ortiqcha bezamaslik, sarpo qilishda keraksiz va qimmat buyumlardan voz kechish, to‘y uchun sarf-xarajatlarni oldindan rejalashtirish, boshqa xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilish to‘ylarda dabdaba va isrofni oldini oladi.

Isrof va dabdababozlikdan chetlashish, oddiylik va ixchamlikka e’tibor berish har bir musulmonning burchi va mas’uliyatidir. To‘y hamjihatlik va oila qurish uchun muhim marosim ekanligini e’tiborga olsak, uning mazmunini yo‘qotib, ortiqcha sarf-xarajatlarga aylantirishdan saqlanish lozim.

To‘ylarni ixcham qilishga harakat qilsak, nafaqat o‘zimiz, balki jamiyatimiz ham barqaror va isloh bo‘ladi.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome

masjidi imom-xatibi

Maqolalar