1. Og'zi to'la qussa, kafforatsiz ro'za qazosining o'zini tutib beradi. Bordi-yu, qusqi uni qaytarishga kuchi etmaydigan darajada kuch bilan kelsa, ro'za ochilmaydi (“Muxtasar”)
2. Huqna (klizma) qildirish, burun bilan dorini dimoqqa tortib yutish, quloqqa yog' tomizish kabilar bilan ro'za ochiladi va kafforatsiz qazo vojib bo'ladi. Agar ro'zadorning qulog'iga suv kirib ketsa, ro'zasi ochilmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
3. Hozirgi oq saqich (jevachkalar) tarkibida turli xil modda va shirinliklar mavjud. Shuning uchun hozirgi saqichlarni (jevachkalarni) chaynab, tupigini yutsa, ro'zasi ochiladi.
4. Uzrsiz taom tuzini totib ko'rish, bozordan meva sotib olayotganda tanlash uchun totib ko'rish makruh ishlardandir. Uzrli bo'lsa makruh emas. Masalan: erining xulqi yomonligidan taomning tuzini totib ko'rishga majbur bo'lsa, xo'jayining urishishidan qo'rqib, bozor mevalarini totib ko'rib xarid qilsa, makruh emas. Shuningdek, yosh bolaga ovqatni chaynab beradigan odam yo'qligidan ro'zador bo'la turib, o'zi chaynab berishi uzr hisoblangani uchun makruh sanalmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
5. Ro'zador odamning kunduz kuni (uzrsiz) cho'milishi, boshidan suv quyishi, suvga tushib o'tirishi, xo'l kiyimga o'ralib olishi ayrim ulamolar nazdida makruh sanalgan. Abu Yusuf esa, bu kabi ishlar makruh emas, deb fatvo bergan (“Fatovoyi Olamgiriya”).
O'zbekiston musulmonlari
idorasi fatvo hay'ati
    
    
    
  
  
  
  
  
  
    
  Joriy yilning 23 oktyabridan 2 noyabriga qadar Haj va umra markazi tomonidan umra safariga borib kelgan ziyoratchilar safar davomida o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlardan juda mamnun bo‘lishdi.
Madinai munavvarada Ravzai sharifga kirish, Uhud tog‘i, Qubo masjidi ziyoratlaridan bir olam tassurotlar olib, ehrom bog‘lab Makkai mukarramaga kelgan ziyoratchilarning hammasi ibodatlarini ado etishdi.
Ka’batulloh tavofi, besh vaqt va nafl namozlar bilan bir qatorda Arafot, Nur, Savr tog‘lari hamda Mino, Muzdalifa vodiylari kabi muborak qadamjolarga uyushtirilgan ziyoratlardan dillarda farah jo‘sh urdi.
Qizil dengizga qilingan sayohat ularning kayfiyatlarini yanada chog‘ etdi.
– Keksayib qolganim uchun, garchi kuyovim va qizim bilan uzoq safarga chiqqan bo‘lsam ham, xavotirim bor edi, – dedi surxondaryolik 76 yoshli Osiyo ona Toshmuhammedova. – Xalqona til bilan aytganda, egali ekanmiz. Ishchi guruhi, ellikboshilar, shifokorlar doim xizmatga shay turishdi. Ibodatlarni birma-bir, yetaklab yurib o‘rgatishdi. Biror joyda yeb-ichishning, mehmonxonaning yo ulovning tashvishini qilmadik. Allohga behisob shukrki, safarimiz nihoyatda huzur-halovatli o‘tdi.
Ziyoratchilarni O‘zbekistondan muborak diyorga kuzatishdan tortib, to ona Vatanga qaytishlarigacha bosh-qosh bo‘lganlar haqiga duolar qilindi. 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati