بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo o'zining oxirgi dini bo'lmish Islomni mukammal, uning ahkomlarini to'kis qilib berdi. Bu Alloh taoloning mo'min-musulmonlar uchun bergan bitmas-tuganmas ne'matidir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:
الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الْإِسْلَامَ دِينًا
ya'ni: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim” (Moida surasi 3-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo Islom dinini mukammal qilib, uning tomirini erga mustahkam joylagan va shoxlarini osmonga qadar etgan daraxt kabi qilgan.
Sunnat bu dinda yuriladigan yo'ldir. Kim eng to'g'ri yo'lda yurmoqchi bo'lsa, Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning yo'llarida yurishi lozimdir. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
﴿أمَا بَعْدُ، فَإِنَّ خَيْرَ الْحَدِيْثِ كِتَابُ اللهِ، وَخَيْرَ الهَدْيِ هَدْيُ مُحَمَّدٍ، وَشَرَّ الْأُمُورِ مُحْدَثَاتُهَا، وَكُلُّ بِدْعَةٍ ضَلاَلَةٍ﴾
(رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)
ya'ni: “Ammo ba'd, albatta so'zlarning eng yaxshisi Allohning kitobidir. Yo'llarning eng yaxshisi Muhammadning yo'lidir. Ishlarning yomoni yangi paydo chiqarilganidir. Har bir bid'at zalolatdir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Qur'oni karimning qirqdan ortiq oyati karimalarida mo'min-musulmonlar Rasulimiz alayhissalomga itoat qilish va ergashishga buyurilgan. Jumladan, Hashr surasida bunday deyilgan:
وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
ya'ni: “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz va Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir” (Hashr surasi 7-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga itoat etish, u zot keltirgan shariatlariga amal qilish shariatimiz talabidir. Bu haqda Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uxlab yotganlarida huzurlariga farishtalar keldilar. Farishtalarning ba'zilari: “Bu kishi uxlayapti”, deyishdi. Ba'zilari esa: “Ko'zlari uxloq, qalblari uyg'oq”, deyishdi. Keyin farishtalar: (Payg'ambarimizga ishora qilib): “Mana shu birodaringizga bir masal bor. Qani bir zarbulmasal keltiringlarchi”, dedilar. Shunda farishtalar: “Albatta, bu kishi hovli qurib, ziyofat uyushtirgan zotga o'xshaydi. O'sha zot bir da'vatchi yuboribdi. Kim da'vatchiga javob bersa, hovliga kiradi va ziyofatdan baham ko'radi. Kim da'vatchiga javob bermasa, hovliga kirmaydi va ziyofatdan baham ko'rmaydi”, dedilar. Ba'zi farishtalar: “Bu gapni ta'vil qilinglar, tushunsin”, deyishdi. Boshqa farishtalar: “Hovli – jannat, da'vatchi – Muhammad sallallohu alayhi vasallam. Kim Muhammadga itoat qilsa, batahqiq, Allohga itoat qilibdi. Kim Muhammadga osiy bo'lsa, batahqiq, Allohga osiy bo'libdi. Muhammad – odamlar orasini farqlovchidir”,– dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shuning uchun U Zot alayhissalomdan kelayotgan din yo'liga xilof ravishda yangiliklar joriy qilish qattiq qoralanadi va rad etiladi. Bu haqda Rasululloh sallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
﴿ مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ ﴾ (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ عَنْ عَائِشَة رضي الله عنها)
ya'ni: “Kim ushbu ishimizda unda yo'q narsani paydo qilsa, u qaytarilgan”,–dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hadisi sharifdagi “Ushbu ishimiz” deganda din, shariat nazarda tutilgan. “Unda yo'q narsa” deganda shariatda mutlaq bo'lmagan yoki shariatning umumiy qoida va dalillari dalolat qilmagan amal tushuniladi.
Hanafiy mazhabining muhaqqiq olimlaridan Mulla Ali Qori shunday deydilar:
وَمَعْنَى الْحَدِيْثِ: أَنَّ مَنْ أَحْدَثَ فِي الْإِسْلاَمِ رَأْياً لَمْ يَكُنْ لَهُ مِنَ الْكِتَابِ وَالسُّنَّةِ سَنَدٌ ظَاهِرٌ أَوْ خَفِيٌّ مَلْفُوظٌ أَوْ مُسْتَنْبَطٌ فَهُوَ مَرْدُودٌ عَلَيْهِ
ya'ni: “...Hadisning ma'nosi, kim Islomda bir “fikr” o'ylab topsa, unga Qur'ondan ham, sunnatdan ham, ochiq oydin yoki maxfiy, lafziy yoki mustanbat (ijtihod qilib topilgan) asos bo'lmasa, u (fikr yoki amal) rad qilingandir”.
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh mazkur hadis sharhida bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo'lib, muhim qoidani o'z ichiga olgan. Ya'ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo'lgan har qanday bid'atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo'lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi”.
Endi bevosita “bid'at” so'zini ta'rifiga kirishadigan bo'lsak, “bid'at” so'zi lug'atda “o'xshashi bo'lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqidalarga kiritilgan o'rinsiz isloh”, – degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa Alloma Izziddin ibn Abdussalom shunday ta'riflaganlar:
اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ
ya'ni: “Bid'at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo'lmagan narsani amalga oshirishdir” (“Qavoidul ahkom” kitobi).
Demak, ibodatlarda asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo'lgan amallar bid'at hisoblanar ekan.
Dinga yangilik kiritish, go'yoki, Alloh va uning Rasuli bilmagan narsani “men topdim”, – degan da'vo qilishdir. Vaholanki, Islom – Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Biz musulmonlarning vazifamiz – dinimizning mohiyatini to'g'ri anglab etib, hayotimizga tatbiq qilish va turli bid'at-xurofotlarni paydo qilmaslikdir.
Ulamolarimiz bid'atni ikki qismga bo'lganlar: bid'ati hasana (yaxshi bid'at) va bid'ati sayyia (yomon bid'at).
Bid'ati hasana – shariatda asli bo'lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qo'shimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar raziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo'lgan Taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam jamoat bilan o'qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o'qishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bid'at bo'ldi”, – dedilar.
Shunga binoan diniy ilmlar o'rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go'zal siyratlarini targ'ib qilish uchun mavlid o'qish singari din asoslariga zid bo'lmagan amallar –“bid'ati hasana” bo'ladi. Ya'ni, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.
Bid'ati sayyia esa – shar'iy asosga ega bo'lmagan biror amal yoki e'tiqodni joriy etishdir. Bunday bid'at ayni zalolat bo'lib, uni shariatimizda rad etilgandir.
Ulamolarimiz bid'ati hasana va bid'ati sayyia o'rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya'ni, Payg'ambarimiz alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid'at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.
Demak, Payg'ambarimiz alayhissalom davrilarida bo'lmagan har bir amal ham yomon bid'at bo'lavermaydi. Balki, shariatimizning umumiy qoidalariga zid bo'lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e'tiqod zalolatga boshlovchi bid'at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid'atdan saqlanishi lozim bo'ladi.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, bir ishni ko'rganda unga nisbatan bid'at yoki bid'at emas deb hukm qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki bu borada ulamolar tomonidan joriy etilgan qoida va asoslar bor. Shundan kelib chiqib shuni aytamizki, yurtimizda ba'zi bir odatlar borki, garchi shariatda u ayni shu shaklda sobit bo'lmagan bo'lsa-da, shariatimizning umumiy asoslarga zid kelmaydi. Bunga misol qilib namozdan keyin qiroat qilish va jamaoviy duo qilishni keltirishimiz mumkin. Madomiki, musulmonlar bu odatlarni albatta shunday shaklda sobit bo'lgan deb e'tiqod qilmasdan amalga oshirsalar bid'at hisoblanmaydi. Shuning uchun bu odatlar yurtimizda bir necha asrlardan beri ulamolar tarafidan inkor etilmay davom etib kelmoqda.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biz ummatlarini O'z sunnatlari (tutgan yo'llari)ni mahkam ushlash va Rasulimizdan keyin o'tgan ulug' zotlarning yo'llarida bardavom bo'lishga chiqirib, bunday deganlar:
﴿ عَلَيْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الْخُلَفَاءِ الْمَهْدِيِّينَ الرَّاشِدِينَ، تَمَسَّكُوا بِهَا وَعَضُّوا عَلَيْهَا بِالنَّوَاجِذِ ﴾
(رواه الإمام الترمذي عن عرباض بن سارية رضي الله عنه)
ya'ni: “Sizlar mening va to'g'ri yo'lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo'lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mahkam ushlanglar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Aks holda sunnatlar unutilib, har xil bid'at va xurofotlar ko'payadi. Zero, bu borada Amr ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
﴿مَنْ أَحْيَا سُنَّةً مِنْ سُنَّتِي قَدْ أُمِيْتَتْ بَعْدِي فَإِنَّ لَهُ مِنَ الْأَجْرِ مِثْلَ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنَ النَّاسِ لاَ يَنْقُصُ مِنْ أُجُورِ النَّاسِ شَيْئًا وَمَنْ اِبْتَدَعَ بِدْعَةً لاَ يَرْضَاهَا اللهُ وَرَسُولُهُ فَإِنَّ عَلَيْهِ مِثْلَ إِثْمِ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنَ النَّاسِ لاَ يَنْقُصُ مِنْ آثَامِ النَّاسِ شَيْئًا﴾
ya'ni: “Mendan keyin unutilgan sunnatlardan birini kim amalga tadbiq qilsa, so'ng unga odamlar amal qilsalar, u uchun o'shanga amal qilgan kishilarning savobicha savob bo'ladi va bu ularning savobidan biron narsani kamaytirmaydi. Kim Alloh va Rasuli rozi bo'lmaydigan bir bid'atni paydo qilsa, u uchun o'sha bid'atga amal qilgan kishilar gunohicha gunoh bo'ladi, lekin bu ularning gunohidan biron narsani kamaytirmaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Vakt o'tib, insonlar din qonun-qoidalaridan uzoqlashgan sayin ilm susayib, jaholat va nodonlik yuzaga kelishi oqibatida turli bid'at-xurofotlar yuzaga keladi.
Hozirgi kunda ba'zilarning ilmsizlik oqibatida turli bid'at-xurofotlar yuzaga kelmoqda. Masalan, ba'zi joylarda o'tganlar ruhini yod etish maqsadida sham-chiroq yoqish, dinda asli yo'q turli ma'raka-tadbirlarni joriy qilish. Hususan, ba'zi hududlarda inson vafotidan keyingi uch kun ichida marosim qilib mehmon chaqirish odat tusiga kirgan. Vaholanki, bunday qilish shariat hukmlariga ziddir. Bu haqda “Hulosatul fatovo” kitobida bunday deyilgan:
وَلاَ يُبَاحُ اِتِّخَاذُ الضِّيَافَةِ عِنْدَ ثَلاَثَةِ أَيَّامٍ، لِأَنَّ الضِّيَافَةَ تُتَّخَذُ عِنْدَ السُّرُوْرِ
ya'ni: “Musibat etgandan keyin uch kun ichida odamlarga ziyofat qilib berishga ruxsat etilmaydi. Chunki ziyofat xursandchilik kunlari qilinadi”.
Mayyitni dafn qilmay bir necha kun ushlab turish ham sunnatga xilof odatlardandir. Shuningdek, yangi uy yoki markab sotib olganda biror jonliq so'yib, qonini uy yoki markabning ustidan oqizish ham xorofotlardandir. Ayollar o'rtasida “Mushkul kushod”, “Bibi seshanba” kabi tadbirlarni o'tkazish ham aynan mana shunday bid'atlardan sanaladi. Shuningdek, xalq orasida “ikkala hayit orasida nikohlanish joiz emas”, “safar oyida safar qilib bo'lmaydi”, “ro'za oyida tuxum eb bo'lmaydi”, “o'lik chiqqan xonadonda sumalak, halim pishirilmaydi”, “iftorlikka hamirsiz ovqat tayyorlash lozim”, “mavlid o'qilsa, xonadon sohiblari qatnashmaydi”, “baliq esa, jig'ildoni tozalanib, luqmasi halol bo'ladi” qabilidagi e'tiqodlar ham ayni qoralangan bid'atlar turiga mansubdir. Bu kabi irim-sirimlarga ishonish, unga “ixlos” bilan amal qilish Alloh taologa yaqinlashtirmaydi, balki uning g'azabiga olib boradi. Alloh bundan barchamizni asrasin! Shuning uchun ham obid zotlardan biri bo'lmish Abu Ayyub Sixtiyoniy rahimahulloh: “Bid'atchi o'z bid'atida qancha tirishsa, Allohdan shuncha uzoq bo'ladi”, – deganlar.
Demak, hayotimiz davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o'rganib, kundalik hayotimizga tatbiq qilishimiz, turli shar'iy asosga ega bo'lmagan odat va xurofotlardan saqlanishimiz lozim bo'ladi.
Alloh taolo barchamizga O'zi rozi bo'ladigan amallarni muyassar aylab, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Omin!
Yuklab olish:
Sunnatga_ergashish_va_bidatning_zararlari.doc
Sunnatga_ergashish_va_bidatning_zararlari.pdf
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati