Ramazon oyiga o'zgacha shukuh, surur bag'ishlaydigan, faqatgina bu oyga xos bo'lgan ibodat taroveh namozidir. Ammo ming afsuski o'tgan yili boshimizga kelgan og'ir sinov sababli bir yillik jismu ruhimizga shifo va kuch-quvvat bo'luvchi taroveh namozlarida Qur'oni karimga some' bo'lish baxtidan mosuvo bo'lgandik.
Alhamdulillah, bugundan yurtimizning barcha masjidlarida taroveh namozi, Qur'on xatmlari boshlanadi. Ma'lum bo'lishicha, Toshkent shahri masjidlarida tarovih namozlari kechki soat 21:00 dan boshlanishi belgilangan.
Bu yil o'tgan yillardan beri sog'inganimiz – taroveh namozlarida Qur'oni karimga some' bo'lamiz. Ramazon kechalarida qoim bo'lish – ulug' ibodat bo'lib, Alloh taolo taqvodor bandalarini sifatlar ekan, ularning kechalarini ibodat bilan o'tkazishlarini alohida zikr qiladi: “(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar” (Zoriyot surasi, 15—19 oyatlar).
Boshqa oyatda Alloh taolo suyukli bandalarini bunday tavsif qiladi: “Ular yana tunlarni Parvardigorga sajda qilgan va tik turgan (bedor) holda o'tkazadigan kishilardir” (Furqon surasi, 64-oyat).
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon (kechalari)da imon bilan (Alloh taoloning unga savob berish va'dasini tasdiqlagan holda) va savob umidida (riyo va unga o'xshash narsa uchun emas, faqat ajrni talab qilib namoz o'qigan holda) tursa oldingi o'tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta Alloh taolo sizlarga Ramazonning ro'zasini farz qildi, men esa sizlarga uning qiyomini sunnat qildim. Bas, kimki imon va ixlos bilan unda ro'za tutsa va qoim bo'lsa, gunohlaridan onasi uni tug'gan kundagidek pok holda chiqadi”(Imom Nasoiy rivoyati).
Ramazon oyining g'animat lahzalarining har bir soniyasidan unumli foydalanishga intilaylik, bir zum ham g'aflatda qolmaylik! Alloh taolo taroveh namozlarimizni, tungi qiyomlarimizni O'z dargohida qabul qilsin, Ramazonni ajru savoblar ila manfaatli yakunlashimizni nasib etsin!
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo sha’bonning yarmidagi tunlarda barcha maxluqotlariga nazar solib, mushrik va arazlashganlardan boshqa barchaning gunohini kechiradi" (Ibn Moja rivoyati).
Men Sizdan Alloh uchun kechirim so‘rayman.
Meni kechiring!
Ostonada Baroat kechasi!
Bugun shom namozida keyin gunohlar kechiriladigan – Baroat kechasi kirib keladi. Bu kechada hammaning gunohlari kechiriladi, faqat bir-biri bilan arazlashgan, gina-adovatda bo‘lganlar mag‘firatga erishmaydi.
Aslida kechirish juda oson... To‘g‘ri, balki dilingizni og‘ritishgan, yaxshiliklaringizni bilishmagandir, ammo baribir, kechirimli bo‘lish yaxshi.
Ko‘nglingizga ozor berganlarni kechirish uchun o‘zingizni ovutib, bahonalar to‘qishga urinmang. Balki shuncha gunoh qilsangiz ham Alloh Sizning gunohlaringizni kechirayotganini, U Zot sizga lutf etayotgan beminnat ne’matlarini eslang.
Ishoning, arazlashgan yaqinlaringiz bilan munosabatlarni tiklash, ko‘ngildagi nafrat izlarini yo‘qotish, qalbdagi og‘riqni to‘liq olib tashlash – sizga ancha yengillik beradi.
Baroat kechasi – gina-adovat, nafrat-arazlar, xafagarchiliklar unutiladigan, hamma bir-biridan rozilik hamda kechirim so‘raydigan kecha. Bu kecha Alloh nasib qilsa yana bir yildan keyin keladi. Lekin unga yana kimlar yetadi, kimlar yetmaydi.
Shunday ekan, yaxshi ko‘rgan insonlaringizni mahkam tuting.
Ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting, xatolarini kechiring. Bir kun kelib kech bo‘lishi mumkin.
Hayot gina saqlashga, g‘azabga, rishtalarni uzishga arzimaydi.
Ertaga biz faqat xotira bo‘lib qolamiz. O‘lim ruxsat so‘ramaydi.
Davron NURMUHAMMAD