Oila va farzand tarbiyasida ayolning o'rni beqiyos bo'lgani kabi jamiyat hayotida ham otinoyilarning mavqei juda muhim. Din va dunyoviy ilmlar bilimdoni, ayol-qizlar murabbiysi, diniy marosimlarga boshchilik qiladigan ma'rifatli ayol bo'lgan otinoyilarimiz o'rni pandemiya davri va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlar oqibatlarini bartaraf etishda, ayniqsa, yoqqol namoyon bo'ldi.
Kuni kecha Yurtboshimiz farmoni bilan bir guruh ayollar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida bir qator otinoyilarimiz ham yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Jumladan, Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti xotin-qizlar masalalari bo'yicha qozi yordamchisi, bosh otinoyisi Dosimbetova Tamara Jumabayevna “Do'stlik” ordeni bilan; Toshkent shahar Uchtepa tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Karabayeva Nafisa Kutpitdinovna, Toshkent viloyati, Yangiyo'l tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Nishanova Hanifaxon Sobirovna, Andijon viloyati, Andijon tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Yunusova Hamidaxon Haldarovnalarga “Shuhrat” medali berildi.
Otinoyilarimizning fidoyi xizmati har qanday maqtov va mukofotga loyiqdir! Zero, Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, deya marhamat qilinadi. Ushbu yuksak mukofot ham kelgusida otinoyilarimizning yurtimiz tinchligi va ravnaqi, xalqimiz farovonligi va dinimiz targ'ibi yo'lidagi xayrli ishlarda yanada shijoat bilan faoliyat olib borishiga turtki bo'ladi, inshaalloh.
Alloh taolo otinoyilarimizga ushbu mukofotlarni muborak qilsin, xalqimiz ma'rifatini oshirish yo'lidagi faoliyatiga rivoj bersin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xotin-qizlar bo‘limi tomonidan otinoyilar ishtirokida “ZOOM” platformasi orqali o‘quv seminarlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bunda aqida, fikh, siyrat, hadis, mavlid va janoza masalalari to‘g‘risida tushunchalar berib boriladi.
Bugun, 29 yanvar kuni tizimda faoliyat olib borayotgan otinoyilar uchun Aqida va fikh fanlari doirasida o‘quvlar boshlandi. Ikki mingdan ziyod tinglovchi qatnashgan, “Islom shariatida poklik masalalari” deb nomlangan ilk mashg‘ulotni "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisi Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tkazdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini Fatvo markazi mutaxassislari, “Imom Buxoriy” nomidagi Toshkent islom instituti va "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchilari olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati