— Yaqinda shom namozidan keyin kasal ko'rgani borgan edim. Bemorning yaqinlari shomdan so'ng kasal ko'rilmaydi, deb meni bemorning oldiga qo'yishmadi. Yana sut, qatiq kabi oqliklarni ham shomdan keyin olib bo'lmaydi, degan gaplar ham bor… Shu to'g'rimi?
— Bemorni ziyorat qilish, uni ko'rishga borish sunnati muakkada hisoblanadi, hatto Imom Buxoriy rahimahulloh vojib ham deganlar. Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Ochni to'ydiringlar, bemorni ziyorat qilinglar, asirni ozod qilinglar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Kasal ko'rishga borish aynan biror vaqtga belgilab qo'yilmagan. Odamlarning vaqti va bemorning sharoitiga qarab ziyoratga borilaveradi.
Hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim ertalab kasal ko'rgani borsa, u bilan birga etmish ming farishta birga boradi va kun botgunicha u uchun istig'for aytadi. U jannatda xurmo mevalari bilan mukofotlanadi. Kun botganidan keyin kasal ko'rgani borgan kishi bilan ham etmish ming farishta birga boradi va tong otguncha unga istig'for aytadi hamda u jannatda xurmo mevalari bilan mukofotlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, kecha-yu kunduz bemorlarni ziyorat qilish mumkin. Muhimi, bemorga malol keladigan vaqtda ziyorat qilmasa bas.
Sut, qatiq kabi oqliklarni ham shomdan keyin olib bo'lmaydi, degan gaplarning dinga umuman aloqasi yo'q. Asosi bo'lmagan gaplardir.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayrim zikrlar, tasbihlar borki, ular shuncha adadda aytiladi deyilgan. Masalan, namozdan keyin subhanalloh, alhamdulillah, Allohu akbarni 33 marta aytish. Shularda 33 ta aytish kerakmi yoki undan ko‘proq aytsa ham bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Zikrlar ikki turga bo‘linadi. Biri hech qanday adad yoki vaqt bilan belgilanmagan bo‘lsa, ikkinchisi maxsus adadlar, holatlar va vaqtlar bilan belgilangan bo‘ladi. Birinchi turdagi zikrlarni inson istagan vaqtda, istagan adadda qilishi mumkin.
Masalan, Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har doim Alloh taoloni zikr qilardilar, deyilgan.
Ikkinchi turga besh vaqt namozdan keyin qilinadigan zikrlar, uyqudan avval va keyin, tongi va kechki zikrlar kiradi. Mana shu turdagi zikrlarni aytilgan adadda aytishni ulamolar tavsiya qilganlar.
Masalan, mashhur alloma Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “Zikrlarda maxsus sanoqqa rioya qilish e’tiborlidir. Ba’zi ulamolar namozlardan keyin aytiladigan zikrlar kabi maxsus sanoqdagi zikrlar uchun xos savob aytilgan bo‘lsa va zikr qiluvchi uni aytilgan sanoqdan ko‘proq aytsa, unga mazkur zikr uchun xos bo‘lgan savob berilmaydi. Chunki o‘sha adadlarda o‘ziga xos hikmat va xususiyat bo‘ladiki, undan oshirib yuborish sababli ana shu fazilatlar boy beriladi”, deganlar. Allomaning bu fikrini ko‘plab olimlar ma’qullagan.
Maxsus sanoqdagi zikrlarning yana bir turi borki, unga qo‘shimcha qilish, sanog‘ini ko‘paytirishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqtaganlar. Bunday zikrlarda sanoqdan oshirish mumkin bo‘ladi.
Mazkur hadisda yuztadan ko‘p zikr qilgan kishining ko‘proq savob olishi aytilmoqda. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.