Kiyevda 14 va 15 noyabr' kunlari ikki kun davom etgan XXI Qur'oni Karim bilimdonlarining umumukraina musobaqasida 103 kishi ishtirok etdi. Islam.ru xabariga ko'ra, tanlov epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarga qat'iy rioya qilingan holda bo'lib o'tdi: tashrif buyuruvchilar o'rtasidagi masofa nazorat qilib turildi, bir vaqtning o'zida xonada bo'ladigan odamlar sonini kamaytirish uchun, muxlislardan bu yil uyda qolish iltimos qilindi — faqat qatnashuvchilarning ustozlari va yosh ishtirokchilarning ota-onalari hozir bo'lishdi.
Tanlov ishtirokchilari bir necha guruhga bo'lindi. Birinchi kuni hakamlar hay'ati butun Qur'onni o'rgangan va uni qiroat, tajvid qoidalariga muvofiq yoddan o'qiy oladigan va oyatlarning ma'nosini tushuntira oladigan ishtirokchilarning bilim va ko'nikmalarini baholab bordi. Shuningdek "15 juz" (Qur'onning yarmi) va "10 juz" toifalaridagi ishtirokchilar ham qatnashishdi.
Tanlovning ikkinchi kuni turli darajadagi murakkablikda chiqish qilgan xotin-qizlarga ajratildi; shundan so'ng erkaklar va o'g'il bolalar "5 juz" va "2 juz" nominatsiyalari bo'yicha o'z chiqishlarini tugatdilar va kechqurun hakamlar hay'ati g'oliblarning nomlarini e'lon qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
BORLIQ… INSON
Aqliy dalillar haqida gap ketar ekan, avvalo borliq haqida tafakkur qilishimiz kerak. Chunki osmon va yulduzlar, oy-u quyoshni har kuni ko‘ramiz, ularning borligini hech kim inkor qilmaydi.
Ma’lumki, borliq insoniyat yaralishidan oldin paydo bo‘lgan. Buni hech kim inkor qilmasa kerak. Dunyoda koinotdan oldin inson paydo bo‘lgan degan gapni aytadiganlar yo‘q.
Aksincha, borliq insoniyat paydo bo‘lishidan ancha oldin ham bor bo‘lganini, uning insoniyat uchun qulay bir sharoitga keltirilganini hamma biladi. Nafaqat qulay qilib qo‘yilgan, balki insonga nisbatan ancha kuchli qudratga ega yaralmishlar ham aynan insoniyat xizmatiga bo‘ysundirib qo‘yilgan. Yana shunday narsalar borki, inson o‘z mehnati, kuch-g‘ayratini sarflagandagina ulardan unumli foydalana oladi.
Demak, bu dunyo biz uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan ekan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَوَاتٍ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾
“U yerdagi barcha narsalarni sizlar uchun yaratgan Zotdir. So‘ngra osmonga nazar soldi va uni yettita osmon qilib qo‘ydi. U barcha narsani bilur” (Baqara surasi, 29-oyat).
Bu masalada biror kimsa qarshi fikr bildira olmaydi. Aniq bo‘ldiki, borliq insoniyat paydo bo‘lishidan oldin bor bo‘lgan va bu sharoitlar boshqa bir Kuch tomonidan tayyorlangan. Chunki inson dunyoga kelmay turib o‘zi uchun sharoit yarata olmaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً﴾
“Va Robbing farishtalarga “Men yerda xalifa qilmoqchiman” deganini esla” (Baqara surasi, 30-oyat).
Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, borliq inson paydo bo‘lishidan oldin bashariyat uchun tayyorlab qo‘yilgan. Zotan Alloh taolo insonni yaratishdan oldin “yerda” demoqda. Bundan yer yuzi insoniyat paydo bo‘lishidan oldin bor bo‘lgani oydinlashdi.
Demak, dastlabki xulosamiz bunday bo‘lishi kerak: Alloh taolo O‘z qudrati ila bu borliqni yaratgan va uni yartishda biror kimsaning yordamiga muhtoj bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Aksincha, biz U zotga muhtoj bo‘lganimiz uchun paydo bo‘lishimizdan oldin yer yuzi bizga qulay holda tayyor qilib qo‘yilgan.
Bilamizki koinotdagi ulkan sayyora va jismlarni boshqarishga kuchimiz yetmaydi. Barcha insonlar birlashib ham ularni o‘z izmlariga sololmaydilar. Birgina quyoshni boshqarish ham qo‘llaridan kelmaydi. Yer, tog‘lar, dengizlar ham shunday. Ularni boshqara olmaymiz.
Demak, bu narsalar ham biz uchun tayyorlangan. Hech kim oldindan insoniyat uchun ularni qulaylashtirib qo‘ymagan. Quyosh o‘z holicha harakatlana olmaydi. Havo ham o‘zi xohlagan tomonga esa olmaydi. Yomg‘ir ham o‘zi xohlab yog‘a olmaydi. Yer ham o‘zi xohlagan yerda nabototlarni undirib, xohlagan joydan buni man qila olmaydi.
Shuningdek, birorta inson bu narsalarni boshqarishni o‘zining daxli borligini da’vo qila olmaydi. O‘zi haqida fikr yuritgan inson ham bunday xilqat o‘zicha paydo bo‘lmaganini, balki buyuk Yaratuvchi tomonidan ijod qilinganini anglaydi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan