Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Diniy bag'rikenglik – tinchlik va taraqqiyot kafolati

18.11.2020   2023   8 min.
Diniy bag'rikenglik – tinchlik va taraqqiyot kafolati

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari teng huquqli hamda o'zaro hamjihatlikda tinch-totuv yashab kelmoqda. Ularning huquq va erkinliklari kafolatlangan holda ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda o'z milliy va diniy an'ana hamda qadriyatlariga rioya qilishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan.

Bundan tashqari, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo'shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan bo'lib, bu bilan millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi.

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon butun dunyoda har yili 16 noyabr' – “Halqaro bag'rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Diniy bag'rikenglikni ta'minlashda Markaziy Osiyo davlatlarining tarixiy qadriyatlarini o'rganish va targ'ib qilish masalalari” mavzusida xalqaro onlayn konferentsiya bo'lib o'tdi.

Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, UNESSOning O'zbekistondagi vakolatxonasi, O'zbekiston musulmonlari idorasi, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, turli davlat va jamoat tashkilotlari, yurtimizda rasman ro'yxatdan o'tgan 16 ta diniy konfessiya vakillari, dinshunos va huquqshunos olimlar, soha bo'yicha ekspertlar, Akademiya o'qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Zoom platformasi orqali o'tkazilgan onlayn konferentsiyani O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Zohidjon Islomov olib bordi. Anjumanni O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma'rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo'yicha birinchi prorektor, professor Shuhrat Yovqochev kirish so'zi bilan ochdi.

– Bugungi konferentsiyani o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o'rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo'nalishda o'z echimini kutayotgan masalalarni hal qilishda takliflar ishlab chiqishdir, – deydi Shuhrat Yovqochev. – Zero, mamlakat taraqqiyotida barqarorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglik muhitini saqlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Hozirgi globallashuv jarayonida diniy bag'rikenglik muammosi jahon hamjamiyati uchun ham g'oyat dolzarb masalalardan biri bo'lib hisoblanadi. 1995 yil 16 noyabrda BMTning Fan, ta'lim va madaniyat bo'yicha ixtisoslashgan tashkiloti UNESSO tomonidan “Bag'rikenglik tamoyillari” deklaratsiyasining qabul qilinishi buning yorqin dalilidir. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida “Diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat ko'p o'tmay, BMTning 73-sessiyasida a'zo davlatlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi va 50 dan ziyod mamlakatlar ushbu hujjatni qabul qilish istagini bildirdi.

Shundan so'ng, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi rahbari Dilorom Fayziyeva mamlakatimizda diniy bag'rikenglikka bo'lgan e'tibor, millatlararo totuvlikni ta'minlashning huquqiy asoslari xususida so'z yuritdi.

Onlayn konferentsiya davomida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisi Abdug'affor Ahmedov so'zga chiqib, yurtimizda konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni saqlash yo'lida olib borilayotgan oqilona siyosat va islohotlar, amaliy chora-tadbirlarga to'xtalib o'tdi.

– Muhtaram Prezidentimiz tomonidan so'nggi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalari qatori diniy-ma'rifiy sohaga ham alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov. 

– 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo'nalishi xavfsizlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik masalasiga bag'ishlangani, mazkur masala davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi ekanini ko'rsatadi. «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» to'g'risidagi rezolyutsiya jahonda turli din va e'tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ilgari surilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Shuningdek, O'zbekiston tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bag'rikenglikni ta'minlashda naqadar katta ahamiyatga ega ekani bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon bo'lmoqda. Uchrashuv mobaynida Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston eparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy Morar hamda Rim-katolik markazi rahbari episkop Yeji Masulevich ham so'zga chiqib, yurtimizdagi diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik qadriyatga aylanganini ta'kidlashdi. – Asrlar davomida mana shu zaminda rivojlanib kelgan millatlararo va diniy bag'rikenglik g'oyalarini qadrli meros sifatida saqlash yo'lida birgalikda harakat qilishimiz kerak, – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston eparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy Morar. 

– Chunki barqarorlik, birlik, bahamjihatlik bor joydagina qudratli davlat va rivojlangan jamiyat barpo etiladi. Eng muhimi, O'zbekiston xalqida ana shunday bag'rikenglik bor. Tarixan bu isbot topgan. Ikkinchi jahon urushida turli hududlardan olib kelingan yuz minglab oilalar va bolalarga o'zbek xalqi boshpana berdi. Har bir oila ularni o'z bag'riga olib, ota-onalik mehrini ulashdi. O'zbek xalqining ana shu bag'rikengligi avloddan avlodga meros bo'lib o'tib kelayotgani juda muhim. – Mazkur an'anaviy xalqaro konferentsiyada muntazam qatnashib kelaman, – deydi Rim-katolik markazi rahbari episkop Yeji Masulevich. 

– Konferentsiya yildan yilga ishtirokchilar soni, mavzular rang-barangligi hamda qatnashuvchi mamlakatlar geografiyasi kengayib bormoqda. Halqaro bag'rikenglik bayrami bizga O'zbekistonda ko'plab diniy, milliy, madaniy markazlarning tinch-totuv yashayotganini ko'rsatyapti. Hayotiy bir voqeani yodga olsam: Samarqanddagi cherkovga borganimda mashina haydovchisi aytib bergan holat hech esimdan chiqmaydi. U o'zi tojik, bir qo'shnisi yahudiy, boshqasi nasroniy ekan. Ular o'z bayramlarini birga nishonlashlarini aytgandi. Mana shu — haqiqiy bag'rikenglik. Shuningdek, konferentsiya davomida «Tarixiy qadriyatlar, dinlararo aloqa va diniy bag'rikenglik; qiyosiy tahlil», «Markaziy Osiyo davlatlaridagi diniy vaziyat», «Zamonaviy dunyoda bag'rikenglik: diniy, huquqiy va siyosiy jihatlar», «Tarixiy qadriyatlarda diniy bag'rikenglik tamoyillari», «O'zbekiston Respublikasi – ko'pmadaniyatli jamiyat model'i sifatida», «Diniy bag'rikenglik – jamiyat taraqqiyoti poydevori» va boshqa mavzularda diniy konfessiya vakillari, dinshunos va huquqshunos olimlar, soha bo'yicha ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi. – Asrlar davomida Turon zaminida yashagan ajdodlarimiz diniy bag'rikenglik tamoyillarini o'z turmush tarziga aylantirgan, – deydi O'zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov. 

– Diniy bag'rikenglik o'zbek xalqining turmush tarzida muhim o'rin tutgan. Boshqa xalqlar va dinlarga nisbatan etnik madaniy bag'rikenglik va totuvlik o'zbek xalqiga xos fazilatlardan biridir. Tarixga nazar tashlasak, O'zbekiston ilk diniy qarashlar va tasavvurlar o'lkasi ekaniga guvoh bo'lamiz. Qadimgi Horazm hududida zardushtiylik e'tiqodi vujudga kelgan bo'lsa, buddaviylik O'zbekistonning janubiy hududlariga eramizning boshlarida Kushon imperiyasi orqali kirib kelgani yozma manbalarda yozib qoldirilgan. Bu esa O'zbekistonda qadimdan diniy bag'rikenglik tamoyili ustuvor bo'lganidan dalolat beradi. Qizg'in munozara ostida o'tgan konferentsiya qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Yig'ilganlar tomonidan bu kabi tadbirlar respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an'analari va urf-odatlarini hurmat qilishga, jamiyatda ko'p millatli katta oila tuyg'usi, millatlararo totuvlik hamda diniy bag'rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz ekani ta'kidlandi.

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   2608   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV