Islom moliyasi sohasida jahonning eng obro'li nashrlaridan biri bo'lgan www.islamicfinancenews.com O'zbekistonda islom moliyasi sohasida bo'layotgan ijobiy o'zgarishlar, savodxonlikni oshirish bo'yicha qilinayotgan ishlar bo'yicha maqola e'lon qildi. Islommoliyasi.uz sayti va telegram sahifasi asoschilaridan biri Hondamir Nusratxo'jayev bu borada qilinayotgan sa'y-harakatlar yuzasidan Jahongir Imamnazarov va Muzaffar Nizomiddinovlar bilan suhbatlashdi.
Hususiy tarmoqni rivojlantirish Islom korporatsiyasi (ICD) tashkilotga a'zo mamlakatlarda islom moliyasini rivojlantirish maqsadida xususiy tarmoq va hukumatlarga moliyalashtirish va maslahat berish orqali ko'maklashadi.
Bugungi kunda ICD tomonidan O'zbekistonning sakkizta tijorat bankida islom darchalari ochish bo'yicha maslahat guruhi ish olib bormoqda. Ushbu loyiha doirasida 2020 yil sentyabr' oyida ICD Islom tadqiqot va trening instituti (IRTI) bilan hamkorlikda islom moliyasi mahsulotlari va tamoyillari bo'yicha bir oylik trening o'tkazish bo'yicha shartnoma imzolandi. Rejaga ko'ra 2021 yilda O'zbekistonning beshta tijorat bankida islom darchalari faoliyat boshlashi ko'zda tutilgan.
ICD tashkilotining vakili Muzaffar Nizomiddinov so'zlariga ko'ra, islom darchalarini ochishga tayyorgarlik ko'rish jarayonida ayniqsa banklarning mijozlar bilan ishlaydigan xodimlari zarur bilimlarga ega bo'lishlariga katta ahamiyat berilmoqda.
Kelishuvga ko'ra beshta tijorat banki uchun treninglar tashkil qilinadi va ular IRTI mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Ushbu treninglarda tijorat banklarining taxminan 125 nafar xodimi malaka oshirish, islom bankchiligining turli mavzularida zarur bilimlarni olish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Treninglar har bir bank uchun besh kun davom etishi va xalqaro parvozlar uchun taqiqlar olinganda tashkillashtirilishi ko'zda tutilgan.
Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (BMTD) 2020 yilning birinchi yarmida “O'zbekistonda barqaror taraqqiyotni moliyalashtirish” mavzusidagi tadqiqot doirasida mamlakatda islom moliyasi imkoniyatlarini o'rgandi va keng ko'lamli so'rovnoma o'tkazdi. Ushbu so'rovnomada 7200 ta ishtirokchi, jumladan, 2235 ta korxona va tadbirkorlar, 4938 ta aholi vakillari va mamlakatda faoliyat olib borayotgan 30 ta tijorat bankining 27 tasi qatnashdi.
Loyiha etakchisi Jahongir Imamnazarov tadqiqot yuzasidan quyidagi ma'lumotlarni taqdim etdi:
- So'rovnomada ishtirok etgan korxona va tadbirkorlarning 60% va aholining 68% bankdan kredit olmasligining asosiy sababi diniy qarashlari ekanligini aytganlar.
- Agar O'zbekistonda islom moliyasi muassasalari faoliyat yuritishni boshlasa so'rovnomada qatnashgan 61% korxona va tadbirkorlar, 75% aholi vakillari ularga mijoz bo'lish istagini bildirganlar.
- Islom moliyasi mahsulotlari qimmatroq bo'lsa ham ulardan foydalanasizmi degan savolga 47% korxona va tadbirkorlar, 55% aholi vakillari ijobiy javob berganlar.
- Korxona va tadbirkorlarning 44%, aholi vakillarining 42% islom banklariga muzoraba bitimi orqali mablag'larini yo'naltirishga tayyor ekanliklarini aytganlar.
- So'rovnomada qatnashgan 27 ta tijorat banklarining barchasi islom moliyasi va bankchiligi joriy qilinishini qo'llab quvvatlashini bildirganlar.
Tadqiqot ushbu sohadagi muammolar, imkoniyatlar, savodxonlik va boshqa masalalarni ham o'z ichiga olgan. Odamlarning so'z va istaklari ularning qabul qiladigan amaliy qarorlaridan farq qilsada, so'rovnoma natijalari eng asosiy savol – O'zbekistonda islom moliyasiga talab etarli darajada bo'ladimi-yo'qmi degan masalaga ochiq-oydin ijobiy javob berdi.
Ishning qolgan amaliy qismi esa aholisining 95% musulmon bo'lgan ushbu mamlakatda ham islom moliyasini joriy qilish va shu bilan ushbu soha rivojlanayotgan 40 dan ortiq davlat qatoriga qo'shilishga imkoniyat berishdir.
Islom moliyasi saytidan olindi.
Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.