Qozog'iston musulmonlar diniy idorasi raisi, oliy muftiy Naurizbay hoji Tag'anuli tashabbusi bilan mamlakatning har bir viloyatida "halol" mahsulotlarini sotish bo'yicha maxsus savdo nuqtalari ochila boshladi.
Oqto'ba shahrida mamlakatning birinchi "halol do'koni" ochildi. Oqto'ba viloyati bosh imomi Tolebi Ospan, « Halol Damu» direktori Aibek Asqarbekuli ishtirokida shaharda "1-son halol" do'konning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Muftyat.kz xabar qilishicha, bosh imomning marhamati bilan halol bozori ishga tushirilib, dastlabki iste'molchilar halol mahsulot turlari bilan tanishtirildi.
"Halol Damu" direktori Aibek Asqarbekulining aytishicha, bu yaxshi tashabbus ilk bor Oqto'ba viloyatida amalga oshirildi va kelajakda bunday nuqtalarni mamlakatning turli burchaklarida ochish rejalashtirilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #hamkorlik #muhokama
Shu yil 2 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Rossiya Federatsiyasi musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Rushan hazrat Abbyasovni qabul qildilar.
Muftiy hazrat mehmonni tashrif bilan qutlab, keyingi yillarda yurtimizda bo‘layotgan katta ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘zlash barobarida do‘stona munosabatlar tufayli hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, xususan, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi diniy idoralari o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida diniy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy sohalarda hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, o‘tgan yillar davomida birgalikda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlar, ulamolar muloqotlari, tashriflar va tajriba almashinuvlar juda ham foydali bo‘layotgani e’tirof etildi.
O‘z navbatida Rushan hazrat Abbyasov samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirish asnosida O‘zbekistonda barcha jabhada bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, diniy sohadagi yangiliklardan behad xursand ekanligini bayon etdi. Shuningdek, Muftiy hazratlariga mazkur mamlakat musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdinning salom va tabrigini yetkazish barobarida o‘zlariga qulay vaqtda ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun Rossiya Federatsiyasiga rasmiy safar qilish taklifini taqdim etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston ilm-ma’rifat markazi ekani, Rossiyada faoliyat yuritayotgan ko‘plab ulamolar 500 yillik tarixga ega Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ta’lim olgani, hozir ham ushbu an’ana davom ettirilib, bu yerdagi diniy ta’lim muassasalarida xorijlik talabalar o‘qiyotganini e’tirof etdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikda xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, diniy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati