Qozog'iston musulmonlar diniy idorasi raisi, oliy muftiy Naurizbay hoji Tag'anuli tashabbusi bilan mamlakatning har bir viloyatida "halol" mahsulotlarini sotish bo'yicha maxsus savdo nuqtalari ochila boshladi.
Oqto'ba shahrida mamlakatning birinchi "halol do'koni" ochildi. Oqto'ba viloyati bosh imomi Tolebi Ospan, « Halol Damu» direktori Aibek Asqarbekuli ishtirokida shaharda "1-son halol" do'konning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Muftyat.kz xabar qilishicha, bosh imomning marhamati bilan halol bozori ishga tushirilib, dastlabki iste'molchilar halol mahsulot turlari bilan tanishtirildi.
"Halol Damu" direktori Aibek Asqarbekulining aytishicha, bu yaxshi tashabbus ilk bor Oqto'ba viloyatida amalga oshirildi va kelajakda bunday nuqtalarni mamlakatning turli burchaklarida ochish rejalashtirilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘p yillardan buyon Saudiya podshohligi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistondagi ehtiyojmand aholi qatlami uchun xurmo va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblari hadya qilishi an’ana tusini olgan.
Ushbu ezgu amal bu yil ham davom etib, oziq-ovqat mahsulotlari solingan 6150 dona quti hozirlandi. Kecha, 2 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Sa’d ibn Nosir Abu Haymad, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Saudiya tomoni xayriya ishida qatnashayotganidan mamnun ekanligini bildirib, oziq-ovqat mahsulotlarning haqiqiy haqdorlarga yetkazib berilishida ko‘mak berayotgan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shundan so‘ng xayriya mahsulotlarini topshirish ishlariga start berildi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar respublika bo‘ylab taqsimlanib, tez kunlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi.
Ramazon oyi kirib kelishi bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar ko‘lami yanada kuchaytiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati