NAZM
Avvalg'i mu'man bihning sharhi
(Mavzuning davomi)
Bor ediyu hamisha bo'lg'usidur,
Nekim o'lg'usidur, ne to'lg'usidur.
Tengri kunhig'a banda yo'l topmas,
“Qachon”u “qanda” anda yo'l topmas.
Zoti Aning ne javharu ne araz,
Ishlarida ne illatu ne g'araz.
Tengrining zoti, oti eldek emas,
Fe'li birla sifoti eldek emas.
O'z boshingcha Hudog'a ot demagil,
Ham ta'aqqul qilib, sifot demagil.
Bor mavsuf ul sifot birla,
Ham musammodurur ul ot birla.
Kim O'zi oni yod qilg'andur,
Ahli din e'tiqod qilg'andur.
NASRIY BAYoN
(Mavzuning davomi)
U zot (Alloh avvaldan) bor edi va hamisha bor bo'ladi – abadiy tirik va qoim turguvchidir, na o'ladi, na ortadi – na o'zgaradi!
Allohning zoti mohiyatiga banda yo'l topa olmaydi (Uning zoti mohiyatini anglashdan banda ojizdir), “Qachon (bor bo'lgan)?”, “Qayerda (turadi)?” degan gaplar u zot haqida yo'l topmaydi (Uning zoti haqida bunday gaplarni aytish joiz emas).
Uning zoti javhar ham emas, araz ham emas. Allohning ishlarida illat – ayb, nuqson, kamchilik bo'lmaydi, shuningdek, g'araz – yomon maqsad va niyat ham bo'lmaydi (balki, faqat foydali hikmat bo'ladi).
IZOH. Javhar – parchalanishni qabul etmaydigan bir parcha, narsalarning asl moddasi, o'zagi, boshqa jismlar shu javhardan vujudga keladi. Alloh ta'olo jism emas, javhar emas. shakl, hudud, o'lchov, sanoq va bo'linishni qabul etmaydi...
Araz biror narsaning aslida bor bo'lmay, keyin bor bo'lgan vaqtli sifatidir, u faqat boshqa narsa bilan birikkanda bor bo'ladi. Alloh araz emas va arazlardan xolidir («Jomi' ul-mutun»).
Alloh ta'oloning zoti ham, nomlari ham xalqning, odamlarning, yaratilmish maxluqotning zoti va otidek emas, mutloq o'ziga xos va mosdir, Uning fe'li – qiladigan ishlari va sifatlari ham odamlarning fe'li va sifatidek emas (aksincha, odamlarning, maxluqotning barcha fe'l va sifatlarini U yaratgandir).
O'z boshingcha Alloh ta'ologa nomlar taqama, o'zingcha aql yuritib, xayolingga kelgan sifatlarni ham U zotga nisbat beraverma. Zotan, O'zi (Qur'oni karimda bildirgan) sifatlar bilan vasf etilgan vaO'zi (bildirgan eng go'zal) maxsus ismlar bilan nomlangandir. Bu sifat va nomlarni O'zi bayon qilgan va din ahli, iymon ahli shu narsalarga e'tiqod qilgan – ishongandir.
IZOH. Ilm sifati Allohning azaliy sifatlaridandir. Alloh ta'olo butun mavjudotni biladi. Uning ilmidan zarra miqdoricha bo'lsa ham hech narsa yo'q bo'lmaydi. U qorong'u kechada yurgan chumolini, havoda uchayotgan zarrachalarni, qalblarning ich-ichidan kechgan narsalarni, hofizalarda (xotirada, xayolda) jarayon etadigan narsalarni, yashirin va eng pinhon narsalarni biladi. Uning ilmi hamma narsalarga – xoh butun bo'lsin, xoh butundan bir parcha bo'lsin, xoh mavjud bo'lsin, xoh nomavjud bo'lsin, xoh mumkin bo'lsin, xoh nomumkin bo'lsin – hammasiga taalluqlidir. U maxluqotining ibtidosini va intihosini – boshlanishini va oxirini biladi. Zot va sifatlardan hamma narsani azaliy va abadiy ilmi bilan bilguvchi Udir («Jomi' ul-mutun»).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati