Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Fevral, 2026   |   14 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:13
Quyosh
07:34
Peshin
12:42
Asr
15:59
Shom
17:44
Xufton
18:59
Bismillah
02 Fevral, 2026, 14 Sha`bon, 1447

Qur'ondagi Islom qonunchiligi asoslari

20.10.2020   2722   26 min.
Qur'ondagi Islom qonunchiligi asoslari

Islom qonunchiligi uchta asosga barpo qilingan:

A- mashaqqatning yo'qligi,

B-majburiyatlarning ozligi,

V- qonunchilikni bosqichma-bosqich joriy qilish.

A) Mashaqqatning yo'qligi:

Islomiy majburiyatlarda hech qanday mashaqqat va og'irlik yo'q. Qur'on ahkomlarida insonlarga qiyin bo'lgan va ularning ko'ngillariga og'ir botadigan hech qanday narsa yo'q. Biz islomda qiyinchilik yo'q deganda, unda umuman mashaqqat yo'q degan fikrdan yiroqmiz. Darvoqe, mashaqqat ikki hil bo'ladi:

Birinchi, odatiy mashaqqat bo'lib, urfda bundaylar mashaqqat deb sanalmaydi. Bu kabi mashaqqatlarni shariatdan olib tashlashning imkoni yo'q. Chunki, hayotdagi har bir amal qisman bo'lsa ham mashaqqatdan holi emas. Hattoki, inson uchun zarur bo'lgan eyish, ichish, kiyish kabi ishlar ham o'ziga yarasha mashaqqat va taklif talab etadi. Demak, bunday odatiy mashaqqatlarning shar'iy majburiyatlarda mavjud bo'lishiga mone'lik yo'q, balki bo'lmasligining iloji ham yo'q.

Ikkinchi, ortiqcha mashaqqat bo'lib, bundan qalblar ezilar, toqatlar toq bo'lar, kishining jismiga va moliga salbiy ta'sir qilib, natijada ko'pgina foydali amallarni qilishdan bezdirib qo'yadi. Aynan mana shu xildagi mashaqqatlarni Alloh taolo o'z fazli va marhamati bilan bandalardan ko'tardi va ularga engil qilib berdi. Bunga ushbu oyatlar dalildir:

يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ

ya'ni: “Alloh sizlarga engillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat).

يُرِيدُ اللَّهُ أَنْ يُخَفِّفَ عَنْكُمْ

ya'ni: Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) engillatishni xohlaydi(Niso surasi, 28-oyat).

مَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيَجْعَلَ عَلَيْكُمْ مِنْ حَرَجٍ

ya'ni: Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko'rmaydi(Moida surasi, 6-oyat).

وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ

ya'ni: (Alloh) dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi(Haj surasi, 78-oyat).

وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالْأَغْلَالَ الَّتِي كَانَتْ عَلَيْهِمْ

ya'ni: “U (payg'ambar) ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi” (A'rof surasi, 157-oyat).

         Shu jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham:

بُعثتُ بالحنيفيةِ السمحةِ

ya'ni: “Men oliyjanob (bag'rikeng) din bilan yuborilganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Rivoyatlarga ko'ra Payg'ambar alayhissalom agar ikkita ishga to'g'ri kelib qolsalar ularning engilrog'ini tanlar ekanlar, modomiki u gunoh ish bo'lmasa.

Darhaqiqat, agar siz islom shariati ahkomlarini birma-bir ko'zdan kechirib chiqsangiz unda mashaqqatlarning yo'qligiga amin bo'lasiz, barcha majburiyatlarning boshidan oxirigacha bandalarga engil va qulay bo'lishligiga rioya qilinganligini ko'rasiz. Masalan, Alloh taolo namozni mukallafga bir kunda besh mahal o'qishni farz qildi. Namozni tik turib o'qishga buyurdi. Bunda hech qanday mashaqqat yo'q aslida. Lekin shunga qaramay, agar tik turishga qodir bo'lmasa uni o'tirib yoki qanday imkoni bo'lsa shunday o'qishga ruxsat berdi.

Huddi shuningdek, ro'za ham yilda bir oy farz qilindi. Bundagi mavjud mashaqqat insonning toqati etmaydigan darajada emas. Shundoq bo'lsa ham, Alloh taolo mashaqqat ortishi mumkin bo'lgan holatlarda ro'zani ochib yuborishlikka yoki tutmaslikka izn berdi. Masalan, musofirga, kasalga, homilador va emizikli ayolga.

Alloh taolo o'limtik hayvon go'shtini eyishni harom qilgan bo'lsa ham, ocharchilik vaqtida majbur holatda omon qolish uchun eyishni muboh qildi.

Tahoratga suv topilmaganda tayammum qilishni, safarda namozni qasr qilib o'qishni joriy qilgan bo'lsa, kafforatlarni gunohlarni o'chirish uchun joriy qildi. Bularning barchasi insonlarning o'z zimmalaridagi vazifalarini ado etishda qiynalmasliklari hamda shariat ahkomlariga nisbatan hurmat va e'tiborlari susaymasligi uchun ko'zlangan maqsaddir.

Fuqaholar shariatda engillik kiritilgan o'rinlarni etti xil deb belgilashgan. Ular:

  1. Uzr holatida ibodatning soqit bo'lishi. Masalan, eminlik bo'lmaganda hajning soqit bo'lishi.
  2. Farz ibodatlarni qisqartirilishi. Masalan, safarda namozni qasr qilib o'qish.
  3. Ibodatlarning o'rnini almashtirish. Masalan, tahoratni tayammum bilan almashtirish.
  4. Ibodatning vaqtini oldinga surish. Masalan, Arafot vodiysida peshin bilan asr namozini peshin vaqtida jam qilib o'qish.
  5. Ibodatning vaqtini kechiktirish. Masalan, Muzdalifada shom bilan xufton namozini xufton vaqtida jam qilib o'qish.
  6. Ibodatning tartibini o'zgartirish. Masalan, namoz o'qish tartibini xavf (qo'rquv) vaqtida o'zgartirish.
  7. Man qilingan narsaga ruxsat berish. Masalan, ocharchilik vaqtida o'limtik go'shtini eyish, tomoqqa narsa tiqilganda yutib yuborish uchun suv topilmaganda aroq ichib yuborish.

B) Majburiyatlarning ozligi.

Islom shariati o'zidan oldingi o'tgan shariatlardan undagi majburiyatlarning ozligi bilan ajralib turadi. Islom kishilarining elkasi undagi amr (buyruq) va nahiy (qaytariq)larning og'irligini sezgan emas. Balki, Islom ularga o'rta (mo'tadil) yo'lni ko'rsatib bergan. Qur'oni karimda bayon qilingan vojib amallarga bir nazar tashlasangiz, ularning ozligini ko'rasiz. Shunchalik oz ekanligidan ularning hammasini bir zumda bilib olish ham mumkin, ularga amal qilish ham engil. Bunga quyidagi oyat ham dalildir:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَسْأَلُوا عَنْ أَشْيَاءَ إِنْ تُبْدَ لَكُمْ تَسُؤْكُمْ وَإِنْ تَسْأَلُوا عَنْهَا حِينَ يُنَزَّلُ الْقُرْآَنُ تُبْدَ لَكُمْ عَفَا اللَّهُ عَنْهَا وَاللَّهُ غَفُورٌ حَلِيمٌ. قَدْ سَأَلَهَا قَوْمٌ مِنْ قَبْلِكُمْ ثُمَّ أَصْبَحُوا بِهَا كَافِرِينَ

ya'ni: Ey, imon keltirganlar! Sizlarga (javobi) ayon qilinsa, sizlarga xush kelmaydigan narsalar haqida (savol) so'ramangiz! Qur'on (oyatlari) nozil bo'lib turgan kezlarda ular haqida so'rasangiz, (javobi) albatta, ayon qilinadi. Ularni (oldingi so'raganlaringizni) Alloh kechirdi. Alloh kechirimli va halimdir.U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm ham so'ragan edi. So'ngra o'sha narsalarga (nisbatan) kofir bo'lib qolgan edilar(Moida surasi, 101-102-oyatlar). Ko'rib turibsizki, Alloh taolo zimmamizga yangi-yangi ahkomlar farz bo'lib qolmasligi, uni ado qilaolmay halokatga uchrab qolmasligimiz uchun bizlarni masalaga chuqur kirishishdan qaytarmoqda. Oyatning ta'biriga qaraganda bizlarga amal qilish oson bo'lishligi hamda mashaqqat va tang holatga tushib qolmasligimiz uchun Alloh taolo majburiyatlarning oz bo'lishligiga rioya qilgan.

         Bunga sunnatdan dalil Payg'ambar alayhissalomning Aqra' ibn Hobis raziyallohu anhuga aytgan gaplaridir. Hadisning matni quyidagicha:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ ‏"‏ أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ فَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمُ الْحَجَّ فَحُجُّوا ‏"‏ ‏.‏ فَقَالَ رَجُلٌ أَكُلَّ عَامٍ يَا رَسُولَ اللَّهِ فَسَكَتَ حَتَّى قَالَهَا ثَلاَثًا فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ‏"‏ لَوْ قُلْتُ نَعَمْ لَوَجَبَتْ وَلَمَا اسْتَطَعْتُمْ - ثُمَّ قَالَ - ذَرُونِي مَا تَرَكْتُكُمْ فَإِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِكَثْرَةِ سُؤَالِهِمْ وَاخْتِلاَفِهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ فَإِذَا أَمَرْتُكُمْ بِشَىْءٍ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْ وَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عَنْ شَىْءٍ فَدَعُوهُ ‏

ya'ni: Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarga xutba qilib: “Ey insonlar! Alloh taolo sizlarga hajni farz qildi, haj qilinglar” dedilar. Shunda bir kishi - Aqra' ibn Hobis raziyallohu anhu -:  Yo Rasululloh! Hajni har yili qilishimiz farzmi? – deb so'radi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam javob bermadilar. U savolni yana qaytardi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yana indamadilar. Uchinchi marta yana so'raganida: “Agar “ha” deb javob bersam har yili haj qilishingiz farz bo'lib qolar edi va sizlarning bunga toqatingiz etmas edi. Shuning uchun sizlar men aytgan narsanigini qilinglar. Darhaqiqat, sizlardan oldin o'tgan qavmlar ko'p savol berganlari va payg'ambarlari aytganiga xilof qilganlari uchungina halok qilingan edilar. Shunday ekan, qachon sizlarni bir amalga buyursam toqatingiz etganicha qiling. Agar biror ishdan qaytarsam, uni tark eting”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Quyidagi hadis ham bunga dalil bo'ladi: “Musulmonlarning ichida eng gunohi ko'p kishi – musulmonlarga harom qilinmagan narsa haqida savol so'rab, shuning savoli tufayli o'sha narsa musulmonlarga harom qilib qo'yilgan kishidir”. Bundan tashqari Rasululloh alayhissalomdan shunday hadis vorid bo'lgan:

عن أبي ثعلبة الخشني جرثوم بن ناشرٍ رضي الله عنه، عن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: ((إن الله تعالى فرض فرائض فلا تضيعوها، وحد حدودًا فلا تعتدوها، وحرم أشياء فلا تنتهكوها، وسكت عن أشياء - رحمةً لكم غير نسيانٍ - فلا تبحثوا عنها))؛ حديث حسن،

رواه الدارقطني

ya'ni: Abu Sa'laba al-Hushaniy Jarsum ibn Noshiz raziyallohudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, Alloh taolo bir qancha farz amallarga buyurdi, ularni zoye qilmanglar. Hadlarni belgilarb berdi, ularni buzmanglar. Bir qancha narsalarni harom qildi, ulardan saqlaninglar. Yana bir qancha narsalarning hukmini esdan chiqarmagan holda, sizlarga rahm-shafqat qilganligi uchun zikr qilmay sukut saqladi. Sizlar ham u narsalar ustida bahs yuritmanglar” (Imom Dora Qutniy rivoyati).

Ushbu mavzuga tegishli bunga o'xshagan yana ko'plab oyat va hadislar mavjud.

V) Shariat qonunlarini bosqichma-bosqich joriy qilinishi.

Islom dini yangi kelgan vaqtda arablar haddan tashqari xohish istaklariga erk bergan, ularning erkinliklarini chegaralaydigan ishlarni, shahvoniy tuyg'ularini to'sadigan narsalarni yoqtirmaydigan xalq edilar. Turli odamlar, hilma hil tabiatlar ularning qon-qonlarigacha singib ketgan ediki, hatto ular bundan birdaniga qutula olmas edilar. Shuning uchun ham, ularga shariat ahkomlari birdaniga nozil qilinishi mumkin emas edi. Chunki, ular bu ahkomlardan gangib qolib, natijada og'irlik qilib, ulardan bezib qolar edilar. Shu sababdan Qur'on bo'lak-bo'lak bo'lib nozil bo'ldi. Ahkomlar sekin astalik bilan, oldingi kelgan hukm keyingi keladiganiga sharoit yaratib beradigan, insonlarning ko'ngliga o'rnashadigan tarzda vorid bo'ldi. Bu hukmlarning aksari ma'lum bir voqealar sababli nozil bo'lar edi. Bu esa, odamlarning ko'ngliga mos kelishi va unga amal qilish oson bo'lishini ta'minlar edi.

Mana shunday hukmlardan biri aroqning harom qilinishi haqidagi hukmdir. Aroq ichishlik arablar orasida juda ham keng tarqalgan, ularning hayotlarining ajralmas bir qismidek edi. Ilohiy hikmat ila buning haromligi haqidagi hukm bosqichma-bosqich nozil qilindi. Avval boshda uning haromligi ochiqdan ochiq aytilmadi, balki:

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِنْ نَفْعِهِمَا

ya'ni: Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida so'ramoqdalar. Ayting: U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ayrim) foydalar ham bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir, degan (Baqara surasi, 219-oyat).

         Ushbu oyatdan aroqdan tiyilish talab qilinayotganligini faqatgina shariatning sir asrorlaridan xabardor kishigina fahmlashi mumkin. Chunki, oyatda aroqning haromligi ochiq oydin aytilayotgani yo'q. Albatta, gunohi katta bo'lgan narsani tark qilish lozim. Odatda, ko'pincha amallar faqat yomonlikdan iborat bo'lmaydi. Lekin o'sha amalning halol yoki haromligi undagi foyda yoki ziyonning ko'p yoki ozligiga qarab aniqlanadi.

         Aroq ichishda gunohning ko'pligi tufayli uni tark qilish lozimligiga ishora qilinganidan so'ng, mast holatda namoz o'qishdan qaytarildi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَقْرَبُوا الصَّلَاةَ وَأَنْتُمْ سُكَارَى حَتَّى تَعْلَمُوا مَا تَقُولُونَ

ya'ni: Ey, imon keltirganlar! Toki gapirayotgan gapingizni (o'zingiz) biladigan bo'lguningizgacha, mast hollaringizda namozga yaqinlashmangiz!(Niso surasi, 43-oyat).

Shundan so'nggina aroq ichishdan qat'iy tarzda ochiq oydin qaytardi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَنْ يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ فَهَلْ أَنْتُمْ مُنْتَهُونَ

ya'ni: Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o'rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?(Moida surasi, 90-91-oyatlar).

         Islom avvalida zinokorga beriladigan jazo uni uyga qamab qo'yish, gap so'z bilan aziyat berishdan nariga o'tmas edi:

وَاللَّاتِي يَأْتِينَ الْفَاحِشَةَ مِنْ نِسَائِكُمْ فَاسْتَشْهِدُوا عَلَيْهِنَّ أَرْبَعَةً مِنْكُمْ فَإِنْ شَهِدُوا فَأَمْسِكُوهُنَّ فِي الْبُيُوتِ حَتَّى يَتَوَفَّاهُنَّ الْمَوْتُ أَوْ يَجْعَلَ اللَّهُ لَهُنَّ سَبِيلًا

ya'ni: Hotinlaringizdan fohishalik qilganlariga o'zlaringizdan (erkaklardan) to'rt kishini guvoh qilingiz. Agar ular guvohlik bersalar (va zino qilganlari o'z isbotini topsa), to ularga (xotinlarga) o'lim kelgunga qadar yoki Alloh biror yo'l qilguncha, ularni (o'zlari yashayotgan) uylarda saqlab turingiz(Niso surasi, 15-oyat).

         Keyinchalik, Alloh oila qurgan zinokorni toshbo'ron (rajm)ga, turmush ko'rmagan zinokorni darra urishga hukm qildi:

الزَّانِيَةُ وَالزَّانِي فَاجْلِدُوا كُلَّ وَاحِدٍ مِنْهُمَا مِئَةَ جَلْدَةٍ

ya'ni: “Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringiz!” (Nur surasi, 2-oyat). Rajm qilish haqida ham oyat nozil qilingan bo'lib, keyinchalik bu oyatning Qur'on oyatlari qatori tilovat qilinishi bekor (mansux) qilingan, ammo uning hukmi boqiydir.

         Islom avvalida namoz ham odamlarga mehribonchilik yuzasidan ertalab ikki rak'at, kechqurun ikki rak'at qilib o'qish joriy qilingan. Chunki, u davrdagi kishilar Islom diniga endigina kirgan, namoz o'qishlik halovatini hali totib ulgurmagan, Allohga munojot qilishning lazzatini yaxshi anglamagan edilar. Vaqti kelib, musulmonlarning qalbi imon va ibodatdan taskin topa boshlagandan keyingina namozga qo'shimcha qilishga imkon tug'ildi.

         Avval boshda musulmonlarning soni ozchilik, zaifhol, mushriklarga qarshi bosh ko'tarishga, ular bilan jang qilishga quvvatlari etarli bo'lmagani uchun, dushmanlarning aziyatlariga sabr qilishga, kechirimli bo'lishga, ulardan yuz o'girishga, ularga qarshi urush qilmaslikka buyurildilar:

اتَّبِعْ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنْ رَبِّكَ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ وَأَعْرِضْ عَنِ الْمُشْرِكِينَ

ya'ni: Rabbingizdan Sizga vahiy etilgan narsa (oyat)larga ergashing. Undan o'zga iloh yo'q. Mushriklardan (esa) chetlaning! (An'om surasi, 106-oyat).

خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

ya'ni: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” (A'rof surasi, 199-oyat).

وَإِنَّ السَّاعَةَ لَآَتِيَةٌ فَاصْفَحِ الصَّفْحَ الْجَمِيلَ

ya'ni: Qiyomat ham, shaksiz, keluvchidir. Bas, (shunday ekan, johillarning aziyatlariga sabr qiling va ularni) chiroyli yuz o'girish bilan tark eting!(Hijr surasi, 85-oyat).

Musulmonlarning quvvati ortib, Allohning diniga odamlar guruh-guruh bo'lib kira boshlaganidan so'ng, o'zlarini himoya qilishlari uchun jang qilishga izn berildi:

أُذِنَ لِلَّذِينَ يُقَاتَلُونَ بِأَنَّهُمْ ظُلِمُوا وَإِنَّ اللَّهَ عَلَى نَصْرِهِمْ لَقَدِيرٌ

ya'ni: “(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo'lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir (Haj surasi, 39-oyat).

         Payg'ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilib borganlarida Alloh taolo u kishini Madinadagi ahli kitob qavmlari Bani Isroil payg'ambarlaridan ta'lim olgan narsalari asosida qilayotgan amallariga xilof ish tutishga buyurmadi. Masalan, Madina ahli kitoblari namozlarida Baytul Maqdis tomonga yuzlanar edilar. Alloh taolo avval boshda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga ham namozda o'sha tomonga yuzlanishga buyurdi. Chunki, u erdagi qavmlarning hurmatini qozonish, bu kishining ham haqiqiy payg'ambar ekanliklariga ularni ishontirish lozim edi. Bu zot o'tgan payg'ambarlarning keltirgan dinlarini tasdiqlovchi, ular da'vat qilgan dinga da'vat qiluvchi, ularning yo'llariga chaqiruvchi kishi ekanliklarini bayon qilish uchun shunday qilindi. Bu holat toki ularning qalblariga imon o'rnashguncha va kelajakda qibla Baytul Maqdisdan Masjidul Harom tomonga o'zgartirilganda hech qanday ikkilanish yoki shubhalanish sodir bo'lmaydigan vaqt kelguncha davom etdi. Shundan so'ng Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:

وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ وَإِنْ كَانَتْ لَكَبِيرَةً إِلَّا عَلَى الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ وَمَا كَانَ اللَّهُ لِيُضِيعَ إِيمَانَكُمْ إِنَّ اللَّهَ بِالنَّاسِ لَرَءُوفٌ رَحِيمٌ قَدْ نَرَى تَقَلُّبَ وَجْهِكَ فِي السَّمَاءِ فَلَنُوَلِّيَنَّكَ قِبْلَةً تَرْضَاهَا فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَحَيْثُ مَا كُنْتُمْ فَوَلُّوا وُجُوهَكُمْ شَطْرَهُ

ya'ni: “Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik). Albatta, bu (o'z qiblasini o'zgartirish) Alloh hidoyat etgan kishilardan o'zgalar uchun og'ir ishdir. Alloh imonlaringizni (Baytul-Maqdisga qarab o'qigan oldingi namozlaringiz ajrini) zoye ketkizmas. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir. Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo'ylab o'girib turishingizni ko'rayapmiz. (Hotirjam bo'ling) Sizni o'zingiz rozi bo'ladigan qiblaga (Ka'baga) yuzingizni o'girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom (Ka'ba) tomonga buring! (Ey, mo'minlar, sizlar ham) qayerda bo'lsangiz, yuzlaringizni o'sha tarafga buringiz!” (Baqara surasi, 143-144-oyatlar).

         Shularga o'xshash hukmlar juda ham ko'p. Darhaqiqat, Islom shariati insonlarning manfaatlariga asoslangan. Shunga ko'ra ahkomlar avval mujmal, so'ngra mufassal tartibda kelgan. Bu asosan Makkadagi qonunchilik bilan Madinadagi qonunchilikni solishtirganda yaqqolroq namoyon bo'ladi. Makkiy oyatlar mujmal, undagi hukmlarga kamdan-kam hollarda tafsilot beriladi. Madaniy oyatlarda esa, Qur'on ko'plab tafsilotlarga o'rin beradi. Hususan, muomalot masalalariga taalluqli ishlarda. Shuning uchun ham aksar ahkom oyatlari Madinada nozil bo'lgandir. Makkiy oyatlarda esa faqat aqidaning sofligini asrashga taalluqli bo'lgan hukmlargina keltirilgan, masalan, Allohdan o'zganing nomi aytib so'yilgan hayvonning go'shtining haromligi va hokazo.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari 

Homidjon Ishmatbekov

https://t.me/tuhur

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kibr va manmanlik oqibati

30.01.2026   7013   8 min.
Kibr va manmanlik oqibati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Alloh saltanat berganidan (g‘ururlanib), Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko‘rmaysizmi?! Qaysiki, Ibrohim: «Mening Rabbim tiriltiradi ham, o‘ldiradi ham», – deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», – dedi. Ibrohim aytdi: «Alloh Quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay. »   (Baqara surasi, 258 – oyat).

Qissaning mazmuni

Allohning buyuk payg‘ambari, Ibrohim Xalilulloh bilan o‘zini iloh deb da’vo qilgan Namrud o‘rtasidagi bahs qissaning mazmuni bo‘lib, unda Allohning buyukligini inkor etgan, o‘zini ulkan zot deb hisoblagan bir podshoh bilan bo‘lgan. Ulamolarning aytishicha, bu podshoh Bobil shohidir. Uning ismi Namrud ibn Kan’on ibn Kush ibn Som ibn Nuh bo‘lgan. Boshqalar esa uni Namrud ibn Folix ibn Obir ibn Solix ibn Arfaxshad ibn Som ibn Nuh deb ataganlar.

Rivoyatlarga ko‘ra, u dunyoda to‘rtta podshohlik qilgan zotdan biri bo‘lgan.

Ulardan ikkisi mo‘min, ikkisi kofir edi:

Mo‘minlar – Zulqarnayn va Sulaymon (alayhimussalom). Kofirlar — Namrud va Buxtunnasr (Nabuxodonosor).

Namrud to‘rt yuz yil podshohlik qilib, jaholat va zulmga berilgan, dunyo hayotini afzal ko‘rgan.

Ibrohim (alayhissalom) bilan bahsi

Ibrohim (alayhissalom) uni Allohga ibodat qilishga chaqirganlarida, Namrud kibr va johillik bilan rad etdi. Shunda Ibrohim (alayhissalom):

«Mening Rabbim – tiriltiradi va o‘ldiradi», – dedilar.

Namrud unga javoban dedi:  «Men ham tiriltiraman va o‘ldiraman».

Mufassir ulamolardan – Qatoda, Suddiy va Muhammad ibn Is'hoq shunday degan: «Namrud bu so‘z bilan shunday demoqchi bo‘lgan: “Men ikki odamni olib kelaman – bittasini o‘ldiraman, ikkinchisini afv etaman. Shu bilan men ham tiriltirdim va o‘ldirdim», – degan.

Ammo bu javob aslida dalilga qarshi emas, chunki Ibrohim alayhissalomning so‘zi haqiqiy hayot va o‘limni yaratgan Zot – Alloh haqida edi. Namrudning aytgani esa siyosiy qaror, ya’ni “o‘ldirish yoki afv etish” haqida edi, bu esa yaratish emas.

 Shunda Ibrohim (alayhissalom) aniq va rad qilib bo‘lmas dalil keltirdilar:

 «Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»

Bu dalil oldida Namrud hayron bo‘lib, javobsiz qoldi.

Hikmat

Ushbu voqea Alloh azza va jallaning qudrati, Ibrohim alayhissalomning hikmati va kofirning ojizligini ko‘rsatadi. Alloh taolo bu bilan insonlarga shunday saboq beradi:

Haqiqiy yaratuvchi va hayot beruvchi zot – faqat Allohdir. Podshohlik va kuch insonni Yaratguvchi qilmaydi. Ilm va dalil bilan haqiqat aniq bo‘ladi.

Ibrohim (alayhissalom) va Namrud bahsining yakuni

Nimrud bilan bo‘lgan bahsda uning ojizligi va noto‘g‘riligi ko‘pchilikka avval boshda ochiq bo‘lmagani uchun, Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ning keltirgan ikkinchi dalilini zikr qildi – bu dalil orqali u Namrudning da’vosini rad etdi va Allohning borligiga ochiq-oydin dalil keltirdi.

Ibrohim (alayhissalom) shunday dedilar:

«Albatta, Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»

Ya’ni, bu quyosh har kuni sharqdan chiqadi va g‘arbga botadi — bu uni yaratgan, boshqargan va bo‘ysundirgan Zotning buyrug‘idandir. U Zot — hech qanday sherigi bo‘lmagan Alloh, barcha narsani yaratgan yagona Parvardigordir.

Shuning uchun Ibrohim (alayhissalom) dedilar:

“Agar sen o‘zingni tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi deb da’vo qilayotgan bo‘lsang, unda mana shu quyoshni g‘arbdan chiqar. Chunki haqiqiy tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi Alloh har narsani xohlaganidek qiladi, uning ishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. U barcha narsani itoat ettirgandir. Agar sen ham shunday ekansan — qil bu ishni! Agar qila olmasang, demak, sen o‘zing aytganday iloh emassan.”

Shunday qilib, Ibrohim (alayhissalom) uning johilligi, yolg‘oni va da’vosining botilligini ayon qildi. Namrudning javob berishga so‘zi qolmadi, u lol bo‘lib jim bo‘ldi.  Shuning uchun Alloh taolo kalomi sharifida shunday dedi:

 «Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay.» (Baqara surasi, 258 – oyat).

Bahsdan keyingi voqealar

Mufassir Suddiyning aytishicha, bu bahs Ibrohim (alayhissalom) olovdan qutulib chiqqan kunlari bo‘lgan va u kishi avval bu podshoh bilan uchrashmagan edilar.

Abdurrazzoq o‘z rivoyatida Ma’mar orqali Zayd ibn Aslamdan naql qiladi:

Namrudda g‘alla va ozuqa bo‘lib, odamlar undan yegulik so‘rab kelishardi. Ibrohim (alayhissalom) ham ular bilan birga bordilar. Shu uchrashuvda ular birinchi marta ko‘rishdilar va bahs ham shu kuni bo‘ldi.

Ibrohim (alayhissalom) boshqalar kabi yemish ololmadilar, qo‘llari bo‘sh qaytdilar. Yo‘lda ketar ekanlar, bir tepalikdagi qumdan ikki xalta to‘ldirib, “hech bo‘lmasa ahlimni shu bilan band qilib turaman”, deb uylariga qaytdilar.

Uyga yetib kelishgach, Ibrohim (alayhissalom) dam olish uchun yotdilar. U kishining zavjasi Sora xaltalarni ochib qaradilar va ularni toza yemishga to‘la holda topdilar. Shu yemishdan taom tayyorladilar.

Ibrohim (alayhissalom) uyg‘onib, taomni ko‘rib hayron bo‘ldilar:

 “Bu taom qayerdan keldi?” — dedilar.

Sora onamiz dedilar:

 “Siz olib kelgan yemishdan tayyorladim”.

Shunda Ibrohim (alayhissalom) tushundilarki, bu rizq Alloh tomonidan berilgan ne’mat edi.

Namrudning halokati

Zayd ibn Aslamning aytishicha: “Alloh taolo Nimrudning yoniga farishta yubordi va uni Allohga iymon keltirishga da’vat qildi.

U birinchi marta rad etdi. Ikkinchi marta ham rad etdi, so‘ngra uchinchi marta ham rad etdi. Shunda farishta unga dedi:

 “Qo‘shiningni tayyorla, men ham o‘z qo‘shinimni tayyorlayman.”

Namrud sahar vaqtda o‘z qo‘shinini yig‘di. Shunda Alloh taolo osmon hashoratlaridan iborat pashshalar to‘dasini Namrud lashkarlari ustiga yubordi. Ular quyoshni to‘sib qo‘yishdi – osmon qorong‘u bo‘ldi. Bu hashoratlar Namrudning qo‘shiniga hujum qilib, ularning go‘shtini va qonini yeyishdi, faqat suyaklari qoldi. Namrudning barcha lashkarlari qirilib ketib, uning burniga esa bir pashsha kirib oldi. Keyin miyasiga joylashib olib, unga qattiq azob bera boshladi. Namrud qirq yil davomida shu xashorat bilan azoblandi. Uning boshi og‘riganda xizmatkorlari to‘qmoq bilan urib yengillik berishardi. Namrud qattiq azoblarga chiday olmay o‘z hizmatkoriga boshiga to‘qmoq bilan urishni buyuradi. Xizmatkor to‘qmoq bilan sekin urganida Namrud qattiqroq urishni buyuradi. Xizmatkor Namrudning boshiga bor kuchini yig‘ib urishi oqibatida uning boshi yorilib, ichidagi pashsha uchib chiqib ketadi va Namrud esa shu zahoti vafot etadi.

Xulosa

Allohning qudrati oldida podshohlik va kibr hech narsa emas. Haqiqiy hayot va o‘limni yaratuvchi — faqat Alloh Ibrohim (alayhissalom)ning ilmi va hikmati, Nimrudning ojizligini fosh etdi.   Alloh zolimlarni hidoyat qilmaydi.

Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.