Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2026   |   11 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:41
Xufton
18:55
Bismillah
30 Yanvar, 2026, 11 Sha`bon, 1447

Botkenlik nuroniylar: o'zbek xalqiga, uning qo'li gul ustalariga havas qilamiz

16.09.2020   2428   4 min.
Botkenlik nuroniylar: o'zbek xalqiga, uning qo'li gul ustalariga havas qilamiz
O'zbek-qirg'iz xalqining mushtarak hayot yo'li asrlar osha bardavomlik kasb etayotganining sabablari ko'p. Qon-qarindoshlik, o'zaro do'st-birodarlik, savdo va madaniy hamkorlik ikki xalq taqdirini tutashtirgan uzilmas rishtalardir.

Bugun Farg'ona viloyatiga Qirg'iziston Respublikasining Botken viloyatidan kelgan bir guruh nuroniylar tashrif avvalidayoq shu ezgu haqiqatni e'tirof etishdi.

Avvalo, ikki mamlakat Prezidentlarining do'stlik va birdamlikni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlari, qolaversa, ikki chegaradosh viloyatlar rahbarlarining mushtarak tashabbuslari bilan qardoshlarimizning Farg'ona zaminiga sayohati uyushtirildi.
 
 

Dastlab mehmonlar Marg'ilon shahridagi Hunarmandlar markaziga tashrif buyurdi. Azaldan asrab-e'zozlanib kelinayotgan, yanada go'zal va betakror sayqallar bilan boyitilib, qadri ulug'lanayotgan milliy matolarning yaralish jarayoni ko'pni ko'rgan nuroniylarni hayratda qoldirdi. Ular ipakning tayyorlanishidan tortib, milliy buyum va liboslar, nodir gilamlarning dunyoga kelishi mehnatsevar, hunarda mohir o'zbek xalqining iqtidoridan, ijodkor yuragidan nishona ekanligini to'lqinlanib gapirishdi.

– Milliy hunarmandchilik Sharq xalqlarining alohida faxri va iftixoridir. Bu borada o'zbek xalqiga, uning qo'li gul ustalariga havas qilca bo'ladi, – deydi delegatsiya etakchisi, Qadamjoy tumani deputatlar kengashi raisi G'ulomjon Matajiyev. – Farg'onani aynan mana shu manzildan boshlab ziyorat qilayotganimizning boisi ham shu. Aslida, o'zbek xalqi hunari, mehnatsevarligi, qadriyatlarga bo'lgan yuksak hurmati, mehmondo'stligi, oilaviy qadriyatlarning mustahkamligi bilan dunyo xalqlari uchun ibrat timsoliga aylangani bizning ham g'ururimiz.

Mehmonlar Raqamli texnologiyalar markazida milliy an'analar asosida karnay-surnay, non-tuz bilan qarshi olindi. Nuroniylar respublikada ikkinchi bo'lib ochilgan markazning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
 
 

Marg'ilon shahridagi “Yodgorlik” korxonasiga sayohat Farg'ona sanoat turizmi rivojini ko'rsatibgina qolmasdan, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xalqaro brend darajasiga etkazayotgan usta-hunarmandlarning bugungi orzu-maqsadlari mehmonlarda samimiy havas hissini uyg'otdi.

– Bu milliy do'ppilarni qirg'iz qiz-o'g'lonlari ham rohat bilan kiyishgan, – deydi Zuhraxon ona Abdurazzoqova. – Yoshligimizning eng go'zal damlarini atlas kiyib o'tkazganmiz. “Yodgorlik” majmuasidagi milliy libos va do'ppilar o'sha qadrdon yillarimizni yodga soldi va o'zbek xalqiga bo'lgan mehr-muhabbatimizni yanada oshirdi.

Marg'ilonliklar mehmonlarga milliy matolar to'plamlarini hadya qildi. Shahardagi Pur Siddiq majmuasiga tashrif ham qirg'izistonlik nuroniylarning qalbiga ajib harorat olib kirdi.
 

Mehmonlar “Oltin vodiy” metall mahsulotlari korxonasida ham bo'lib, Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib katta quvvat bilan ishga tushirilgan, o'z navbatida Farg'onaning iqtisodiy salohiyati ifodasiga aylanayotgan korxona faoliyatini ko'zdan kechirishdi. Korxona rahbari Erkinjon Yunusov 4 ta ishlab chiqarish majmuasi bilan tanishtirar ekan, bu erda ishlab chiqarilayotgan o'ndan ortiq turdagi metall mahsulotlariga Qirg'iziston ham asosiy xaridor ekanligini ta'kidladi.

Qadamjoyning Oqturpoq qishlog'ilik Abdusalom ota Qo'ldoshev asli Rishton tumanida tug'ilib, voyaga etgan. Uning ota yurtiga tashrifi unutilmas, baxtli onlarni tuhfa etdi. Farg'ona farzandi o'zining 37 yillik do'sti, rishtonlik Abdumutal Abdurahimov bilan shu bugun qayta ko'rishdi.

Kunning ikkinchi qismida nuroniylar Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-kontsert saroyi, Farg'ona tumanidagi “Ekokerama” mas'uliyati cheklangan jamiyatida ham bo'ldilar.
 
 
O'zA
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazrat maqolasi Misr matbuotida keng yoritildi

29.01.2026   2092   1 min.
Muftiy hazrat maqolasi Misr matbuotida keng yoritildi

#xabar #muftiy #misr #matbuot

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining sun’iy intellekt haqidagi maqolasi Misr Arab Respublikasidagi bir necha yuz minglab kuzatuvchilarga ega see.news (https://see.news/artificial-intelligence-between-technical-evolution-and-sharia-responsibility-a-contemporary-islamic-vision), darelhilal.com (https://darelhilal.com/News/3164420.aspx), aldiplomasy.com (https://www.aldiplomasy.com/en/?p=42807) va safqa.news (https://www.safqa.news/137466) kabi internet nashrlarida arab va ingliz tillarida keng yoritilib, jamoatchilik e’tiborini tortdi.


 Maqolada sun’iy intellekt bugungi kunda iqtisod, ta’lim, tibbiyot, xavfsizlik va davlat xizmatlarida ulkan imkoniyatlar yaratayotgani alohida ta’kidlangan. Zamonaviy texnologiyalar aqlli shaharlar qurish, xizmatlar sifatini oshirish va jamiyat rivojiga xizmat qilayotgani qayd etilgan.


 Shu bilan birga, Muftiy hazratlari taraqqiyot bilan bir qatorda insoniy qadriyatlar va diniy me’yorlar ustuvor bo‘lishi lozimligini uqtirgan. Sun’iy intellekt inson aqlining mahsuli ekani, texnologiya insonni emas, inson texnologiyani boshqarishi kerakligiga e’tibor qaratilgan.


 Maqolada sun’iy intellektni hayotga to‘g‘ri tatbiq etish, uni nazorat qilish va ayniqsa din va fatvo bilan bog‘liq nozik masalalarda ehtiyotkorlik zarurligi ta’kidlangan. Fiqhiy manbalarga ko‘ra, sun’iy intellekt ma’lumot tahlilida yordamchi bo‘lishi mumkin, ammo fatvo berish faqat malakali va mas’ul faqihlar zimmasida ekani ochiq bayon etilgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari