Horazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida yangi masjid quriladi. Masjid uchun mahalliy hokimlik tomonidan tuman markazidan 130 km uzoqda joylashgan “Tuproqqal'a maskani” mahallasidan 60 sotix er ajratildi. Horazm-Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan Tuproqqal'a maskani, Sarimoy, Nukus, Hazorasp mahallalari ahlining ko'p yillik orzulari ushaladigan bo'ldi. 9 ming aholi istiqomat qiladigan to'rt hududda birorta masjid yo'q edi, eng yaqini Hazorasp tumanidagi “Shayx Qosim bobo” masjidi bo'lib, 120 kilometr masofani tashkil etadi.
Kuni kecha ezgu niyat va xayrli duolar bilan poydevor uchun tamal toshi qo'yildi. Ibodat uyiga shu joyda o'tov qurib yashab, Eshon nomi bilan xalq orasida ma'lum bo'lgan solih bir zot sharafiga “O'tovli Eshon” nomi berildi.
“Tuproqqal'a tumanida to'rtta masjid bo'lib, asosan tuman markazida joylashgan. Qurilishi rejalashtirilayotgan ushbu masjidga 5-10 yildan buyon ehtiyoj mavjud edi. Tegishli ruxsat asosida xalq hashari bilan qurilish ishlarini boshlaymiz. Alloh nasib etsa kelasi yili Ramazon hayitiga bitkazishni rejalashatiryapmiz”, deydi viloyat bosh imom-xatibi Hayrulloh domla Abdullayev. Ibodatgoh Horazm me'morchilik an'analari asosida zamonaviy talablar uyg'unligida barpo etiladi. Honaqoh 160 kishiga mo'ljallangan bo'lsa, hovli va atrof sahnlari bilan 250 ga yaqin namozxonni sig'diradi.
Allohning baytini bunyod etishdek xayrli amalga bel bog'lagan usta-hunarmandlar, barcha fidoiy insonlarga Tangrimizdan kuch-quvvat tilab, yangi masjid mo'min musulmonlarning shodligiga sabab bo'lishini tilab qolamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo'limi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).