Abdulhamid II nomi bilan ataluvchi yangi qurilgan masjid Jibutidagi eng yirik masjid sifatida qayd etildi. Ushbu masjidning qurilish ishlari bir yil davom etib, dekabr oyida yakunlandi.
Masjid qurilishi ishlarida Turkiyaning Diyonat jamg‘armasi katta hissa qo‘shgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 6 ming kishi namoz o‘qishi mumkinligi ma’lum qilingan.
Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Chentop va Jibuti bosh vaziri Abdulqodir Komil Muhammad masjidning ochilish marosimida ishtirok etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #qabul #muftiy
Bugun, 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar.
Qabul jarayonida fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar, haj va umra hamda moddiy yordam masalalari bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga batafsil tushuntirishlar taqdim etildi. Shuningdek, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartib-qoidalar asosida ko‘mak ko‘rsatildi.
Qayd etish joizki, kishilarning dardini yengillatish, ularning tashvishlarini aritish — savobi ulug‘ amal hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ana shu nabaviy ta’limotga amal qilgan holda, bugun Muftiy hazratlari mutasaddilar bilan birga turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning tashvishlari bartaraf etilishiga amaliy yordam ko‘rsatdilar.
Iliq kutib olingan fuqarolar murojaatlarining ijobiy yechim topganidan mamnun bo‘lib, mas’ullardan minnatdor holda qaytdilar.
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati