✅ Tanlov Toshkent islom instituti iqtidorli talaba-yoshlari, o‘qituvchi-xodimlari, “Sirtqi bo‘lim” va “Modul ta’lim tizimi” talabalari o‘rtasida 2019-2020 o‘quv yili davomida TII ARMdagi mavjud kitoblardan unumli foydalanish, institut jamoasi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, ularning badiiy, ilmiy savodxonligini yanada oshirish va mutolaa muhitini shakllantirish, ular o‘rtasida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
✅ Tanlovda sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarni ularning ixtiyoriga qarab, diniy-ma’rifiy nashrlar, ilmiy-ommabop kitoblar, diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlari va “O‘zbek adabiyoti”, “Jahon adabiyoti”, “Buyuk mutafakkir va adiblar hayoti” hamda “She’riyat”ga oid kitoblarni o‘qigani, asarning mazmun-mohiyatini tushungani va uni tahlil qilib bera olish qobiliyatiga qarab baholanadi.
Tanlov g‘oliblari 2020 yil may oyida quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadi.
Talabalar o‘rtasida:
1️⃣ “Kitobxon talaba”
2️⃣ “Eng zukko kitobxon talaba”
3️⃣ “Eng yaxshi kitobxon talaba”
4️⃣ “Eng ko‘p kitob o‘qigan talaba”.
O‘qituvchi-xodimlar o‘rtasida:
1️⃣ “Eng faol kitobxon xodim”
2️⃣ “Kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi eng faol o‘qituvchi”
3️⃣ “Eng yaxshi kitobxon o‘qituvchi”
4️⃣ “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘qituvchi”.
G‘oliblar Toshkent islom instituti va homiylar ko‘magida qimmatbaho sovg‘alar, diplom hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari shuningdek, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi Islom olamida tanilgan mashhur ulamolarning qalamiga mansub kitoblar to‘plamlari bilan taqdirlanadi.
“Eng ko‘p mutolaa qilgan kitoblarim!” shiori ostidagi tanlov shartlarini kuzatib boring!
Toshkent islom instituti Axborot-resurs markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xotin-qizlar bo‘limi tomonidan otinoyilar ishtirokida “ZOOM” platformasi orqali o‘quv seminarlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bunda aqida, fikh, siyrat, hadis, mavlid va janoza masalalari to‘g‘risida tushunchalar berib boriladi.
Bugun, 29 yanvar kuni tizimda faoliyat olib borayotgan otinoyilar uchun Aqida va fikh fanlari doirasida o‘quvlar boshlandi. Ikki mingdan ziyod tinglovchi qatnashgan, “Islom shariatida poklik masalalari” deb nomlangan ilk mashg‘ulotni "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisi Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tkazdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini Fatvo markazi mutaxassislari, “Imom Buxoriy” nomidagi Toshkent islom instituti va "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchilari olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati