Beadad shukurlar bo‘lsinkim, yaqinda hojilarimiz muqaddas Ka’ba ziyoratidan qaytdilar. Viloyatimizdan 950 nafar fuqaroga muborak safarga borish, Payg‘ambarimizning ravzai muboraklarini ziyorat etish nasib etdi.
Hukumatimiz tomonidan hojilarimiz uchun e’tibor va g‘amxo‘rlik, sharoitlar yildan-yilga mukammallashib borayotgani, safar xarajatlarining sezilarli darajada kamaygani, xarajatlar miqdori kamaygani bilan xizmat ko‘rsatish yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgani barchamizni xursand qildi. Bu yil 950 nafar namanganliklar muqaddas ziyoratga borish baxtiga muyassar bo‘ldik.
Safar chog‘ida hatto palatkalarga ham konditsionerlar o‘rnatildi, a’lo darajada tibbiy xizmat tashkil etildi, salomatlik uchun foydali shifobaxsh ne’matlardan bahramand bo‘ldik. Bizni quvontirgani o‘zbekistonlik hojilar tartib-intizomda, muomala odobida, ibodatda ham barchaga namuna bo‘la oldilar. Bunga safar oldidan maxsus tayyorgarlik ko‘rilgani, borib-kelish tartib-qoidalari haqida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilgani o‘zining ijobiy samarasini berdi.
Hojilik quruq martaba emas. Ularning zimmasida el ishonchini oqlash, kimgadir tirgak bo‘la olish, adashganlarga ko‘mak ko‘rsatishdek mas’uliyatli vazifalar turibdi. Prezidentimiz tomonidan minglab insonlar diniy oqimlarga xayrixohlar ro‘yxatidan chiqarildi. Ular bilan mahallalarda targ‘ibot ishlari tashkil etish, tinchlik va birodarlik dini Islomning sof mohiyatini to‘g‘ri yetkazishimiz kerak. Oila qurish ostonasida turgan yoshlarimiz bilan suhbatlar o‘tkazish, ajralish arafasida turgan oilalarni saqlab, farzandlarimizning o‘ksik, ko‘ngli yarim bo‘lib qolishlarining oldini olishimiz zarur.
Yurtimizda diniy e’tiqod erkinligi borasida ham faqat ijobiy fikrlarni bildirishimiz mumkin. Ayni pay tda viloyatimizda 187 ta, Namangan shahrida 36 ta masjidlar faoliyat olib borayotgani, keksa-yu yosh ma’naviy-ma’rifiy suhbatlardan bahramand bo‘layotgani fikrimiz isbotidir. Yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda imom-xatiblar o‘quvchilarga targ‘ibot ishlari olib boradilar. Chunki axloq-odob tarbiyasi bolalikdanoq ularning ongiga singdirilsa, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilsa, albatta, yaxshi natija beradi.
“Oila” ilmiy amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga 16 soatlik darslar yo‘lga qo‘yilgani, bu jarayonda imom-xatiblarimizning ham faol ishtirok etishi ko‘zlangan manzilga yetkazishda muhim omildir. Oila qurish ostonasidagi yoshlarga shariat ilmida er va xotinning burchlari, ota-onaning farzand oldidagi, farzandning ota-ona oldidagi vazifalari haqida batafsil tushuntirishlar beryapmiz. Natijalardan ko‘rinib turibdiki, mahorat darslarimizda ishtirok etgan yoshlar oilada, jamiyatda o‘zini tutishi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.
Farovon yashashimiz, baxtli hayot kechirishimiz eng avvalo dildagi toza niyatlarimizga, amaliy harakatlarimizga bog‘liq. Notinchlik, sovuq urushlar elning tarqoqligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlamasligidan. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, muborak safar davomida yurtdoshlarimizning naqadar samimiy, oqibatli, muruvvatli, qo‘lni-qo‘lga bera olishdek saodatdan bebahra emasliklaridan faxru iftixor tuydim.
Eng tarovatli va shukuhli ayyom arafasida siz azizlarga guruhboshi sifatida barcha hojilarimizning muborak salomlarini yetkazib, Alloh uyida Ka’ba atrofida oilalarga tinchlik, xotirjamlik, fayzu baraka, el baxti, farzandlar iqbolini tilaganliklarini mamnuniyat bilan izhor etmoqchiman. Ilohim, yurtimizga, qalblarimizga nuri ilohiy yog‘ilib, bosgan qadamlarimizni barakotli qilsin, ilmu martabamiz bundan-da ziyoda bo‘lsin. Barchangizga Istiqlol bayrami qutlug‘ bo‘lsin.
Musaxon ABBOSITDINOV,
Namangan shahar bosh-imom-xatibi.
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.
Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.
Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.
Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati