6 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim noxolis manbalarda “Vaqf” fondi faoliyati haqida asossiz gap-so‘zlar tarqatildi.
Xabarlarda Ramazon hayiti kuni tushgan xayr-ehson pullarini “Vaqf” fondiga to‘la o‘tkazish tartibiga nisbatan go‘yoki ba’zi masjidlarda norozilik bildirilayotgani iddao qilingan.
Ma’lumki, “Vaqf” fondi tashabbusi bilan xayriya tadbirlarini o‘tkazish, muhtoj oilalarga yordamlar ko‘rsatish, nochor masjidlarning qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda daromadi kam masjidlar imomlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarining ko‘lami borgan sari kengayib bormoqda.
Jumladan, daromadi kam masjidlarda mehnat qilayotgan 750 nafar imom-xatiblarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, har oyda qo‘shimcha oylik maosh to‘lab kelinayotganini alohida qayd etish kerak.
Xayriya sifatida tushadigan mablag‘lar “Vaqf” fondining alohida hisob raqamida to‘planishi va sarflanishida to‘liq shaffoflik ta’minlangan. Fondning vaqf.uz domenida ochiqlikni ta’minlash imkoniyatini beruvchi, yillik, oylik va hattoki kunlik sarf-harajatlarni ham kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlar Fond faoliyati haqida obyektiv tasavvurlarga ega bo‘lmagan, jurnalistik surishtiruv o‘tkazmagan shaxslarning subyektiv yondoshuvining mahsulidir.
Birinchidan, Fondga masjidlardan tushadigan mablag‘larning 75 foizi masjid sarf-xarajatlari uchun muntazam qaytarib boriladi. Bu amaliyotni saytning “Statistika” http://vaqf.uz/uz/transactions/statistics bo‘limidan ko‘rish mumkin. Shu bo‘limda Fond tomonidan har kuni amalga oshirilgan harajatlar haqida ma’lumotlar berib boriladi. Masalan, Fond tashkil etilganidan buyon masjidlardan 71 milliard so‘m kelib tushgan bo‘lsa, qariyb 60 milliard so‘m masjidlarga qaytarilganini ko‘rish mumkin.
Ikkinchidan, Fond ixtiyorida qolayotgan 25 foiz mablag‘ esa masjid va madrasalarni qurish-ta’mirlash, diniy soha xodimlari va talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga sarflab kelinmoqda.
Avval yurtimizning bir necha hududlarida Fond tomonidan yangi masjidlarni qurish ishlari olib borilayotgani haqida xabar qilinganini alohida ta’kidlash kerak.
Masalan, birgina daromadi kam masjidlar imom-xatiblariga oylik ish haqi berish uchun shu kunga qadar 1,2 milliard so‘m sarflandi.
Uchinchidan, xabarda xayriya mablag‘lari pullari “Vaqf” fondiga o‘tkazilayotgani sabab masjid xarajatlarini qoplashga mablag‘ yetmayotgani qayd etilganiga kelsak, yurtimizda olis va chekka hududlarda joylashgan yuzlab masjidlar moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj hisoblanadi. Fond ixtiyorida qolayotgan mablag‘lar hisobidan mana shunday kam daromadli masjidlarga mablag‘lar yo‘naltirilib, ularning faoliyati har jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
To‘rtinchidan, Ramazon hayiti kuni tushgan mablag‘lar to‘laligicha “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobiga kirim qilinib, ushbu mablag‘larning 40 foizi masjidlarning sarf-xarajatlari uchun o‘zlariga qaytariladi.
Beshinchidan, masjidga tushgan xayriya pullari tegishli idoralar vakillarini jalb etgan holda hisob-kitob va inkassatsiya qilinayotganidan asosiy maqsad, ushbu mablag‘larning aylanmasini shaffofligini ta’minlashdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda biryoqlama, asossiz yondashuvlarni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad odamlarni haqiqiy holatdan chalg‘itish, “Vaqf” fondi faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish orqali fuqarolarimizning yil sayin ko‘lami kengayib borayotgan xayriya ishlariga putur yetkazishdek g‘arazli maqsadlar ko‘zlangani ehtimoli haqida xulosa qilish mumkin.
“Vaqf” fondi matbuot xizmati
Insonlar uchun eng muhim narsa bo‘lgan ilmning davom etishida ustoz va kitobning o‘rni nihoyatda katta. Ilmu ma’rifat shamchirog‘i insoniyat tarixi davomida shu ikki mash’ala bilangina yonib, nur taratib kelmoqda. Ammo kitob ham ustozning joyini bosavermasligi, balki uning ichidagi sir-asrorlarni ta’lim berishda ustoz asosiy o‘rinni egallashi ayni haqiqat. Zero, Alloh taolo ham Qur’onni nozil qilar ekan, uning uchun eng ulug‘ ustoz bo‘lmish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni tanlab olgani ham bejiz emas. Umuman olganda esa, barcha payg‘ambarlar murabbiylik vazifasi bilan yuborilib, insonlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishga mas’ul etilganlar.
Ajdodlarimiz kishining ilmu fazilatini ustozlari soni va sifatiga qarab ham o‘lchashgan. Abul Fazl Zaranjariy (427-512/1036-1118) “Imom Abu Hanifa manoqibi” nomli asarida ibratli bir nuqta qayd etiladi. Buxoroning mashhur olimi Abu Hafs Kabirning o‘g‘li Abu Abdulloh Muhammad Abu Hafs Sag‘irning hikoya qilishicha, uning zamonida Imom A’zam va Imom Shofe’iyning qay birlari ilmda yetukliklari to‘g‘risida bahs ochiladi. Shunda tabiiyki shofe’iylar Imom Shofe’iyni ustun sanashga mayl ko‘rsatishadi. Shunda Abu Hanifa tarafdorlari: “Shofe’iyning ustozlarini sanangizlar-chi, qancha chiqadi?” deyishadi. Sanashsa, saksonta ekan. So‘ng Abu Hanifa as'hoblari u zotning olimlar va tobeinlardan iborat ustozlarini sanashganida to‘rt mingtaga yetgan ekan.
Ayrim olimlar, jumladan, Solihiy “Uqud al-jumon” kitobida Abu Hanifa hazratlarining ustozlarini bir joyga yig‘ishga harakat qilganda ham ularning soni 331 nafarga yetgan. Zaranjariy misol tarzida ularning 133 nafarini keltiradi. Demak, Imom A’zam Abu Hanifa mazhablarining pishiq-puxtaligi, mazhablar orasida eng keng tarqalishi ushbu omilga ham bog‘liqdir.
Hanafiy mazhabining yetukligini boshqa mazhab olimlari ham tan olishgan. Jumladan, molikiy mazhabi vakili Ali Tantoviy (1909-1999) shunday deydi: “Bugungi kunda hanafiy mazhabi eng keng tarqalgan mazhabdir, shuningdek, u furu’si (masalalari) va qavli (so‘z va fatvolari) eng keng, yangi qonun-qoidalarni joriy qilish, yangi hukmlarni ishlab chiqishda eng foydalisi hamdir. Masalalar qamrovi jihatidan undan keyin turadigani molikiy mazhabidir. Men buni shaxsga tegishli turli holatlar qonun-qoidalarni ishlab chiqish jarayonidagi uzoq yillik mehnatim jarayonida tushunib yetganman. Buning sababi esa shuki, hanafiy mazhabi islom tarixidagi abbosiylar va usmoniylar davridan iborat uzun muddatda davlatning rasmiy mazhabi bo‘lib keldi, bu esa islom tarixining to‘rtdan uch qismi demakdir!”
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hanafiy mazhabi boshqa mazhablarning kelib chiqishida ham ulkan o‘rin tutdi, ularga ilmiy-amaliy ta’sir o‘tkazdi, eng avval paydo bo‘lib, shakllangan mazhab sifatida ustozlik qildi. Buning tafsilotlari esa quyidagicha.
Hanafiy va molikiy mazhablari o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik:
Abu Hanifa hazratlarining o‘zlari Imom Molikdan rivoyat qildi va Imom Molik ham u zotdan bahramand bo‘ldi. Bu ikki ulug‘ olim Madinada uchrashganlari va o‘zaro so‘zlashib, bir-birlari haqida yaxshi so‘zlar aytishgani manbalarda qayd etiladi. Jumladan, Imom Molikning Abu Hanifa haqida shunday degani keltiriladi: “Agar mana bu toshdan bo‘lgan ustunga qarab, uni oltindan ekanligini aytsa, bu so‘ziga hujjat-dalil topadigan kishini ko‘rdim”.
Qozi Iyoz (476-544/1083-1149) “Tartib al-madorik” asarida shunday keltiradi: “(Misrning mashhur olimi) Lays ibn Sa’d deydi: “Madinada Molik bilan uchrashdim va dedim: “Peshanangizning terini artayotganingizni ko‘rayapman?” U: “Abu Hanifa bilan (so‘zlashib) terladim. Albatta, u yetuk faqihdir, ey Misriy” dedi. So‘ng Abu Hanifa bilan uchrashdim va Imom Molikni nazarda tutib: “Bu kishining siz haqingizdagi fikri buncha yaxshi” dedim. Abu Hanifa dedi: “Alloh haqqi, undan ham ko‘ra hozirjavob va zuhdi (bahsi) tugal kishini ko‘rmadim”.
Manbalardan ma’lum bo‘ladiki, Imom A’zam shogirdi Imom Muhammad Imom Molik huzurida ham uch yil ta’lim olgan.
Hanafiy va shofe’iy mazhablari o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik:
Imom Shofe’iy Imom Molikdan va Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad ibn Hasandan ta’lim olgan.
Imom Shofe’iy ustozi Imom Muhammadning yuksak darajasini e’tirof etar, hatto shunday derdi: “Imom Muhammad bizning aqlimizga moslab gapirar edi, agar u o‘zini aqli bilan gapirganida biz uning so‘zlarini tushunib ololmas edik”.
Imom Shofe’iydan Imom Muhammad fazilatiga oid ko‘plab xabarlar rivoyat qilingan. “Tarixi Bag‘dod” va “al-Ansob” kitoblarida kelgan ba’zilari quyidagicha: “Muhammad ibn Hasandan aqlliroq kishini ko‘rmadim”. Bir kishi Shofe’iyga: “Sizga faqihlar xilof qilishayapti” dedi. Shunda u dedi: “Sen o‘zi faqihni ko‘rganmisan? Faqat Muhammad ibn Hasanni ko‘rganingda, faqihni ko‘rgan bo‘larding. U ko‘zni ham, qalbni ham to‘ldirardi. Men Muhammad ibn Hasandan ham zakovatliroq kishini ko‘rmaganman”. “Men uchun fiqhda Muhammad ibn Hasandan ham ishonchliroq kishi yo‘qdir”. “Agar ularning tilini bilmasligimiz bo‘lmaganida mana bu kishilarni farishtalar ekanligiga hukm qilgan bo‘lardik: Imom Muhammad fiqh ilmida, Kisoiy nahv ilmida, Asma’iy she’r ilmida”.
Imom Zahabiy (673-748/1274-1348) “Siyaru a’lom an-nubalo” asarida Imom Muhammad tarjimayi holida deydi: “Undan Shofe’iy ham ta’lim oldi va bu bu olishni juda ko‘paytirdi”, ya’ni Imom Shofe’iy Imom Muhammaddan juda ko‘p ilm olgan. Hatto undan ikki tuyaga yuk bo‘ladigan narsani yozib olganini qayd etgan. Ba’zi rivoyatlarda bir erkak tuyaga yuk bo‘ladigan narsalar haqida gap ketadi, chunki erkak tuya urg‘ochisiga qaraganda ko‘proq yuk ko‘tarishga qodir bo‘lar ekan.
Saymariyning (351-436/) keltirishicha, Imom Shofe’iy deydi: “Men o‘zimga Molikning, so‘ng Muhammad ibn Molikning ustozligini e’tirof etaman”. Shuningdek, bu kitobda kelgan xabarlarga ko‘ra, u Imom Muhammadni Qur’on, fasohat, halol-harom, fiqhiy illatlar, nosix-mansuxlar borasida uningdek bilimdon kishini ko‘rmaganini aytgan. U Imom Muhammadga xat yozib, unga kitoblarini nusxa ko‘chirish uchun berib turishini so‘ragan. Bu ish kechikkach, she’riy maktub yuborib mana bunday qilib eslatgan:
Ko‘zlari uni ko‘rgan uningdek kishini ko‘rmaganga ayt
Uni ko‘rgan undan oldingilarni ham ko‘rgandek bo‘luvchiga ayt:
Ilm o‘z ahlini uni ahlidan man etishdan qaytarur
Lozimki, uni ahli uchun kamaytirmay sarf etar shoyad.
Buni o‘qigach, Imom Muhammad kitoblarni o‘z vaqtida chiqarib yuborgan ekan. E’tiborlisi, ko‘plab manbalarda keltirilgan ushbu she’r Imom Shofe’iyning “Devon”ida ham mavjud.
Yana bir muhim jihati shuki, Imom Shofe’iy o‘z “Musnad”ida Imom Muhammaddan rivoyat qilgan, demakki, u hadis sohasida ham uning shayx-ustozlaridan sanaladi. Ushbu “Musnad”da Imom Shofe’iy undan Imom Abu Yusuf, Imom Molik va boshqa olimlarning hadislarini naql qilgan. Bir o‘rinda esa Imom Shofe’iy uni hadisda ishonchli roviy sanab, shunday deydi: “Bizga Muhammad ibn Hasan va boshqa hadis rivoyatida sidq ahlidan bo‘lgan kishilar rivoyat qilishdiki…”.
Imom Zahabiy “Tarix al-islom” asarida keltirishicha, Imom Shofe’iy deydi: “Muhammad ibn Hasanning kitoblariga oltmish dinor sarfladim. So‘ng ulardagi narsalarni tadabbur qilib ko‘rdim va har bir masalaning yoniga hadis qo‘yib chiqdim”.
Imom Shofe’iy undan nafaqat ilm, balki odob ham o‘rgangan. Bunga uning quyidagi so‘zi dalolat qiladi: “Kim bilan bahs qilgan bo‘lsam, yuzi o‘zgargan, bundan faqat Muhammad ibn Hasan mustasnodir”.
Hanafiy va hanbaliy mazhablari o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik:
Imom Ahmad esa o‘z navbatida Imom Shofe’iyning shogirdi sanaladi. Shuningdek, Imom Ahmad Abu Hanifaning peshqadam shogirdi Imom Abu Yusufdan bevosita ta’lim olgan va Imom Muhammad kitoblaridan fiqhni o‘rgangan. Imom Zahabiy “Tarix al-islom” asarida shunday keltiradi: “Hadis yoza boshlagan davrimning boshida Abu Yusufga qatnar va undan yozib olardim. Shundan so‘ng boshqalardan ta’lim oldim”.
Xatib Bag‘dodiy (392-463/1002-1072) “Tarix”ida, Imom Zahabiy “Siyaru a’lom an-nubalo” asarida Ibrohim Harbiydan shunday rivoyat qiladi: “Imom Ahmadga dedim: “Bu daqiq va nozik masalalarni qayerdan olgansiz?” U: “Muhammad ibn Hasanning kitoblaridan” dedi.
Mashhur olim Ibn Rajab Hanbaliy (736-795/1335-1393) deydi: “Imom Ahmad avvalo Abu Hanifa as'hoblarining kitoblarini yozib, o‘rgandi, ularning fiqhdagi usullarini tushunib oldi”.
Yuqorida Imom Shofe’iy hayotida Imom Muhammad qanchalik katta o‘rin tutganligini o‘rgandik. O‘z navbatida Imom Ahmaddan shunday rivoyat qilinadi: “Agar Shofe’iy bo‘lmaganida hadis fiqhini tanimagan bo‘lardik”. Demak, Imom Ahmad hanafiy olimlardan ham bevosita, ham bilvosita ta’sirlangan.
Sam’oniy (506-562/1113-1167) “al-Ansob” kitobida shunday keltiriladi: “Imom Ahmaddan rivoyat qilinishicha, u zot shunday dedi: “Agar bir masalada uch kishining so‘zi mavjud bo‘lsa, ularga qarshi borib bo‘lmaydi”. “Men: “Ular kim?” dedi. U dedi: “Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan. Abu Hanifa qiyosda, Abu Yusuf osor (hadis va rivoyatlar)da, Muhammad esa arab tilida odamlarning eng bilimdonidir”.
Darhaqiqat, xulosa qilish mumkinki, hanafiy mazhabi olimlari fiqhning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishgan. Buni Saymariy keltirgan Imom Shofe’iyning yetuk shogirdi Muzaniyning hanafiy olimlar haqidagi quyidagi so‘zi ham tasdiqlaydi: “Xudo haqqi, ular gapirishganda quloqlarni (ilmga) to‘ldirishardi va faqihlarga ular g‘aflatda qolishsa yopilib qoladigan narsalarni ochib berishardi”. Shunda uning as'hoblari unga ajablanib qarashdi. U esa dedi: “Xudo haqqi, men buni o‘zimcha aytayotganim yo‘q, hatto Shofe’iyning bundan ham ko‘proq narsani aytganini eshitganman”. Ha, Imom Shofe’iyning ham shunday degani rivoyat qilinadi: “Muhammad ibn Hasandan bir erkak tuyaga yuk bo‘ladigan narsa yozib olganman. Agar u bo‘lmaganda ilmda menga kashf bo‘lgan narsalar ochilmas edi”.
Buning sababi sifatida esa Abu Hanifaning ustozlar silsilasi faqihlardan tashkil topgani aytiladi. Jumladan, Imom Muhammad ibn Mansur Sheroziy (vaf. 381/991) o‘zining “Taqdimu mazhab Imom Abi Hanifa” (Imom Abu Hanifa mazhabining peshqadamligi) asarida buni ta’kidlab deydi: “Ko‘ramizki, boshqa faqihlar silsilasi ularda bo‘lgani kabi emas”.
Umuman olganda, ushbudek ustoz-shogirdlik an’analari butun boshli islom fiqhining shakllanishi, oyoqqa turishi va tarqalishiga sabab bo‘ldi. So‘ng bu ilm aynan ustoz-shogirdlik an’analari orqali davom etib, bugungi kunimizgacha yetib keldi va uning bundan keyingi tirikligi ham aynan muhtaram ustozlar tufaylidir. Umuman olganda esa, barcha ilmlar ustozlar va ularning shogirdlari orqali yashaydi va davom etadi.
Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
FOYDALANILGAN MANBALAR
Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Shofe’iy. al-Musnad. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1400/1980.
Shamsulaimma Abulfazl Bakr ibn Muhammad ibn Ali Jobiriy Ansoriy Zaranjariy Buxoriy. Manoqib al-Imom Abi Hanifa. – Istanbul: Dor as-sammon, 1442/2021.
Imom Muhammad ibn Mansur ibn Maymun Sheroziy Hanafiy. Taqdimu mazhab al-Imom Abi Hanifa an-No‘mon fil-jumlati ’ala sairi fuqahoil-amsor. – Qohira: Dor as-solih, 1442/2021.
Abulfazl Qozi Iyoz ibn Muso ibn Iyoz ibn Amr Yahsubiy Sibtiy. Tartib ul-madorik va taqrib ul-masolik. VIII. – Marokash: Vizarot ul-avqof va-sh-shu’un ul-islomiyya, 1403/1983.
Husayn ibn Ali Saymariy. Axboru Abi Hanifa va as'habuhu. – Turkiya: Dor as-siroj, 1444/2023.
Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Xatib Bag‘dodiy. Tarixi Bag‘dod av madinatis-salom. XIV. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1417/1997.
Abu Sa’id Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy Sam’oniy. al-Ansob. XII. – Qohira: Maktabatu Ibn Taymiyya, 1400-1404/1980-1984.
Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tarix al-islom va vafayat al-mashohir al-a’lom. LII. – Bayrut: Dor al-kutub al-arabiy, 1407/1987.
Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru a’lam an-nubalo. XXIII.– Bayrut: Muassasatur-risola, 1993.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Shofe’iy. al-Musnad. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1400/1980.