Kunlardan bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy sahobiylardan birining bog‘iga kirdilar. Bog‘ning salqinroq bir joyida suvi qurib qolgan bir kichikroq quduq bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib shu quduqqa muborak oyoqlarini solib o‘tirdilar. Ortlaridan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu u zotni qidirib kelib, u kishi ham oyoqlarini solib o‘tirdilar, ketlaridan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kelib, xuddi shunday o‘tirdilar. So‘ng Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kelib qoldilar. Holbuki, u kishiga bu quduqda joy qolmaganligi uchun boshqa joyga o‘tirdilar. Alloh taoloning taqdiri bilan bu ajralmas uch do‘stning bir quduqqa oyoqlarini solib o‘tirishlari hikmati ularning qabrlari bir joydaligiga bog‘liq bo‘ldi…
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kasalliklari kuchayib ketganidan keyin barcha ayollaridan Oisha roziyallohu anhoning uyida qolishga izn so‘radlar. Chunki, Oisha roziyallohu anho ayollarining ichida eng yoshi edilar. Ayollari ruxsat bergach, o‘sha uyda turdilar va shu uyda, oltmish uch yoshlarida vafot etdilar. Dafn etilgan joylari ham shu uy bo‘ldi.
Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘rinlariga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu “Vafot etganimda meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq tomonlariga dafn etinglar”, deb iltimos qildilar. Barcha bunga rozi bo‘ldi. U zot ham oltmish uch yoshlarida vafot etdilar va vasiyat qilgan joylariga, Oisha onamizning uyi, Nabiy alayhissalomning oyoq taraflariga dafn etildilar.
Vafotlaridan keyin o‘rnilariga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar. U zot ham vafot etsalar, Oisha roziyallohu anhodan shu uyga qo‘yilishga ruxsat so‘radilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: “Men bu joyni o‘zimga saqlayotgan edim, mayli, o‘rnimni Umarga berdim” dedilar. Hikmatni qarangki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham oltmish uch yoshlarida vafot etib, shu uyga dafn etildilar. Bu uyda bo‘sh joy qolmaganligi bois Oisha roziyallohu anho boshqa yerga qo‘yildilar.
“Qiyomatli do‘st – ajralmas”, deb, bekorga aytilmaydi. Mana bir ming to‘rt yuz yildan o‘tibdiki, bu uch do‘st hali ham bir uyda, bir joyda, hali ham birgalar..!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tunda u yon-bu yonga aylanayotganlarida quyidagi zikrni aytar edilar:
لاَ إله إِلا الله الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ رَبُّ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ وَمَا بَيْنَهُمَا الْعَزِيزُ الْغَفَّارُ.
“Laa ilaha illallohul vaahidul qahhaaru Robbus samavati val arzi va maa baynahuma al-a’ziyz al-G‘affor”
“Yagona va Qahhor bo‘lgan Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U osmonlaru yer va ularning orasidagi narsalarning Robbi Aziyz va G‘affordir”.
2. Kechqurun uyg‘onilganda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki kechqurun uyg‘onsa:
لا إلَهَ إلاَّ الله وحْدَهُ لا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ المُلْكُ ولَهُ الحَمْدُ، وهُوَ على كلِّ شيءٍ قَدير، الحَمْدُ لله وسُبْحانَ الله ولا إله إلا الله والله أكبر، ولا حَولَ ولا قُوةَ إلا بالله.
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva a’la kulla shayin qodiyr. Alhamdulillah, Subhanalloh va Laa ilaha illallohu Allohu akbar va Laa havla va laa quvvata illa billah”
“Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yolg‘izdir. Uning sherigi yo‘qdir. Moliklik Unga xos. Barcha hamdu sano Unga xos. U har bir narsaga qodirdir. Allohga hamdlar bo‘lsin. Allohni poklab yod etaman. Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyukdir. Hech qanday o‘zgartirish va kuch-qudrat yo‘qdir, magar Alloh(ning yordami) ila bo‘lur”, deb aytsa, so‘ng «Allohim, meni kechirgin» desa, (yoki duo qilsa, dedilar) albatta, ijobat qilinadi. Agar tahorat qilib, namoz o‘qisa, namozi qabul qilinadi» (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
3. Qo‘rqib uyg‘onilganda:
عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: إِذَا فَزِعَ أَحَدُكُمْ فِي النَّوْمِ، فَلْيَقُلْ: أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللَّهِ التَّامَّاتِ مِنْ غَضَبِهِ وَعِقَابِهِ، وَشَرِّ عِبَادِهِ، وَمِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ، وَأَنْ يَحْضُرُونِ. فَإِنَّهَا لَنْ تَضُرَّهُ.
Amr ibn Shuayb roziyallohu anhudan naql qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Birortangiz uyquda qo‘rqsa:
“A’uzu bikalimatillahit tammati min g‘ozobihi va iqobihi va sharri ibadihi va min hamazatish shayatiyn va ay-yahzurun”
“Allohning mukammal kalimalari ila Uning g‘azabi va jazosi, bandalarining yomonliklari, shaytonlarning vasvaslari va ularni mening oldimga kelishlaridan panoh tilayman”, desin (Imom Termiziy rivoyati).
4. Yomon tush ko‘rganda:
وعَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ ، أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ يَقُولُ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمْ رُؤْيَا يُحِبُّهَا فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ اللَّهِ، فَلْيَحْمَدِ اللَّهَ عَلَيْهَا وَلْيُحَدِّثْ بِهَا، وَإِذَا رَأَى غَيْرَ ذَلِكَ مِمَّا يَكْرَهُ، فَإِنَّمَا هِيَ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَلْيَسْتَعِذْ مِنْ شَرِّهَا وَلاَ يَذْكُرْهَا ِلأَحَدٍ، فَإِنَّهَا لاَ تَضُرُّهُ. صحيح البخاري،
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘ziga yoqadigan tush ko‘rsa, uni Alloh taolo sizga marhamat qilgan bo‘lib, buning uchun darhol Rabbingizga hamdu sano aytsin va ko‘rgan tushini(yaxshi odamlarga) aytsin. Agar ko‘ngli xushlamaydigan tushni ko‘rsa, demak, u shayton tarafidan bo‘lib, uning yomonligidan Alloh taolodan panoh tilasin:
“A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” va uni hech kimga aytib bermasin. Shunda ko‘rgan yomon tushi unga zarar keltira olmaydi!” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
وعَنْ جَابِرٍ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ ، أَنَّهُ قَالَ: إِذَا رَأَى أَحَدُكُمُ الرُّؤْيَا يَكْرَهُهَا، فَلْيَبْصُقْ عَنْ يَسَارِهِ ثَلاَثًا، وَلْيَسْتَعِذْ بِاللَّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ ثَلاَثًا، وَلْيَتَحَوَّلْ عَنْ جَنْبِهِ الَّذِي كَانَ عَلَيْهِ. صحيح مسلم،
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz o‘zi yoqtirmaydigan tush ko‘rsa, chap tarafiga uch marta tuflasin va shaytondan Alloh taolodan panoh tilasin hamda boshqa tarafga o‘girilib olsin”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Uyquda yomon tush ko‘rganda nima qilish kerak ekani yuqoridagi hadislarda bayon qilindi. Lekin ularning eng afzali Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallama aytganlaridek: “Birortangiz yoqtirmaydigan tush ko‘rsa turib namoz o‘qisin va tushini hech imga aytmasin”.
Davron NURMUHAMMAD