Mino Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi bo‘lib, u Masjid al-Haram shimolidan 7 km uzoqlikda joylashgan. Ibrohim alayhissalom shu yerda shaytonga tosh otganlar va qurbonlik qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham vidolashuv hajini ado etganlarida tosh otib, qurbonlik so‘yganlar. Va: “Mana shu yerda qurbonlik qildim. Minoning barcha yerida qurbonlik so‘yilur”, deganlar.
Hojilar Zulhijja oyining sakkizinchi kuni bomdod namozini ado etib bo‘lgach, Minoga yo‘l oladilar va Arafa kunining bomdod vaqtigacha shu yerda istiqomat qiladilar. So‘ngra Arafotga ketib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni yana Minoga qaytadilar va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettiradilar.
Yurtimizdan jo‘nab ketgan hojilar ham Nabiy alayhissalomning sunnati saniyyalariga amal qilish niyatida shunday ulug‘, muborak maskanga yo‘l oldilar. Bu yerda ibodatning mag‘izi bo‘lgan duo bilan mashg‘ul bo‘lib, yurtimiz, xalqimiz tinchligi va farovonligi so‘rab duolar qiladilar.
Alloh taolo hojilarimizning duolar maqbul bo‘ladigan lahza va makonlarda qilayotgan duoi-xayrlarini qabul etsin. So‘raydiganlaridan afzalini bersin.




O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi Oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida Qur’oni karim 521 marta, “Sahihul Buxoriy” 14 ta xatm qilinib, 750 mingdan ziyod istig‘for, 240 mingdan ziyod salavotlar aytildi. Yurtimizdagi masjidlarda o‘qilgan juma va istisqo namozlari ortidan ushbu xatmlar bag‘ishlandi.
Tarixga nazar tashlansa, “Qur’oni karim” xatm qilingani kabi “Sahihi Buxoriy” ham yozilganidan buyon to‘liq o‘qilib, xatm qilinib, undan baraka hosil qilingan. “Sahihi Buxoriy” to‘liq o‘qilib, xatmdan so‘ng qilingan duolar ijobati juda ko‘plab tajribalardan o‘tgan haqiqat. Ulamolar xatmni juma kuni tugatishni mo‘ljallab, bir necha kunda xatm qilib o‘tkazishgan.
“Oltin silsila”da aytilishicha, mo‘g‘ullar istilosiga qarshi masjidlarda “Sahihi Buxoriy” o‘qitilgan. Kitobning xatmi yakunlanib, oxiriga yetgan kundan boshlab mo‘g‘ul qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchray boshlagan.
Vabo tarqalish xavfi bo‘lganida, o‘latga qarshi ham “Sahihi Buxoriy” kitobi xatm qilingan.
Mag‘ribda ulamolar har rajab oyi boshlanishi bilanoq “Sahihi Buxoriy”ni o‘qishib, uni ramazonning yigirma yettinchi kechasi xatm qilishgan. Hindiston va Pokistonda esa mavlid oyida “Sahihi Buxoriy”ni o‘qib tugatish an’anasi hozir ham bor.
Shuningdek, mamlakatimiz bo‘ylab 500 ga yaqin jonliq so‘yilib, besh mingdan ziyod ehtiyojmand xonadonlarga xayr-ehsonlar tarqatildi.
Alloh taolodan yolvorib so‘raymizki, yuqorida aytib o‘tilgan Qur’oni karim va “Sahihi Buxoriy” xatmlari, qilingan qurbonliklar, aytilgan istig‘for va iltijolarni qabul etib, yurtimizga yog‘ingarchiliklarini ko‘p qilib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati