Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Bir illat ortidagi fojialar

30.10.2024   21029   4 min.
Bir illat ortidagi fojialar

Bugun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda (“tegajog‘lik qildi, zo‘rladi” mazmunidagi) axloqiy buzuqlik bilan bog‘liq noxush xabarlar ko‘payib ketdi. Ularni o‘qiganing sari fig‘oning oshadi. Nahot inson tubanlikka borsa. Bu illat voyaga yetmaganlar orasida ham, aqli raso va hatto yoshi bir joyga borib qolgan insonlar orasida ham urchiyotgani tashvishli holdir.
 

Bugun fahshni targ‘ib qilayotgan vositalar shunchalar ko‘pki, bundan qochishning iloji yo‘qdek. Oldinlari kishi aytishga or qiladigan behayo gaplar endilikda ochiqchasiga seriallaru kinolarda, ijtimoiy tarmoqlarda tashviq qilinmoqda. Oqibatda insonlarda hayo pardasi ko‘tari­lib ketayotgandek...


Buning ta’sirida zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar ortib, o‘lim bilan yakunlanganlari bor. Umri xazon bo‘lgan yosh qiz-juvonlar, o‘smirlar qancha. Voyaga yetmay oila qurayotganlar, maktab partasida o‘tirib ona bo‘layotganlar-chi? Xiyonat sabab oilasi buzilayotgan, bolalarini yetim qilayotganlar, yaqin qondoshlik aloqalarini uzayotganlar ham yetarlicha. Buning ortidan yuqumli va bedavo kasalliklarga chalinayotganlar ham bor. Bularning barchasi birgina axloqsizlik ortidagi fojialardir.


– Zinoning yomonligi shundaki, jamiyatning asosi bo‘lgan oilaga jiddiy putur yetkazadi, insonning nasl-nasabi buziladi. Jamiyatda ko‘plab illatlarning urchishiga, kasalliklarning ortishiga sabab bo‘ladi, – deydi O‘MI Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov. – Shu bois dinimizda u gunohi kabira sanaladi. Qur’oni karimda: “Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir” (Isro surasi, 32-oyat), deya marhamat qilingan. Demak, mo‘min kishi uning har qanday ko‘rinishidan yiroq yurishi lozim. Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zga jins vakillari bilan munosabatlarda mana shu jihatlarga e’tibor qaratilmayapti. Nomahramlik masalalariga beparvo bo‘lish va o‘zaro nojo‘ya suhbatlar ortidan oilalar buzilib ketyapti. Hali oila qurmagan yoshlar hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlariga, ya’ni “onlayn muhabbat”ga ruju qo‘ymoqda. Bu narsalar shariatimizda qat’iyan man qilingan.


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam zinodan qaytarib aytadilar: “Ey insonlar! Zinodan qo‘rqinglar, unda oltita zarar bor. Shundan uchtasi bu dunyoda, uchtasi oxiratda bo‘ladi. Bu dunyodagilari: zino ruhiy go‘zallikni ketkazadi, kambag‘allik keltiradi, ­umrni qisqartiradi. Oxiratdagilari esa – Allohning g‘azabi, hisobdan yomon o‘tish va jahannam azobidir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).


Kundalik hayotimizda ham fahshga ruju qo‘yganlarning boshi balodan chiqmasligiga ko‘p bor guvoh bo‘lamiz. Bu ham hadisning naqadar haq ekanidan dalolatdir.


Qur’oni karimda: (Ey Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (no­mahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir”, deya marhamat qilingan (Nur surasi, 30-oyat).


Oyatda Alloh taolo erkaklarni nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashdan man etmoqda. Chunki bunday nazar zinoga yetak­laydi va bunday qarash ko‘z zinosi hisoblanadi. Afsuski, bugun ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida, ayniqsa, televizor va qo‘l telefonimiz qarshisida o‘zimizni nomahramlardan, behayo tasvirlardan tiya olmayapmiz. Yoshimiz ulg‘ayib nafsimizni jilovlab olgandirmiz. Lekin farzandlarimizning bu illat iskanjasidan asray olyapmizmi?


Tahrim surasi 6-oyatda: “Ey iymon keltirganlar! O‘zla­ringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz...” deya marhamat qi­lingan. Oyat tafsirlarida ulamolarimiz o‘tdan saqlanish gu­nohlarni tark qilish va toat-ibodat bilan bo‘ladi. Bunda oila boshlig‘i ayolini ham farzandlarini do‘zax azobidan saqlashga mas’ul ekanini ta’kidlashgan.


Xulosa qilib aytganda, mo‘min kishi axloqiy buzuqlikka yetak­laydigan har qanday narsadan uzoq yurishi, ahli oilasini ham bu botqoqdan asrashi shart. Bu­ning uchun esa dinimizni mukammal o‘rganib, Qur’onu sunnatda kelgan amallarni hayotimizga tatbiq qilishimiz, farzandlarimizga buzuqlik gunohi kabira ekanini anglatishimiz, eng asosiysi, ularga Allohni tanitishimiz zarur. Shundagina ular yolg‘iz qolsa ham, Allohning kuzatuvida ekanini his etadi, shayton vasvasalariga, nafsining xohishlariga uchmaydi, inshoalloh.


Bobur MUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taniqli ulamolar "Imom Buxoriy" ordeni bilan taqdirlandi

22.08.2026   11795   1 min.
Taniqli ulamolar

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.

Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!

"Imom Buxoriy" ordeni:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;

Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;

Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!

Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari