Navoiy shahrida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun 16-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Navoiy viloyat vakilligi homiyligi bilan yangi sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Navoiy viloyat vakilligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi vakillari, Navoiy garnizoni harbiylari ishtirok etdi.
Mazkur jismoniy-sog‘lomlashtirish majmuasi alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun davolash-gimnastika mashg‘ulotlarini olib borish, ularni ham jismoniy, ham ruhiy rivojlanishishga, zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni egallashga imkoniyat yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu maskanda bugungi kunda 108 nafar bolajon ta’lim-tarbiya olib kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bolalar bilan muomala qilish uslubi
Eringizning hurmatini joyga qo‘ying!
Erkak kishining oilada oila boshlig‘i, ota sifatida o‘z o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun ayol kishi turmush o‘rtog‘iga nisbatan mehr-muhabbatli, ayniqsa, farzandlarining oldida otaning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i kerak. Soliha ayol har qanday vaqtda otalarining buyuk shaxs ekanini bildirib turadi va otani hurmat qilish, uni yaxshi ko‘rishda bolalariga o‘rnak bo‘lib, amaliy yo‘l ko‘rsatadi. Farzandlariga otasining go‘zal xislatlarini o‘rnak sifatida aytib beradi. Onaning farzandiga: “Mana shunday qilsang otang sendan xursand bo‘ladi. Bunday qilmagin, dadangning jahllari chiqadi. Dadangning sendan jahli chiqsa, Allohning ham g‘azabi keladi”, deya pand-nasihatlar qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.
Arzimas bo‘lsa ham hadyalar bering!
Farzandingizga kichik bo‘lsa-da, hadyalar bering. Bayram kunlari, biror muvaffaqiyatga erishganliklari munosabati bilan, ayniqsa, hayit kunlari buni unutmang. Bu bilan farzandingizning sizga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori ortadi, kayfiyati ko‘tariladi, yaxshiliklar sari intiladi. Sovg‘alaringiz ichida u qiziqqan kitoblar bo‘lsa, undan-da yaxshi.
Farzandingizga quloq soling!
Farzandingiz bog‘chasida yoki maktabida nima bo‘lganini aytib berish uchun oldingizga kelsa, uning shashtini qaytarmang. So‘zlarini diqqat bilan tinglang. U siz bilan o‘zining his-tuyg‘ularini bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Farzandingizning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantiring, agarda u imtihondan yuqori baho olsa, yilni a’lo baholarga yakunlab, maqtov yorlig‘i bilan taqdirlansa, siz ham farzandingizni munosib baholang, shirin so‘zlaringiz bilan uni yanada ilhomlantiring.
Farzandlaringiz bilan hazillashib turing!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan hazillashar va ularga mehr ko‘rsatar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasayinni o‘pdilar. U zotning oldilarida tamiymlik Aqro ibn Hobis o‘tirgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mening o‘nta bolam bor, ulardan birontasini ham o‘pmagan ekanman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmagan kishiga rahm qilinmaydi” [1], dedilar».
Nabiy alayhissalom bolalar bilan hazillashar, ularning boshlarini silar edilar. Bolalar esa u zotning taftini, mehrini his qilishardi. Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan mening boshimni siladilar va: “Alloh, Ja’farga bolasi uchun o‘rinbosar bo‘l” [2], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarning yanoqlarini silaganlari borasida “Sahihi Muslim”da rivoyat keltiriladi. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim, keyin u zot uylariga chiqib ketdilar, men ham birga qo‘shilib oldim, yo‘lda ikkita yosh bola u zotning qarshilaridan chiqdi, har birining yanoqlarini alohida-alohida silab qo‘ydilar”.
Muoviyya roziyallohu anhu: “Kimning kichik yoshdagi farzandi bo‘lsa, farzandi bilan munosabatda o‘zini bolalardek tutsin”, deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Muttafaqun alayh.
[2] Imom Hokim rivoyati.