Navoiy shahrida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun 16-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Navoiy viloyat vakilligi homiyligi bilan yangi sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Navoiy viloyat vakilligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi vakillari, Navoiy garnizoni harbiylari ishtirok etdi.
Mazkur jismoniy-sog‘lomlashtirish majmuasi alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun davolash-gimnastika mashg‘ulotlarini olib borish, ularni ham jismoniy, ham ruhiy rivojlanishishga, zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni egallashga imkoniyat yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu maskanda bugungi kunda 108 nafar bolajon ta’lim-tarbiya olib kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati