Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2026   |   11 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:41
Xufton
18:55
Bismillah
30 Yanvar, 2026, 11 Sha`bon, 1447
Maqolalar

Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

30.01.2025   15196   2 min.
Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rajab oyi nihoyasiga yetib, Sha’bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo‘llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha’bon deb nomlangan.

Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish oyi sanaladi. Sha’bon oyi Qur’on ko‘p tilovat qilinadigan va ko‘p ro‘za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko‘p ro‘za tutardilar.

Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha’bondagidan ko‘p ro‘za tutmas edilar. Zotan, u zot sha’bonning hammasida ro‘za tutar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g‘aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko‘tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha’bonda ro‘za tutganingizdek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim", deb so‘radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g‘ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a’lamiynga ko‘tariladi. Mening amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ulamolar: "Sha’bon oyida bir yillik amallar Allohga ko‘tariladi", deganlar.

O‘tgan solihlar bu oyda yanada ko‘proq Qur’on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha’bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lardilar.

Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha’bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.

Shuningdek, o‘tgan solihlar bu oyda miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag‘allar Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha’bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur’oni karimning tilovatini ko‘paytirishga juda qattiq e’tibor berardilar".

Bir so‘z bilan aytganda, sha’bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha’bon oyingiz muborak bo‘lsin!
 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kibr va manmanlik oqibati

30.01.2026   1135   8 min.
Kibr va manmanlik oqibati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimda bunday deyiladi: «Alloh saltanat berganidan (g‘ururlanib), Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko‘rmaysizmi?! Qaysiki, Ibrohim: «Mening Rabbim tiriltiradi ham, o‘ldiradi ham», – deganida, u: «Men (ham) tiriltiraman va o‘ldiraman», – dedi. Ibrohim aytdi: «Alloh Quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag‘ribdan chiqargin-chi?» Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay. »   (Baqara surasi, 258 – oyat).

Qissaning mazmuni

Allohning buyuk payg‘ambari, Ibrohim Xalilulloh bilan o‘zini iloh deb da’vo qilgan Namrud o‘rtasidagi bahs qissaning mazmuni bo‘lib, unda Allohning buyukligini inkor etgan, o‘zini ulkan zot deb hisoblagan bir podshoh bilan bo‘lgan. Ulamolarning aytishicha, bu podshoh Bobil shohidir. Uning ismi Namrud ibn Kan’on ibn Kush ibn Som ibn Nuh bo‘lgan. Boshqalar esa uni Namrud ibn Folix ibn Obir ibn Solix ibn Arfaxshad ibn Som ibn Nuh deb ataganlar.

Rivoyatlarga ko‘ra, u dunyoda to‘rtta podshohlik qilgan zotdan biri bo‘lgan.

Ulardan ikkisi mo‘min, ikkisi kofir edi:

Mo‘minlar – Zulqarnayn va Sulaymon (alayhimussalom). Kofirlar — Namrud va Buxtunnasr (Nabuxodonosor).

Namrud to‘rt yuz yil podshohlik qilib, jaholat va zulmga berilgan, dunyo hayotini afzal ko‘rgan.

Ibrohim (alayhissalom) bilan bahsi

Ibrohim (alayhissalom) uni Allohga ibodat qilishga chaqirganlarida, Namrud kibr va johillik bilan rad etdi. Shunda Ibrohim (alayhissalom):

«Mening Rabbim – tiriltiradi va o‘ldiradi», – dedilar.

Namrud unga javoban dedi:  «Men ham tiriltiraman va o‘ldiraman».

Mufassir ulamolardan – Qatoda, Suddiy va Muhammad ibn Is'hoq shunday degan: «Namrud bu so‘z bilan shunday demoqchi bo‘lgan: “Men ikki odamni olib kelaman – bittasini o‘ldiraman, ikkinchisini afv etaman. Shu bilan men ham tiriltirdim va o‘ldirdim», – degan.

Ammo bu javob aslida dalilga qarshi emas, chunki Ibrohim alayhissalomning so‘zi haqiqiy hayot va o‘limni yaratgan Zot – Alloh haqida edi. Namrudning aytgani esa siyosiy qaror, ya’ni “o‘ldirish yoki afv etish” haqida edi, bu esa yaratish emas.

 Shunda Ibrohim (alayhissalom) aniq va rad qilib bo‘lmas dalil keltirdilar:

 «Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»

Bu dalil oldida Namrud hayron bo‘lib, javobsiz qoldi.

Hikmat

Ushbu voqea Alloh azza va jallaning qudrati, Ibrohim alayhissalomning hikmati va kofirning ojizligini ko‘rsatadi. Alloh taolo bu bilan insonlarga shunday saboq beradi:

Haqiqiy yaratuvchi va hayot beruvchi zot – faqat Allohdir. Podshohlik va kuch insonni Yaratguvchi qilmaydi. Ilm va dalil bilan haqiqat aniq bo‘ladi.

Ibrohim (alayhissalom) va Namrud bahsining yakuni

Nimrud bilan bo‘lgan bahsda uning ojizligi va noto‘g‘riligi ko‘pchilikka avval boshda ochiq bo‘lmagani uchun, Alloh taolo Ibrohim (alayhissalom)ning keltirgan ikkinchi dalilini zikr qildi – bu dalil orqali u Namrudning da’vosini rad etdi va Allohning borligiga ochiq-oydin dalil keltirdi.

Ibrohim (alayhissalom) shunday dedilar:

«Albatta, Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqar!»

Ya’ni, bu quyosh har kuni sharqdan chiqadi va g‘arbga botadi — bu uni yaratgan, boshqargan va bo‘ysundirgan Zotning buyrug‘idandir. U Zot — hech qanday sherigi bo‘lmagan Alloh, barcha narsani yaratgan yagona Parvardigordir.

Shuning uchun Ibrohim (alayhissalom) dedilar:

“Agar sen o‘zingni tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi deb da’vo qilayotgan bo‘lsang, unda mana shu quyoshni g‘arbdan chiqar. Chunki haqiqiy tiriltiruvchi va o‘ldiruvchi Alloh har narsani xohlaganidek qiladi, uning ishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. U barcha narsani itoat ettirgandir. Agar sen ham shunday ekansan — qil bu ishni! Agar qila olmasang, demak, sen o‘zing aytganday iloh emassan.”

Shunday qilib, Ibrohim (alayhissalom) uning johilligi, yolg‘oni va da’vosining botilligini ayon qildi. Namrudning javob berishga so‘zi qolmadi, u lol bo‘lib jim bo‘ldi.  Shuning uchun Alloh taolo kalomi sharifida shunday dedi:

 «Bas, (o‘sha) kofir (gap topolmay) lol bo‘lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo‘llamagay.» (Baqara surasi, 258 – oyat).

Bahsdan keyingi voqealar

Mufassir Suddiyning aytishicha, bu bahs Ibrohim (alayhissalom) olovdan qutulib chiqqan kunlari bo‘lgan va u kishi avval bu podshoh bilan uchrashmagan edilar.

Abdurrazzoq o‘z rivoyatida Ma’mar orqali Zayd ibn Aslamdan naql qiladi:

Namrudda g‘alla va ozuqa bo‘lib, odamlar undan yegulik so‘rab kelishardi. Ibrohim (alayhissalom) ham ular bilan birga bordilar. Shu uchrashuvda ular birinchi marta ko‘rishdilar va bahs ham shu kuni bo‘ldi.

Ibrohim (alayhissalom) boshqalar kabi yemish ololmadilar, qo‘llari bo‘sh qaytdilar. Yo‘lda ketar ekanlar, bir tepalikdagi qumdan ikki xalta to‘ldirib, “hech bo‘lmasa ahlimni shu bilan band qilib turaman”, deb uylariga qaytdilar.

Uyga yetib kelishgach, Ibrohim (alayhissalom) dam olish uchun yotdilar. U kishining zavjasi Sora xaltalarni ochib qaradilar va ularni toza yemishga to‘la holda topdilar. Shu yemishdan taom tayyorladilar.

Ibrohim (alayhissalom) uyg‘onib, taomni ko‘rib hayron bo‘ldilar:

 “Bu taom qayerdan keldi?” — dedilar.

Sora onamiz dedilar:

 “Siz olib kelgan yemishdan tayyorladim”.

Shunda Ibrohim (alayhissalom) tushundilarki, bu rizq Alloh tomonidan berilgan ne’mat edi.

Namrudning halokati

Zayd ibn Aslamning aytishicha: “Alloh taolo Nimrudning yoniga farishta yubordi va uni Allohga iymon keltirishga da’vat qildi.

U birinchi marta rad etdi. Ikkinchi marta ham rad etdi, so‘ngra uchinchi marta ham rad etdi. Shunda farishta unga dedi:

 “Qo‘shiningni tayyorla, men ham o‘z qo‘shinimni tayyorlayman.”

Namrud sahar vaqtda o‘z qo‘shinini yig‘di. Shunda Alloh taolo osmon hashoratlaridan iborat pashshalar to‘dasini Namrud lashkarlari ustiga yubordi. Ular quyoshni to‘sib qo‘yishdi – osmon qorong‘u bo‘ldi. Bu hashoratlar Namrudning qo‘shiniga hujum qilib, ularning go‘shtini va qonini yeyishdi, faqat suyaklari qoldi. Namrudning barcha lashkarlari qirilib ketib, uning burniga esa bir pashsha kirib oldi. Keyin miyasiga joylashib olib, unga qattiq azob bera boshladi. Namrud qirq yil davomida shu xashorat bilan azoblandi. Uning boshi og‘riganda xizmatkorlari to‘qmoq bilan urib yengillik berishardi. Namrud qattiq azoblarga chiday olmay o‘z hizmatkoriga boshiga to‘qmoq bilan urishni buyuradi. Xizmatkor to‘qmoq bilan sekin urganida Namrud qattiqroq urishni buyuradi. Xizmatkor Namrudning boshiga bor kuchini yig‘ib urishi oqibatida uning boshi yorilib, ichidagi pashsha uchib chiqib ketadi va Namrud esa shu zahoti vafot etadi.

Xulosa

Allohning qudrati oldida podshohlik va kibr hech narsa emas. Haqiqiy hayot va o‘limni yaratuvchi — faqat Alloh Ibrohim (alayhissalom)ning ilmi va hikmati, Nimrudning ojizligini fosh etdi.   Alloh zolimlarni hidoyat qilmaydi.

Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.

 

Maqolalar