Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

Surma surmaysizmi?

03.04.2025   7655   3 min.
Surma surmaysizmi?

Abu Hurayra roziyallohu an­hu­dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim surma qo‘ysa, toq qo‘ysin. Kim shunday qilsa, yaxshi qilgan bo‘ladi, kim qilmasa, haraj yo‘q”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismid* bilan surma qo‘yinglar. Albatta, u ko‘z­ni ravshan qiladi va kiprik­larni o‘stiradi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Surma ko‘zni muhofaza qiladi, ko‘zdagi xiralikni aritib, chirkinlarni chiqarib tashlaydi, quv­vatlantiradi, ko‘rish qobiliyatini oshiradi, kipriklarni o‘stiradi. Bu xususiyat, ayniqsa, ismidda ko‘p­roq bo‘lib, keksa yoshdagi kishilar uchun foydaliroqdir.

Yuqoridagi hadislardan Nabiy sollallohu alayhi vasallam shax­siy gigiyenaga a’lo daraja­da e’ti­bor qilganlarini ko‘ri­shimiz mumkin. U zot muborak ko‘zlari­ning parvarishi uchun surmadan foydalanganlar va ummatlariga ham tavsiya qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning surma qo‘yishlari­ni diqqat bilan o‘rganadigan bo‘l­sak, u zot surmani kechasi, uxlashdan oldin qo‘yganlari va uni o‘ng ko‘z­lariga uchta, chap ko‘zlariga uchta (yoki o‘ng ko‘zlariga ikkita, chap ko‘zlariga ikkita va yana bit­tani ikki ko‘zlariga yoki o‘ng ko‘zlari­ga uchta, chap ko‘zlariga ikkita) qi­lib toq qo‘yganlari ma’lum bo‘la­di. Um­matlariga ham uni kechasi qo‘yish­ni va toq qilishni buyurganlar.

Surmaning kechasi qo‘yilishida foydalar ko‘p. Ko‘zlar yumilgan holda surmadan uzoq vaqt – tonggacha oziqlanadi. Kunduzi esa, bunday natijaga erishib bo‘lmaydi.

Hanbaliylar, ba’zi sho­fe’iylar va ahli ha­dislar Na­biy sollallohu alayhi vasal­lam fe’l­larining zohiriga e’ti­boran erkaklar uchun sur­ma qo‘yish (zarurat bo‘lish-bo‘lmas­ligidan qat’i nazar) mustahab degan yo‘lni tutganlar.

Hanafiylar esa, modomi­ki, u bilan ziynatla­nish ko‘z­lanmas ekan, erkaklarning ham surma qo‘yishi joiz deydilar. Hanafiylarning ba’zilari man qilingan holatdan takabburlik uchun ziynatlanish nazarda tutilgan, jamol va viqor uchun ziynatlanish emas, deb izohlashgan.

Imom Molikdan ham ikki qavl bo‘lib, birida joiz deyilgan bo‘lsa, ikkinchisida ayollarga o‘xshab qolishi e’tiboridan makruh deyilgan.

Demak, erkaklar uchun surmadan davo sifatida, ko‘zning parvarishi uchun foydalanish joiz. Ziynat uchun bo‘lsa, hanafiylar va molikiylar nazdida makruhdir.

Agar sobit bo‘lgan hadislar taammul qilib ko‘­rilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning surmani ziynat uchun emas, balki ko‘z va kipriklar parvarishi uchun qo‘yganlari ayon bo‘ladi. Surmani kechasi, uxlashdan oldin qo‘yganlari ham bu ishning ziynat uchun bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

Surmadan ziynatlanish maqsadida foydalanish faqat ayollar uchun mustahabdir. Chunki ular erlariga chiroyli suratda ko‘rinishlari lozim. Ammo eridan boshqasi uchun ziynatlanishlari joiz emas.

Erkaklarning surmadan ziynat maqsadida foydalanishlari esa, agar o‘sha jamiyatda bu ish odatga aylangan bo‘lsa, u holda zarari yo‘q. Qadimda arab­lar cho‘lning jaziramasida ko‘zning xiralashib, shikastlanmasligi uchun surmadan foydalanishgan va uni kunduzi ham qo‘yib yurishgan. Shu bois ularda erkaklarning ham surmadan foydalanishlari oddiy hol bo‘lgan. Ammo boshqa xalqlarda, masalan, bizning mintaqalarda bu holatga o‘zini ayollarga o‘xshatish qabilidagi xatti-harakat deb qaraladi.

Manbalar asosida
Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   6440   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari