Shu yil 25 noyabr kuni Ammon shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Muslim al-Xaloyala janoblari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari sa’y-harakatlari bilan diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat vaqf muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga erishilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, muzokaralarda o‘zbekistonlik mutaxassislar vaqf yo‘nalishida zamonaviy malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishida aloqalarni o‘rnatish hamda mushtarak ilmiy loyihalarni amalga oshirish, vaqf mulklarini boshqarish bo‘yicha mavjud tajribani o‘rganish maqsadida Iordaniyada malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, uchrashuvda quyidagi natijalarga erishildi:
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutaxassislarining Iordaniyada malaka oshirish kurslari hamda amaliyot o‘tashlarini yaqin oylarda tashkil etish;
- Vaqf mulklarini tasarruf etishdagi ilg‘or va zamonaviy tajribalarni o‘rganish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutaxassislarini yaqin kunlarda Iordaniyaga ishchi safarlarini uyushtirish;
- Iordaniyalik professor olimlar tomonidan vaqf mulklari tartiblari, tarixi, buguni va istiqbollari to‘g‘risida kasb-mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazish kabilarga kelishildi.
Ma’lumot o‘rnida, Iordaniya Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vazirligi vaqf mulklari, ziyoratgohlar, xayriya fondlarini boshqarish, haj, umra safarlarini tashkil etish, masjidlar, imomlar faoliyatini yuritish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, diniy ta’lim, Qur’oni karimni kurslari, Mus'haflar chop etish va juma tezislarini yozish kabi faoliyat turlariga boshchilik qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati