Shu maqsadda “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi tomonidan o‘qituvchi va mas’ul xodimlar uchun mahorat oshirishga qaratilgan turkum onlayn darslar tashkil etilgan edi. Joriy yilning 28 yanvar kuni mazkur silsilaviy darslarning navbatdagi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Zoom platformasi orqali tashkil etilgan mashg‘ulotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Elyor Alimqulov ishtirok etdilar. Ular soha mutaxassislariga ta’lim sifatini oshirish va ish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdilar.
Darsning asosiy qismida bo‘lim boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum “Qur’oni karim shafoati” kitobi asosida ilmiy ma’ruza qildi. Ta’kidlash joizki, kelgusida darslarda faol ishtirok etgan va bilimlarini muvaffaqiyatli namoyish qilgan tinglovchilarga ushbu kitob bo‘yicha maxsus ijoza berilishi rejalashtirilgan.
AlQuranuz
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati