Bugun Xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar o‘z ishini boshladi. Tadbirda UNESCO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi UNESCO milliy komissiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, taniqli olimlar, turli konfessiya vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etmoqda.
Seminar BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 20 oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq belgilangan “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020 yil 21 dekabrda qabul qilingan rezolyutsiya asosida nishonlanadigan “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” munosabati bilan tashkil etildi.
Tadbirlar haftaligi joriy yilning 3–5 fevral kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – tinchlik va barqarorlik omili” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Sa’labiy rahimahulloh aytadilar: “Abu Muhammad Xalil ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mas’ud Muzakkar rahimahullohning bunday deganlarini eshitdim: “Ba’zi ulug‘lardan bunday hikoya keltirilgan:
“Mansur ibn Ammor aytadi: “Bir xaroba joyga kirdim. U yerda qo‘rquv bilan namoz o‘qiyotgan yigitni ko‘rdim. Ichimda: “Albatta, bu yigitda bir gap bor. Ehtimol, u Alloh azza va jallaning valiy do‘stlaridan bo‘lsa”, dedim. Namoz o‘qib bo‘lgunicha kutib turdim. Namozidan salom bergach, unga salom berdim. U alik oldi. Unga: “Jahannamda bir vodiy borligini bilmadingiz-mi? Alloh taolo u haqida bunday degan:
كَلَّا إِنَّهَا لَظَى
“Yo‘q! Albatta u (jahannam) kuchli alangadir”.
نَزَّاعَةً لِّلشَّوَى
“Boshning terisini sidirib oluvchidir”. (Bosh terisi shilib olingan do‘zaxiyga Alloh taolo yana yangi teri ato etadi. Jahannam o‘ti esa yana uni shilib oladi va shu tariqa to‘xtovsiz davom etaveradi.)
تَدْعُو مَنْ أَدْبَرَ وَتَوَلَّى
“U chaqiradir; orqaga ketgan va yuz o‘girganni” (Maorij surasi, 15-17-oyatlar).
Oyatni eshitgan yigit chuqur nafas oldi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi, oh tortdi-yu, hushidan ketdi. O‘ziga kelganda, menga: “Yana Qur’on oyatidan o‘qib bering!” dedi. Men:
وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ
“Yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan” (Baqara surasi, 24-oyat) degan oyatni o‘qidim. Oyatni eshitishi bilanoq joni uzilib, yerga yiqildi.
Libosini ko‘tarib, ko‘ksini ochsam, ko‘kragi ustiga:
فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ
“Bas, u rozilik hayotidadir”
فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ
“Oliy jannatdadir”
قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ
“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqoh surasi, 21-23-oyatlar) degan oyatlar yozilganini ko‘rdim.
Kech bo‘lgach, uyquga yotdim. Tushimda uni to‘shak ustida, boshiga toj kiyib o‘tirgan holda ko‘rdim. Undan: “Alloh taolo seni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u: “U Zot menga Badr ahlining savobini berdi va yana ziyoda qildi”, deb javob berdi. Men yana undan: “Nega senga ularning savobi mislicha savob berdi?” desam, u: “Chunki ular kofirlarning qilichlari bilan o‘ldirildilar. Men esa Malikul G‘afforning qilichi bilan o‘ldirildim”, deb javob berdi.
Ushbu qissani olim Yofi’iy “Rovzur rayohiyn fiy hikayatis solihiyn” kitobida keltirgan.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan