Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q demasdilar.
Kimga mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: “Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).
Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sallallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shohlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.
Saxovat – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:
Buki sanga Tengri ato ayladi,
Qism karam birla saxo ayladi.
Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,
Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.
Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".
Saxiyning Allohga yaqinligi masofa ma’nosida emas, balki Allohning rahmati va savobiga yaqinlik ma’nosidadir. Zero, Alloh taolo makon va zamondan pok Zotdir.
Odamlarga yaqin bo‘lishi deganda, ularning muhabbati, hurmati va e’zozi kabi ma’naviy yaqinlik ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘rinda ham makon jihatidan yaqinlik maqsad qilinmagan.
Jannatga yaqinlikdan murod masofa bo‘lishi mumkin, bu joizdir. Chunki kishi o‘z molidan Alloh taolo roziligi uchun loyiq joylarga mo‘l-ko‘l sarf qilish bilan jannat yo‘lini tutgan hisoblanadi. Hadisi shariflarda jannat atrofi qiyinchilik va mashaqqat, do‘zax atrofi esa shahvat va ma’siyat pardalari bilan o‘ralgani aytiladi. Kishi amali tufayli do‘zaxdan uzoq bo‘lib, jannatga yaqin bo‘ladi yoki aksincha.
Insonning jannatga yaqinlashuvi jannat bilan o‘zi orasidagi pardalarni ko‘tarishi demakdir. Xayrli amallar, xususan, Alloh taolo rizosi yo‘lida qilingan sarf-xarajatlar ana o‘sha pardalarni ko‘tarishini olimlar bayon etganlar.
Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.
Alloh taolo aytadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).
Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.
Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.
Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.
Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi.
Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.
Albatta, Ramazon xayru ehson oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”, deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.
Rabbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi. Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hayoning lug‘aviy ma’nosi – xatti-harakatning nojo‘yaligidan qalbning uyalishi va xijolat chekishidir. So‘fiylar istilohida esa hayo ko‘ngilning xijolat tortib ibo bilan qiynalishidir.
Tasavvuf ahlining imomi Junayd Bag‘dodiy quddisa sirruhu hayoga shunday ta’rif beradilar:
“Hayo – bu bir tomoni Allohning cheksiz ne’matlari mushohadasidan, ikkinchi tomoni ularning shukrini bajo etishdagi o‘zining ojizligini anglashdan kelib chiqadigan tuyg‘udir. Yana “Allohning oldidagi barcha burchimni bajarayapman” degan da’vodan voz kechish ham hayoning alomatidir. Hayo turlicha bo‘ladi:
1. O‘zining gunohkorligi sabab vujudga keladigan hayo. Naql qiladilarki, Payg‘ambar Odam alayhissalom qaytarilgan mevadan yeb qo‘yganlaridan so‘ng beqaror bo‘lib har tomon yugura boshlabdilar. Shunda Alloh:
– Mendan qochmoq uchun yuguryapsanmi? – deb so‘raganida otamiz:
– Yo‘q, Sendan hayo qilganim uchun... – deb javob qaytaribdilar.
2. O‘zining ojizligi va nomunosibligi e’tirofidan zohir bo‘lgan hayo.
Buning misoli farishtalarning Allohning oldida qilgan izhori ojizliklariga o‘xshashdir:
“Senga bandaligimizni munosib suratda ado etolmadik...”
3. Ulug‘lash sababli hayo.
Bu Allohdan uyalgani uchun yuzlarini qanotlari bilan berkitib olgan farishta Isrofil (alayhissalom)ning hayosi kabidir.
4. Oliyjanoblik tufayli hayo.
Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hazrati Zaynab roziyallohu anhoga uylangach, to‘y ziyofati berdilar. Sahobalar kech tungacha o‘tirib qoldilar. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga biron nima deyishdan hayo qildilar. Shunda “Ahzob” surasining 53-oyati nozil bo‘ldi:
“Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Magar taomga izn berilganida, uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring). Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni yeb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib, (qolib) ketmang. Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor beradir. U esa sizlardan hayo qiladir. Alloh haqni (aytishdan) hayo qilmas. Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang. Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir. Siz uchun Rasulullohga ozor berish va undan keyin uning juftlarini nikohingizga olishingiz hech qachon mumkin emas. Albatta, bunday qilmog‘ingiz Allohning nazdida katta (gunoh)dir”.
Bu oyat hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga munosabat va muomalada ziyraklik va hurmat ko‘rsatish kerakligini hamda u zot sollallohu alayhi vasallamni ziyorat etishda munosib odob, vaqt va mahal bo‘lishini uqtirmoqda. Bu oyatda yana mehmondorchilikning faqat taklifdan keyin bo‘lishi aytilmoqda. Ya’ni uyga taklif etilganlaringizda odob va xushxulqlik bilan kiring va hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan shariat me’yorlari va talablariga rioya qilgan holda muomalada bo‘ling.
“At-Taviyla an-Najmiyya” kitobida aytilgan:
“Siz uchun zarur bo‘lgan barcha muomalani ado etgach, qo‘pollik va ehtiyotsizlik qilmasdan uydan chiqing. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xulqi-hushlari va halimliklari sizlarni U kishi bilan bo‘lgan muomalada bemalol va beparvo qilib qo‘ymasin. Ehtimol, u zot sollallohu alayhi vasallamning kengfe’lliklari mehmonga kelganlarning nazokat va odob doirasidan chiqib ketishlariga sabab bo‘lgandir. Mana shuning uchun ham yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi”.
Hurmatli kishilarni ziyorat etuvchi oqillarning vazifasi kamgaplik va o‘z vaqtida ketishdir, bemavrid, o‘rinsiz kelish, zaruratsiz, keragidan ziyod o‘tirib qolish kabilar esa nodonlik belgisidir.
Oliyjanob kishilarning hayolari haqida Alloh Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
“Va uning oldiga ikkovidan biri hayo bilan yurib keldi” (Qasos surasi, 25-oyat).
Oyatda Shuayb alayhissalomning ikki qizidan birining Muso alayhissalomga murojaat etgan mahaldagi uyatchanligi haqida so‘z bormoqda. Qiz Muso alayhissalomni mehmonga taklif etish niyati borligi sabab, u kishining rad javobi berib qo‘yishi mumkinlidan andisha qilib uyalgan edi.
Hayo mezbon uchun ham lozim bo‘lgan muhim xususiyatlardandir. Bu xildagi hayo ham oliyjanob kishilarning fazilatlariga oiddir.
5. Odob ahlining hayosi.
Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari – hazrati Fotima roziyallohu anhoning bo‘lajak turmushdoshlari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu tabiatan maziylari ko‘p inson bo‘lib, shu sababli qiynalar ekanlar. Masalaning shar’iy tomonini janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘zlari bevosita so‘rashdan hayo qilib, uni sahobi Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu orqali so‘rattirgan ekanlar.
6. Faqirligi sababli hayo.
Bir gal Muso alayhissalom Allohga:
– Menda biror bir dunyoviy ehtiyoj paydo bo‘lgan mahalda uni Sendan so‘rashga uyalayapman, – deganlarida, Alloh u kishiga:
– So‘rayvergin, xamiring uchun tuzmidi yo hatto qo‘ylaring uchun oziqmi, so‘rayvergin! – deb marhamat qilgan ekan.
7. Buyuk mehribon Allohga xos bo‘lgan hayo. Banda Sirot ko‘prigidan o‘tib bo‘lganidan so‘ng uning qo‘liga muhrlangan va ichida esa quyidagi so‘zlar bitilgan bir maktub berilar ekan: “Ne qilgan bo‘lsang, qilding, aybingni oshkor etib, sharmanda qilishdan hayo qilaman. Shu sabab Men seni kechirdim, bemalol jannatga kirishing mumkin!”
Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayoning haqiqatini tushuntirib shunday degan ekanlar: “Allohdan unga munosib bir suratda hayo qilingizlar”. Eshitganlar: “Yo Rasululloh, alhamdulilloh, biz Allohdan hayo qilamiz”, – deganlarida janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarata: “Aytmoqchi bo‘lganim siz o‘ylagan narsa emas. Allohdan unga munosib bir suratda hayo qilish degani – bu banda o‘zining boshi va unga aloqador uzvlar (quloq, ko‘z, til va hokazo)ni, qorni va unga tegishli a’zolar (qalb, oyoq, qo‘l, jinsiy olat va hokazo)ni haromdan saqlamog‘i hamda vujudining foniy ekanligiyu o‘limning haqligini eslab yurmog‘idir. Oxiratni istagan kishi dunyo hayotining ziynatlarini tark etib, oxiratni afzal biladi. Kim shu aytilganlarga muvofiq yashasa, Allohdan munosib suratda hayo qilgani o‘shadir”, – dedilar (Abdulloh ibni Mas’uddan rivoyat qilingan, Termiziy rivoyati).
Bir donishmand aytgan ekan: “Hayo ahli bilan hamnishinlik hayoni jonlantiradi!”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.