Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Yoshlarni aqidaparast oqimlarning ixtiloflaridan asraylik

21.09.2021   1308   6 min.
Yoshlarni aqidaparast oqimlarning ixtiloflaridan asraylik

Bizning Movarounnahr musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) rahmatullohi alayh mazhabi ko'rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O'tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar yozib qoldirganlar. Halqimiz ham shu mazhab asosida diniy ibodatlarni va milliy qadryatlarni amalga oshirib kelgan.

Ammo aqidaparast oqim tarafdorlari diyorimiz musulmonlarining hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o'zlari turli manbalardan o'qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta'limotlariga zid fikrlarni ommaga tarqatib, mo'min-musulmonlar orasida ikkilanishlarni keltirib chiqarishmoqda. Hatto, bu borada boshqalar bilan bahs-munozaralarga ham kirishadilar. Alloh taolo bunday deydi:  (Ey inson!) O'zing (aniq) bilmagan narsalarga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dil – bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur)”, (Isro surasi, 36-oyat).

Mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni, afsuski, suiste'mol qilgan ba'zi yot toifa va ixtilofchi firqalar kishilar o'rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo'ldilar. Buni birinchi bo'lib, o'zini “sof islom ta'limoti himoyachisi” sifatida ta'riflagan oqimlar boshlab berdi. Bu oqimlar o'zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko'rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular hayot mohiyatini hali anglab etmagan, g'o'r yoshlarni o'z ta'siriga torta boshladilar. Chunki umri davomida ma'lum mazhabda ibodat qilib kelgan, ko'p yillik hayot tajribasiga ega bo'lgan keksalarni yo'ldan ozdirish ular uchun mahol edi. Bu oqim dinga e'tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishni shart qilmaydi. Qur'on va hadisdan har kim o'zi mustaqil fatvo olib e'tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da'voni ilgari surdi. Shuningdek, asosiy hujumni masjid imomlarini tanqid va ayblab, soddadil va g'o'r musulmonlarni o'z ortlaridan oson ergashtirdi. Lekin ular o'zlari qilayotgan da'volariga zid ravishda, ”rahnamo”larining fikri va fatvosiga qarab ish tutardilar. Birinchi ixtilof namoz ibodatini ado qilish borasida yuzaga keldi.

Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabida qabul qilinmagan: namozda “Fotiha” surasidan so'ng “omin”ni baland ovoz bilan aytish, “raf'ul-yadayn”, ya'ni rukudan oldin va keyin ikki qo'lini ko'tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar. Natijada mahalliy musulmonlar orasida tamoyillar jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog'lom e'tiqodli mo'min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o'z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar. Ammo ba'zi “ahli ilm”larning masjidda har kim xohlaganicha namoz o'qishi mumkin, keksalarning yoshlar bilan ishi bo'lmasin, asosiysi, qanaqa yo'l bilan bo'lsa ham namoz o'qiyapti-ku, deya ixtiloflarga loqayd munosabatda bo'lishlari oqim tarafdorlari tegirmoniga suv quydi. Ular yangi-yangi ziddiyatlarni avj oldiraverdilar, namozda oyoqni kerib turish, sunnat namozini o'qimaslik, farz namozidan keyin boshqalar sunnatni o'qiyotgan paytlarida o'tirib olib, tasbeh aytish va hokazo yangiliklarni birin-ketin kiritaverdilar.

Musulmonlar “Ahli Sunna val-Jamoa” sifatida biror-bir mazhabga ergashishlari lozim. Ammo ixtilof yuqorida zikr qilingan “ahli ilm”lar o'ylaganidek, faqat namoz masalasida bo'lib qolmadi, balki u mafkuraviy ziddiyatga aylanib ketdi. Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabiga zid tarzda, o'zgalarni kofirga chiqarish, Allohga shirk keltirishda asossiz ayblash kabi buzuq aqidalarni tarqata boshladilar.

Ho'sh, oqim a'zolarining bundan maqsadlari nima edi? Nima uchun kofirlikda ayblash ular uchun kerak bo'lib qoldi? Shu o'rinda dunyodagi qo'poruvchi oqimlar uchun xos bo'lgan va bir-biriga bog'liq ikki illat to'g'risida to'xtalish o'rinli:

  1. Kofirlikda ayblash.
  2. Kofirlarga qarshi kurash – urush e'lon qilish.

Bunday illatlar barcha buzg'unchi oqimlarda uchraydi. Zero, buzg'unchilar o'z tarafdorlarini g'oyaviy jihatdan boshqalardan ajratib olish maqsadida o'ziga ergashmaganlarni kofir deb ayblaydilar. Vaholanki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida odamlarni “kofir” deb haqoratlashdan qaytarib shunday deganlar:  “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir! desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar, (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). (ya'ni, agar kofirlikda ayblovga haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi, basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi).

Buzg'unchi oqimlar insonlar orasida fitna qo'zg'ash, parokandalikni yuzaga keltirish hamda shu orqali o'zlarining g'arazli maqsadlariga erishish uchun turli xil uslub va vositalardan foydalanmoqda. Shulardan biri, ma'lum bir davlatni “kufr diyori” deb atab, u erdan  “hijrat” qilish lozim, shuningdek, bunday “kufr diyorlari”ga qarshi urush olib borish kerak, degan g'oyadir.

Buzg'unchi oqimlarning maqsadlari o'z yurtida tinch va osuda yashab turgan dili pok odamlarning ko'ngliga g'ulg'ula solib, “sizlar noto'g'ri yo'ldasizlar” deb, ularni o'z yurtidan ketib, jangarilarga qo'shilishlari uchun o'ylab topilgan yolg'on yo'l sanaladi. Chunki terrorist oqimlar o'z armiyasini askarlar bilan to'ldirish uchun yoshlar kerak, ular insoniy zahiralarini to'ldirishlari darkor. Binobarin, mazkur buzg'unchi tashkilot a'zolari hijratni o'z qora maqsadlariga mos ravishda talqin qilib, masjidlarda jamoat bilan besh mahal namoz ado etilib turgan, musulmonlar Islom arkonlariga emin-erkin amal qilib kelayotgan mamlakatlarni ham “dorul harb” (urush diyori) yoki “dorul kufr” (kufr diyori)ga chiqarmoqdalar.

Alloh taolo turli buzg'unchi tashkilot va firqalardan, adashgan oqim va zalolat yo'llaridan barchamizni hifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O'zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo'lmish yoshlarimizni turli yot g'oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma'rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin.

Aminjon ISMOILOV,
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   12115   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari